- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
UNITWIN AKADEMIK DIPLOMATIYA VA MADANIYATLARARO MULOQOT PLATFORMASI SIFATIDA
Nurulloh TURAMBETOV (Muallif)Maqolada UNESCOning UNITWIN va UNESCO kafedralari dasturi zamonaviy globallashuv sharoitida akademik diplomatiya, madaniyatlararo muloqot hamda tinchlikni mustahkamlash vositasi sifatida tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi 1992-yilda UNESCO tomonidan universitetlararo hamkorlik mexanizmi sifatida tashkil etilgan ushbu dastur qanday qilib diniy bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini rivojlantiruvchi “yumshoq kuch” kanaliga aylanganini aniqlashdan iborat.
Maqolada UNESCO hujjatlari, Buxoro deklaratsiyasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasidagi Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish bo‘yicha UNESCO kafedrasi materiallari tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston tajribasi akademik diplomatiya va dinlararo hamkorlikning amaliy namunasi sifatida ko‘rib chiqilgan.
Tadqiqot natijalari UNITWIN/UNESCO kafedralari dasturi nafaqat ta’lim va ilmiy faoliyat, balki diplomatik va tinchlikparvarlik vazifalarini ham bajarishini ko‘rsatadi. UNESCO kafedralari dinlararo muloqotni rivojlantirish, global fuqarolikni targ‘ib qilish hamda barqaror xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Maqolada universitetlar va xalqaro akademik tarmoqlar zamonaviy dunyoda tinchlikni mustahkamlash hamda madaniyatlararo o‘zaro tushunishni rivojlantirishning muhim subyektlari ekanligi haqida xulosa qilingan.
50-571652124-07-2026 -
ABUL QOSIM SOID IBN AHMAD AL-ANDALUSIYNING “TABOQOT AL-UMAM” ASARIDA DINSHUNOSLIK MASALALARINING YORITILISHI
Abdurakhmon Anvarjon ogli TURSUNALIYEV (Muallif)Ushbu maqolada XI asr Andalusiya qozisi, mashhur astronom va tarixchi olim Abul Qosim Soid ibn Ahmad al-Andalusiyning hayoti, ilmiy faoliyati hamda uning 1068-yilda yozilgan va bizgacha to‘liq holda yetib kelgan yagona asari “Taboqot al-umam” (Xalqlar tasnifi) asarida zikr etilgan dinlar va diniy guruhlar qiyosiy dinshunoslik nuqtai nazaridan tahlil etilgan. Maqolada avvalo, olimning Toledo ilmiy muhitidagi faoliyati, “Toledo jadvallari” tuzilishidagi ishtiroki hamda unda boshqa dinlarga nisbatan xolis munosabat shakllanishiga sabab bo‘lgan ko‘p millatli ijtimoiy muhit qisqacha tavsiflangan. Tadqiqot birlamchi manba asosida olib borilgan bo‘lib, unda muallifning xalqlarni ilm-fanga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra ikki katta guruhga (birinchi guruh – ilm-fanga e’tibor qaratgan xalqlar, ikkinchisi – ilm-fanga e’tibor qaratmagan xalqlar) ajratish metodologiyasi batafsil yoritilgan.
Maqolada, jumladan, qadimiy “yetti xalq” konsepsiyasi, sobiiylar (Harron shahridagi yulduzga sig‘inuvchilar hamda muallif tomonidan qadimgi xalqlarga nisbatan qo‘llanilgan umumiy toifa)ning asardagi ikki xil ma’nosi, hind xalqining barohimalik va sobiiylik e’tiqodlari, forslarning haniflik, sobiiylik va majusiylik (zardushtiylik) bosqichlari, qadimgi Bobil va Mesopotamiya xalqlarining astral-diniy qarashlari, shuningdek Namrud va Germes (Idris alayhissalom) obrazlari misolida ko‘rsatilgan diniy sinkretizm masalasi ko‘rib chiqilgan. Alohida o‘rinda misrliklarning sobiiylikdan xristianlikka, so‘ngra qisman islomga o‘tish jarayoni, yahudiylarning ilohiy vahiyga asoslangan ilmiy-diniy merosi, rimliklar misolida xristianlikning yoritilishi hamda Andalusiya va arab xalqining islom davridagi ilm-fan taraqqiyotidagi o‘rni tahlil qilingan.
Maqolada, shuningdek, islomgacha bo‘lgan arab qabilalarining diniy xaritasi (astrolatriya va ibtidoiy butparastlik, yahudiylik, xristianlik, zardushtiylik va moniylikning turli qabilalar orasida tarqalishi) tizimlashtirilib ko‘rsatilgan. Tadqiqotda qo‘llanilgan qiyosiy-tarixiy, tipologik, germenevtik hamda tavsifiy tahlil metodlari yordamida Soid al-Andalusiyning manbashunoslik va tarixiy-falsafiy yondashuvi ochib berilgan. Tadqiqot Soid al-Andalusiyning diniy guruhlarga nisbatan xolis, ilmiy-tahliliy va bag‘rikeng yondashuvini, uning turli e’tiqod vakillari bilan bevosita ilmiy muloqotda bo‘lgan Toledo muhitidan ta’sirlangan dunyoqarashini ko‘rsatib beradi hamda “Taboqot al-umam” asarining “milal va nihal” janri va umuman qiyosiy dinshunoslik fanining rivojiga qo‘shgan hissasini baholaydi. Shuningdek, maqolada Soid al-Andalusiyning boshqa yo‘qolgan asarlari (“Javomi’ axbor al-umam”, “Maqolot ahl al-milal van-nihal” va “Isloh harakot al-kavokib”) haqidagi ma’lumotlar ham qisqacha tilga olinib, ularning “Taboqot al-umam” bilan mazmuniy bog‘liqligi ko‘rsatilgan.
Maqola o‘zbek dinshunosligida ushbu asar bo‘yicha yozilgan birinchi maxsus tadqiqotlardan biri sifatida ilmiy yangilikka ega bo‘lib, “Taboqot al-umam”ni o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilish zaruratini ham ta’kidlaydi.
57-651561114-10-2026
