- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
ABUL MAOLIY MUHAMMAD IBN UBAYDULLOHNING “BAYONUL ADYON” ASARI – SHARQ QIYOSIY DINSHUNOSLIGI MANBASI SIFATIDA
Mumin Mirzo ABDUPATTAEV (Muallif)Mazkur maqola XI asrda Xurosonda yashagan olim Abul Maoliy Muhammad ibn Ubaydulloh Husayniy Alaviyning fors tilidagi ilk qiyosiy dinshunoslik asari hisoblangan «Bayonul adyon» tahliliga bag‘ishlangan.
Muallif Abul Maoliy Muhammad ibn Ubaydullohning hayoti haqida manbalarda ma’lumotlar cheklangan bo‘lsa-da, asarning mazmuni va unda keltirilgan ayrim ma’lumotlar olimning G‘aznaviylar saroyiga yaqin, jamiyatda yuksak mavqega ega va chuqur ratsionalistik tafakkurli olim bo‘lganini ko‘rsatadi. Asarda muallifning turli din va firqalarni xolis tahlil qilishi, ayniqsa, “73 firqa” hadisi asosida islomdagi guruhlarni tasniflash uslubi ko‘rib chiqilgan. Maqolada Abul Maoliyning o‘zi sunniy-hanafiy an’anasiga mansubligi asardagi fiqhiy va aqidaviy ishoralar orqali dalillangan.
Maqolada asarning qo‘lyozma nusxalari taqdiri, xususan, eronlik mashhur muarrix Abbos Iqbol Ashtiyoniy tomonidan amalga oshirilgan ilk tanqidiy nashr va keyinchalik Muhammad Taqiy Donishpajuh tomonidan asarning to‘liq nusxasi topilishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlar ham batafsil bayon etilgan. «Bayonul adyon» asari umumiy besh bobdan iborat bo‘lib, u nafaqat diniy ta’limotlar, balki XI asr musulmon dunyosining geografik va antropologik tasavvurlarini ham o‘zida aks ettiradi. Ayniqsa, muallifning turli xalqlar, jumladan, islomdan avvalgi turklar va hindlarning iloh haqidagi tasavvurlari borasidagi kuzatuvlari diqqatga sazovordir. Asar fors tilining eng go‘zal va nodir namunalaridan biri sifatida islom mazhablari tarixi (maqolot) an’anasida o‘chmas iz qoldirgan.
Shuningdek, “Bayonul adyon” asarining manbalari sifatida Abu Zayd Maqdisiy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad ibn Horun Varroq va Abul Hasan Muhammad ibn Yusuf Amiriy Nishopuriy kabi mutafakkirlarning asarlari ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqot yakunida asarning besh bobdan iborat tarkibi, undagi islomdan oldingi dinlar (zardushtiylik, yahudiylik, nasroniylik) hamda g‘ayriilmiy da’volar bilan chiqqan soxta payg‘ambarlar haqidagi ma’lumotlarning ahamiyati ochib berilgan.
43-492742624-07-2026
