- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
ISLOM TA’LIMOTIDA INSON SALOMATLIGI VA MUSULMON MAMLAKATLARIDA SHIFOXONALAR EVOLYUTSIYASI
Lazizaxon Abbasovna ALIDJANOVA, Lazzat Kasymbekovna RYSBEKOVA (Muallif)Jahonda sodir bo‘layotgan global jarayonlar insonning ruhiy va jismoniy salomatligi masalasiga uyg‘un holda yondashuvni talab etmoqda. Zamonaviy tibbiyot amaliyotida diniy ta’limotlarga asoslangan tibbiy-ruhiy muolajalar orqali mavjud muammolarga yechim topish mumkin. Jahon dinlaridan hisoblangan xristianlik va islom ta’limotida ko‘p mingyillik tarix davomida insonning nafaqat ma’naviy, balki tibbiy salomatligi masalasini ham tartibga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan va ular hayotga tatbiq qilib kelinmoqda. 2020-yil dunyoda yuz bergan COVID-19 bilan bog‘liq pandemiya sharoitida tibbiy muolaja bilan birgalikda, ruhiy-psixologik davolash jarayonlarining ommalashuvi diniy tibbiyotning ahamiyatini oshirdi. Shu jihatdan, ularning inson salomatligi masalalariga doir e’tiqodiy-ijtimoiy asoslarini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Islom ta’limotiga ko‘ra, har bir inson o‘z umri davomida bir qancha sinovlardan, jumladan, hosildorlik, qurg‘oqchilik, befarzandlik, boylik va boshqa yo‘llar bilan sinovdan o‘tadilar. Alloh tomonidan yuborilgan eng katta sinovlardan biri bu inson salomatligi va bemorligidir. Bu kabi sinovli kasalliklardan biri vabo bo‘lib, bu kasallik insoniyat tarixida katta jamiyatlarga ulkan tahdidlar solgan. XXI asrga kelib, Yer yuzida katta xavf solgan COVID-19 ham shu kabi vabo kasalligidandir. Shunga ko‘ra 2020-yil 10-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4668-son Prezident qarorida “Salomatlik, osoyishtalik, insonlarga qaratilgan tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatishni ta’minlash, tibbiy-sanitariya xizmatlari sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan yalpi qamrab olishni kengaytirish hamda iste’molchilarga o‘z sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish borasida ongli tanlov uchun imkoniyatlar yaratishda xalq tabobatining salohiyatidan foydalanish” belgilab qo‘yildi.
Islom ta’limotida inson hayoti davomida uchraydigan barcha muammolarning yechimi ochiq bayon etilgan. Shuningdek, kasallik Alloh tomonidan berilganidek, uning shifosi va davosini ham Alloh taoloning o‘zi beradi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning o‘zi” (Shuaro surasi, 80-oyat). Shuningdek, kasallikdan saqlanish usullari ham Muhammad (s.a.v.) tomonidan Tibb an-Nabaviyda ochiq yoritib berilgan. Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.)dan shunday deyayotganini eshitdim: “Idishlarning ustini yopib qo‘yinglar, suv meshlarni og‘zini mahkamlanglar, chunki yilning bir kechasida vabo tushadi. U usti yopilmagan idishlar va og‘zi ochiq meshlarga albatta tushadi” (Imom Muslim va imom Bayhaqiy rivoyati).
Ushbu maqolada islom ta’limotida inson salomatligi va musulmon mamlakatlarida shifoxonalar tarixi va evolyutsiyasi jarayonlari tadqiq etilgan.
47-582572218-07-2026 -
SALJUQIYLAR DAVRI TARIXI YORITILGAN O‘RTA ASRLARGA OID MANBALAR TAHLILI
Pirnazar Sardor o‘g‘li RAJAPOV (Muallif)Ushbu maqolada saljuqiylar davri tarixi yoritilgan o‘rta asr manbalari tahlil qilingan. Mazkur manbalar musulmon va xristian tarixchilar tomonidan arab, fors, turkiy, yunon, gruzin, arman va suryoniy tillarida yozilgan. Tahlil jarayonida asar muallifi va u yashagan davr ilmiy muhiti, manba yozilgan til, asarning tarkibi va umumiy mazmuni, bugungi kunda manbaning zamonaviy nashrlari va tarjimalari kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Tahlil qilingan asarlarning aksariyatini arab va fors tilidagi manbalar tashkil etadi. Saljuqiylar davri tarixi yoritilgan turk tilidagi o‘rta asr manbalari deyarli uchramaydi. Vizantiya manbalari esa Buyuk Saljuqiylarning tarixi bilan faqatgina Anadolu fathi nuqtai nazaridan bog‘liqdir. Shunga qaramay, Vizantiya manbalari Anadolu Saljuqiylari davri tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Gruzin manbalarida esa nafaqat saljuqiylarning Kavkazga harbiy yurishlari, balki Anadoluda aholining turkiylashuv jarayonlari va saljuqiy turklar haqida yorqin ta’rif va ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, Anadoluda yashagan arman va suryoniy mualliflarning bevosita tarixiy hodisalarda ishtirok etishi ularga saljuqiy turklar haqida to‘g‘ri va xolisona ma’lumotlar berish imkonini bergan.
Saljuqiylar davri Islom tarixining uch asrini qamrab olgan boʻlsa-da, bu davrda Islom sivilizatsiyasida erishilgan yutuqlar to‘laqonli ochib berilmagan. Buning sababi saljuqiylar davri tarixi yoritilgan manbalarning salmog‘i bilan bog‘liq. Darhaqiqat, saljuqiylar hukmronligining muhim voqealarga boy bo‘lgan dastlabki davri, ya’ni XI-XII asrlarga oid manbalar keyingi asrlardagi manbalarga nisbatan kamroq. Buning ustiga XI-XII asrlarda yozilgan tarixiy asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmagan.
38-462181916-07-2026
