- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
“HIBATU-L-HAQOYIQ”DA KELGAN BILIM MAVZUSIDAGI TO’RTLIKLARNING MAZMUNIY VA SHAKLIY TAHLILI
Abdulazizkhan NIG‘MONOV (Muallif)Inson hayotiga shakl bergan, uning yashashi va prinsiplarini belgilab bergan eng muhim unsur insoniy qadriyatlardir. Jamiyat a'zolarining hayotida muhim o'rin egallagan qadriyatlar, ta'lim-tarbiya jarayonida ham muhim kategoriya holiga kelgan. Bugungi kunda dunyo ta'lim tizimida har bir jamiyatni bir orada tutgan va tarixan shakllangan qadriyatlarini yosh avlodga yetkazish ustuvor vazifalardan biriga aylanganini ko'rishimiz mumkin. O'zbekiston ta'lim-tarbiya tizimining eng old vazifalaridan biri ham milliy, ma'naviy, madaniy, insoniy va axloqiy qadriyatlarni yosh avlodga yetkazish va ularda bu qadriyatlarni shakllantirishdir. Shu nuqtai nazardan qaraganda bugungi axborot almashinuvi jadal kechayotgan, kundan kunga yoshlar ongi uchun kurash avj olayotgan davrda bu qadriyatlarni yoshlarga yetkazish va ularda milliy-ijtimoiy qadriyatlarni shakllantirishning ahamiyati yanada ortmoqda. Jamiyatning mavjudligi ana shu qadriyatlarning barqaror va bardavomligiga bog'liqligi, shubhasizdir. Prezidentimiz tomonidan maʼrifatparvar olim Mahmudxoʼja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʼi maktabdir” degan fikriga alohida urgʼu berganligi va umumiy oʼrta taʼlim tizimida “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligini taʼkidlagani bejiz emas. O'zbek jamiyatida oiladan boshlangan qadriyatlar tarbiyasini, tizimli ravishda o'rta va oliy ta'lim tizimida davom ettirilishi sog'lim va ma'nan yuksak naslning shakllanishi uchun zarur bo'lib bormoqda. Ta'limda yoshlarning faqatgina bilim olish va ko'nikmalarni shakllantirishga e'tibor qaratilishi jamiyat ma'naviy-ijtimoiy qadriyatlarini saqlanib qolishiga, milliy o'zlikka xavf tug'diradi. Natijada jamiyat xudbin, axloqsiz, ma'nan qashshoq a'zolar sonining ortishi bilan tanazzulga yuz tutib boradi. Shu jihatdan olib qaraganda ta'limda bilim va ko'nikma naqadar zarur bo'lsa, milliy-ma'naviy, diniy, axloqiy, insoniy va ijtimoiy qadriyatlar tarbiysi ham shu qadar zarurdir.
Ushbu maqolaning asosiy mavzusi ham ana shunday asarlardan biri bo'lgan "adiblar adibi, fozillar boshi" deya ulug'langan adib Ahmad Yugnakiy tomonidan uzoq yillik ta'lim-tarbiya natijasida qalamga olingan va pandnoma ruhidagi "Hibatu-l-haqoyiq" asarida aks etgan qadriyatlardan ayrimlarini tahlil etish va ta'lim-tarbiya jarayonida qo'llanilishini baholashdan iboratdir. Bunda asosiy e'tiborimizni har qanday qadriyatning o'zagi bo'lgan bilim va uning qiymatini, bilimlilik targ'ibi va foydalarini o'zida ifodalagan to'rtliklarga qaratamiz. Zero, axloq va odob, ijtimoiy qadriyatlarning avloddan avlodga ko'chishi bilimga e'tibor berilgan jamiyatdagina bardavom bo'ladi.
O'zida xalqimizning uzoq yillik ma'naviy-ijtimoiy qadriyatlarini, inson kamoloti borasidagi qarashlarini ifodalagan to'rtliklarning bugungi kun ta'lim-tarbiya jarayonida qo'llanilishi va kelajak nasllarning ham ulardan foydlanishi jamiyatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
73-812672316-07-2026
