- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
FIQHIY MAZHABLARDA OHOD XABARNING HUJJAT SIFATIDAGI O‘RNI
Nigora Alisherovna KHAKIMOVA, Soliha Obidjon qizi YODGOROVA (Muallif)Mazkur maqolada ohod xabar tushunchasi va uning fiqhiy mazhablarda hujjat sifatidagi o‘rni va uni qabul qilishdagi metodologik mezonlar ilmiy-nazariy jihatdan keng qamrovli tahlil qilingan. Ohod xabar (xabar al-vohid) islom huquqi manbalari tizimida zonniy (ehtimoliy) dalil sifatida baholanishiga qaramay, amaliy-shar’iy hukmlarni chiqarishda muhim o‘rin egallashi ilmiy asoslab berilgan. Tadqiqotda hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarining ohod xabarni qabul qilish mezonlari va metodologik yondashuvlari qiyosiy tahlil qilingan. Ohod xabarni qabul qilishning beshta ittifoq qilingan sharti (roviyning musulmon, oqil, adolatli, rostgo‘y va zabt sohibi bo‘lishi) hamda hanafiy va molikiylarning qo‘shimcha talablari batafsil yoritilgan. Molikiylar Madina ahli amaliyotiga (amal ahli Madina) zid bo‘lgan xabarlarni rad etgan bo‘lsalar, hanafiylar xabarning umum al-balvo (har bir musulmonga tegishli masala bo‘lib uning hukmini bilishga butun jamiyat muhtoj bo‘lishi) doirasida bo‘lmasligi, roviyning faqih bo‘lishi, rivoyatning qat’iy sobit bo‘lgan shar’iy asoslarga zid bo‘lmasligi kabi qo‘shimcha shartlarni ilgari surganlar. Shofeiy va hanbaliy mazhablari esa sahih isnodni asosiy shart deb bilgan holda, ohod xabarni nisbatan kengroq doirada qabul qilganlar.
Shuningdek, maqolada ahli ra’y va ahli hadis maktablari o‘rtasidagi metodologik farqlar atroflicha yoritilgan. Ohod xabarning qiyos bilan o‘zaro munosabati, xususan, hanafiy mazhabida Karxiy va Dabusiy o‘rtasidagi roviy faqihligi haqidagi nazariy ixtiloflar tahlil qilingan. Tadqiqot davomida, mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarning hadisni inkor etishdan emas, balki uni talqin qilish va huquqiy dalil sifatida qo‘llashdagi yondashuvlardan kelib chiqqani asoslab berilgan.
Natijada, ohod xabar islom huquqi manbalari tizimida muhim dalil sifatida o‘z o‘rniga ega ekani va mazhabdagi tafovutlar fiqhiy qarashlarning boyligini namoyon etishi xulosa qilingan.
17-222642324-07-2026 -
ARAB TILSHUNOSLIGIDA MAONIY ILMIGA XOS QARASHLAR
Salima RUSTAMIY (Muallif)Dunyoda o‘rta asr olimlarining tilga oid nazariy va amaliy masalalarni qamrab olgan tilshunoslikka oid qarashlari adab ilmlari tarkibida lug‘at (leksikologiya), sarf (morfologiya), nahv (sintaksis), balog‘at ilmlari kabi sertarmoq va murakkab ilmiy nazariyalar majmui sifatida ravojlanib, uning o‘rganish ob’ekti til, til hodisalari va til ifodasi bo‘lgan nutqdan iborat bo‘ldi. Til – murakkab ramzlar tizimi sifatida baholandi. Til hodisalarini nazariy o‘rganish jarayonlarida G‘arb lingvistika maktablari tilning kommunikativ, kognitiv, nominativ va akkumulyativ funksiyalariga e’tibor qaratdi, shu bois G‘arb olamida sotsiolingvistika, psixolingvistika, etnolingvistika, antropolingvistika kabi sohalar rivojlandi. Islom uyg‘onish davrida tilshunoslarni ko‘proq tilning emotsional-ekspressiv, ya’ni volyuntativ funksiyasi qiziqtirib, til hissiy-ruhiya ta’sir vositasi sifatida chuqur o‘rganildi. Natijada tilning estetik ta’siri va badiiy tuzilishi haqidagi nazariy qarashlar arab dunyosida balog‘at ilmining vujudga kelishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Bugungi kunda jahon tilshunosligida balog‘at ilmining tarixi, tuzilishi, ahamiyati, istilohlar ma’nosi, badiiy vositalarning qo‘llanish usullarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Tadqiqotchilar oldida balog‘at ilmining nazariy asoslari, uning adab ilmida tutgan mavqei, zamonaviy usullar yordamida balog‘at ilmlari tipologiyasini amalga oshirish vazifasi turgan bo‘lib, uning yechimi ilmiy-adabiy qarashlar tizimini anglashga xizmat qiladi.
Maoniy ilmida kalomning xabar (خبر) va insho (إنشاء) xususiyatlari talqini, musnad (مسند) va musnad ilayhi (مسند إليه) munosabatlari va ularning ifodalanish tarzlari, qasr (قصر) usulining ma’no xoslash xususiyatlari, fasl (فصل) va vasl (وصل) usullarida stilistik va semantik bog‘lanish tartibi, ma’noni iyjoz (إيجاز), itnob (إطناب), musovat (مساواة) usullarida shakllantirish xususiyatlari balog‘at ilmi haqidagi qarashlar asosida tadqiq qilingan. Maoniy ilmida kalomning musnad va musnad ilayhi ruknlari, ularning xossalari haqidagi to‘liq ma’lumot beriladi. Maqolada maoniy ilmi haqida yuqorida ta’kidlangan xabar, insho, musnad va musnad ilayhi masalalari tahlil qilingan.
4-122953420-07-2026 -
DEZINFORMATSIYA AXBOROT PSIXOLOGIK TA’SIR USULI SIFATIDA (ZAMONAVIY XORIJIY TADQIQOTLAR ASOSIDA)
Azamat IBRAKHIMOV, Zuhra IBRAKHIMOVA (Muallif)Mazkur maqolada ayni vaqtda eng dolzarb muammoga aylangan – dezinformatsiya axborot psixologik ta’sir vositasi sifatidagi ilmiy xulosalar zamonaviy xorij tadqiqotlari asosida tadqiq qilingan. Ommaviy axborot vosita(OAv)lari tomonidan berib borilayotgan ma’lumotlar amalda o’z mazmunidan ajrab, ta’sir o’tkazish vositasiga aylanib qoldi. Hayotning nihoyatda jadal suratlari, OAvlari xabar qiladigan voqealarni o’rganishga vaqtning yo’qligi, ba’zida esa bu xabarlarni tahlil etishga shaxs malakasining yetishmasligi shunday holga keldiki, keng auditoriya materiallarni axborot kanallari qay tarzda taqdim etsa, shu zaylda qabul etmoqdalar. Maqolada «dizinformatsiya»ning media muhitda hosil qilinishi, tarqalishini va ularning kognitiv(bilish) jarayonlariga ta’sirini nazariy anglashga harakat qilingan. “Dezinformatsiy” (Misinformation) atamasini keng ma’nosini to’liq ochib berishga va shuningdek, uning inson ongiga qay darajada ta’sir qilishi va psixologik xususiyatlari tadqiq qilingan. Agar “dezinformatsiya” atamasini nazariy tadqiq etadigan bo’lsak - bu stilistik nuqtayi nazaridan haqiqiydek hosil qilingan xabar bo’lib, aslida esa qisman yoki to’liq yolg’on bo’lib, insonlarni manipulyatsiya qilish uchun hosil qiligan soxta xabarlardir. Yolg’on va haqqoniy xabarlar; vaqt va makon haqiqiyligi nuqtayi nazaridan ma’lumotning haqqoniyligi; yangiliklarning muallifi va manbasi nuqtayi nazaridan; xabarlardagi esga olinuvchi shaxslar nuqtayi nazaridan; yangilikni vujudga keltiruvchi psixologik maqsadlardan kelib chiqqan holda; «yangilik»ni qabul etilishi; dezinformatsion (feyk xabarlar) ma’lumotlarning natijasida inson kognitiv jarayonlari holati va o’zgarishi natijasida feyk xabarlar klassifikatsiyasini taqdim etaman deganidir. Maqolada internet manbaalar va turli OAv dan yaqqol misollar bilan keltirilgan. “Feyk xabarlar” ning oldini olish va ularni neytralizatsiya qilish uchun psixologik ma’lumotlar keltirilgan. Olingan natija va xulosalardan talabalar, psixolog va sotsiologlar, shuningdek, OAvlari xodimlari foydalanishlari ko’zda tutilgan. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning jadal rivojlanishi fеyk xabarlarning global miqyosda yoyilishiga keng imkon yaratmoqda va bu o’z navbatida axborot xavfsizligi sohasidagi tadqiqotlarning dolzarblgini oshirmoqda.
183-1922703203-07-2026 -
MUSULMОN DINSHUNОSLIGIDА ISRОILIYОT QISSАLАRINING TАDQIQ ETILISHI
Dilorom MUMINJONOVA (Muallif)Dinshunoslik gumanitar fanlar qatoridagi insoniyatning madaniy, maʼrifiy tarixini o‘z ichiga olgan ilmlar qatoriga kiradi. Dinshunoslik fanining yirik tarmog‘i hisoblangan qiyosiy dinshunoslik sohasi nafaqat G‘arbda, balki, o‘rta asr Sharqida ham alohida o‘rganilgan va bu fanning ilk asoschilari aynan Sharq zaminidan yetishib chiqqan. Sharq musulmon jamiyatida, dinlarni qiyosiy o‘rganishdagi omillardan biri, rost va yolg‘on xabar va rivoyatlarni ajratish hisoblangan. Bu borada ikki xil qarash mavjud bo‘lib, birinchi qarashga ko‘ra, islom dinini haq din ekanligini isbotlash bo‘lsa, keyingi qarashga ko‘ra, islom dini,xususan, Qur’on tafsirlari va hadislarga kirib kelgan isroiliyot rivoyatlarini tekshirish, ularning ishonchliligini aniqlash uchun yahudiylik va xristianlik manbalari o‘rganilgan. Shu sabablarga asoslangan holda, musulmonlar tomonidan yozilgan asarlarda isroiliyot qissalari tadqiq etilgan.
Ushbu maqolada Qur’on tafsirlari va hadislarni kengroq sharhlash maqsadida yahudiylik va nasroniylik manbalari asosidagi isroiliyot qissalarining kirib kelish sabablari o‘rganilgan. Isroiliyot qissalarining islom dini manblariga kirib kelishining asosiy sababi, Qur’onda zikr etilgan qissalarni kengroq o‘rganish va tahlil qilish hisoblangan. Sahobalar davrida isroiliyot rivoyatlari, Qur’onda keltirilgan qissalarni kengroq tushunish uchun Madinada istiqomat qiluvchi yahudiy va nasroniylardan yoki islom dinini qabul qilgan, dastlab e’tiqod qilgan dinlarining muqaddas manblaridan xabardor bo‘lgan musulmonlardan so‘rab o‘rganishlik natijasida kirib kelgan. Tobeinlar davriga kelib, ishonchsiz xabarlar va qissalardan foydalanish natijasida, keyinchalik barcha isroiliyot roviylari tomonidan rivoyat qilingan qissalardan foydalanilgan tafsirlar ishonchlilik darajasini yo‘qotgan. Ammo, bunga qaramasdan yahudiylik, xristianlik va islom dinlarning asosi va ildizlari bir bo‘lganligi sababli, ushbu dinlarning muqaddas manbalarini qiyosiy tahlil etishda isroiliyot qissalari muhim hisoblanadi.
Musulmon olimlari tomonidan isroiliyot qissalari uch qisimga ajratilgan:
- Mavquf xabarlar. Ularning sahihligi Muhammad payg‘ambar (s.a.v) hadislari orqali tasdiq etilgan bo‘lib, bunga misol sifatida Qur’ondagi Muso payg‘ambar bilan solih kishi qissasidagi shaxsning Xizr payg‘ambar ekanligi Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda keltirilgan.
- Sukut qilinadigan xabarlar. Ularning rost yoki yolg‘onligi ma'lum emas. Bu turdagi rivoyatlarni nasihat va ibrat uchun hikoya qilingan. Lekin ularning sahihligiga iymon keltirilmaydi, yolg‘onga ham chiqarilmaydi.
- Inkor etiladigan xabarlar. Bunday xabarlar islom dini aqidasiga zid kelganligi sababli bunday rivoyatlar tasdiq etilmaydi. Bunga misol sifatida, Iso payg‘ambarning xochga mixlangani haqidagi rivoyat.
Maqolada, shuningdek, Qur’on tafsirlarida keng foydalanilgan, isroiliyot qissalari va ularni rivoyat qilgan roviylar haqida ma’lumot berilgan. Bir necha isroiliyot qissalari tadqiq etilgan.
49-582742016-09-2026
