- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINING SIYOSIY KOMMUNIKATSIYA SUBYEKTI SIFATIDA ETNO-MILLIY KONFLIKTLARGA TA’SIRI
Yunusjon Sh. AKHMEDOV (Muallif)Ushbu maqolada polietnik davlatlarning eng asosiy muammosi bo‘lgan milliy va etnik konfliktlar jarayoniga siyosiy kommunikatsiyaning muhim subyekti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos ta’siri turli mamlakatlar misolida qiyosiy tadqiq etilgan. Etno-milliy konfliktlarning barchasi strukturaviy jihatdan bir-biridan farq qilganligi uchun ularni matbuotda yoritish jarayonida yondoshuvlarning qanday bo‘lganligi va ularning natijalari haqida ma’lumotlar taqdim etilgan. Ommaviy axborot vositalarining faoliyati milliy-etnik konfliktlar davomida muayyan qoidalarga asoslanishi lozimligi, aks holda konflikt fazasini o‘zgarishiga jiddiy ta’sir etish mumkinligi solishtirma misollar orqali asoslab berilgan. Postsovet mintaqadagi etno-milliy konfliktlarning kelib chiqishidagi o‘zaro o‘xshashlik misolida ommaviy axborot vositalarining ulardagi ishtirokining salbiy jihatlari, ayrim mamlakatlardagi matbuotda konfliktogen xususiyatga ega ma’lumotlarning e’lon qilinishi oqibatida milliy va etnik barqarorlikka bo‘layotgan tahdidlar qiyosiy tahlil qilingan.
Maqolada ommaviy axborot vositalarining polietnik mamlakatlardagi milliy barqarorlikka destruktiv ta’sir o‘tkazmasliklari uchun amal qilishi mumkin bo‘lgan ba’zi tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularga rioya qilish orqali etno-milliy muhitni sog’lomlashtirish imkoniyati yuzaga kelishi asoslangan. Polietnik mamlakatlardagi ommaviy axborot vositalarining milliy-etnik konfliktlar davridagi samarali faoliyatidagi o‘ziga xos jihatlar mamlakatlarning hududiy yaxlitligi, siyosiy barqarorligini saqlab qolishga yordam berganligiga alohida e’tibor qaratilgan. Etnik mavzuda axborot yetkazuvchi manbalarning faoliyatida axborot oluvchilar tafakkurida konstruktiv qarashlarni shakllantirishni maqsad qilgan ma’lumotlar yetkazishning ahamiyati, etnojurnalistika prinsiplariga rioya qilishning muhim ahamiyatga ega ekanligi tahlil qilingan.
Polietnik mamlakatlardagi siyosiy tizim elementlarini samarali ishlashi uchun ommaviy axborot vositalarining bajarishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalari mazmuni, ularni amalga oshirishda konfliktogen muhitni yuzaga keltirishdan saqlanishning ahamiyati muhokama qilingan. Ommaviy axborot vositalarining etno-milliy konfliktlarga ta’sirining konstruktiv va destruktiv jihatlariga yondoshuvni ko‘rsatish bilan bir qatorda qanday holatlarda matbuot o‘zining konstruktiv funksiyasini saqlab qolishi mumkinligiga oid takliflar berilgan.
78-862372820-07-2026 -
DINIY VAZIYATNI O‘RGANISH, TAHLIL ETISH VA BAHOLASHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Utkirbek HASANBOYEV (Muallif)Mazkur maqolada “diniy vaziyat” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari, uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda diniy vaziyat tushunchasining zamonaviy dinshunoslik, sotsiologiya va siyosatshunoslikdagi talqinlari o‘rganilib, Pol Tilik, A.N. Leshinskiy, R.A. Lopatkin kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida ushbu tushunchaning mohiyati yoritilgan. Muallif diniy vaziyatni muayyan hudud va davrda din bilan bog‘liq jarayonlarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va madaniy munosabatlar barqarorligiga ta’siri bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy hodisa sifatida tavsiflaydi.
Maqolada diniy vaziyatning obyekti, predmeti, subyektlari, ichki va tashqi omillari tizimli ravishda tahlil qilinib, davlat va din munosabatlari, konfessiyalararo aloqalar, diniy tashkilotlar faoliyati, ommaviy axborot vositalari va internet makonidagi diniy kontentlarning ta’siri yoritilgan.
Tadqiqot davomida diniy vaziyatni monitoring qilish, baholash va tahlil etishning milliy xavfsizlik hamda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Singapurdagi diniy-siyosiy jarayonlarni tadqiq etuvchi ilmiy markazlar faoliyati misol tariqasida keltirilgan. Shuningdek, diniy vaziyat barqarorligini ta’minlashning asosiy omillari sifatida dunyoviylik tamoyilini mustahkamlash, vijdon erkinligini kafolatlash, diniy sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish, ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda radikallashuv va ekstremizmning oldini olish masalalari tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari diniy vaziyatni ilmiy asosda boshqarish jamiyatdagi bag‘rikenglik, fuqarolik birdamligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashning muhim omillaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
23-292683224-07-2026 -
DINIY OZCHILIK SHAROITIDA MUSULMON JAMOALARINING IJTIMOIY INTEGRATSIYALASHUV XUSUSIYATLARI
Odiljon ERNAZAROV (Muallif)Mazkur maqolada diniy ozchilik sharoitida yashayotgan musulmon jamoalarining ijtimoiy integratsiyalashuv xususiyatlari ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda “diniy ozchilik” tushunchasining sotsiologik, siyosiy va dinshunoslikdagi asosiy talqinlari yoritilib, uning xalqaro huquqiy asoslari ham ko‘rib chiqilgan. Muallif musulmon ozchiliklar fenomenining zamonaviy globallashuv sharoitidagi o‘rnini tahlil qilib, Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridagi musulmon jamoalarining integratsion tajribalarini qiyosiy jihatdan o‘rgangan. Xususan, Kanada va AQShdagi musulmon jamoalarining fuqarolik integratsiyasi, multikulturalizm va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishdagi ijobiy tajribalari yoritilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya va Germaniyada musulmonlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faolligi demokratik integratsiyaning muhim ko‘rinishi sifatida baholangan.
Maqolada Fransiya, Hindiston, Xitoy va Myanmadagi musulmon ozchiliklar duch kelayotgan diskriminatsiya, islamofobiya, siyosiy marginalizatsiya, diniy erkinliklarning cheklanishi va identitet inqirozi kabi muammolar ilmiy manbalar asosida tahlil qilingan. Tadqiqot davomida Toriq Modud (Tariq Modood), Xoselina Kesari (Jocelyne Cesari), Xose Kasanova (José Casanova), Yusuf Qardoviy kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida musulmon ozchiliklarning integratsiyasi masalasi yoritilgan. Shuningdek, “fiqh al-aqalliyyāt” konsepsiyasi, inklyuziv sekulyarizm, madaniyatlararo muloqot va fuqarolik integratsiyasi asosida mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari taklif etilgan. Tadqiqot natijalari diniy ozchiliklar integratsiyasi zamonaviy demokratik jamiyatlarda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolik birdamligi va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlovchi muhim omillardan biri ekanini ko‘rsatadi.
30-343244524-07-2026
