Jild 9 № 2 (2026)


Jild 9 № 2 (2026)
Nashr qilingan: 21-07-2026

Maqolalar

МОВАРОУННАҲРДА ФИҚҲ ИЛМИЙ ЙЎНАЛИШЛАРИНИНГ ШАКЛЛАНИШИ ВА РИВОЖЛАНИШИ

Muzaffar Murodovich KAMILOV (Muallif)

Ушбу мақолада Марказий Осиёда ҳанафийлик мазҳаби бошқа исломий мазҳаблар, фирқалар, мактаблар, тариқатлар орасида ўзига хос мавқени эгаллагани таҳлил этилган. Тадқиқ этилган манбалар шуни кўрсатадики, Мовароуннаҳрда IX асрдан бошлаб то XIII аср охиригача ҳанафийлик мазҳабида узлуксиз доимий анъаналар давом этган. Мақолада айнан мана шу жиҳатларга алоҳида урғу қаратилган. Ушбу мақолада мазҳабнинг буюк намоёндалари доираси - муфтийлар, мужтаҳидлар, устозлар, мўътабар матн, асарлар муаллифлари, ўз даврининг кўзга кўринган диний арбоблари шахсиятлари аниқланган. Улар ҳақида маълумотлар тўпланган. Биринчидан, ҳанафийлар анъаналарига суянган ҳолда, иккинчидан, йиғилган маълумотлар таҳлили натижаларига қараб, ушбу мактаблар тарихи бўйича янги илмий хулосалар илгари сурилган.


Мақолада Мовароуннаҳрда шаклланган Самарқанд, Бухоро, Шош, Фарғона, Хоразм ва Устуршана мактабларида етишиб чиққан фақиҳлар тўғрисида библиографий маълумотлар тақдим этилган бўлиб, уларга тегишли асарларнинг минтақа фиқҳ илми ривожидаги аҳамиятига ҳам тўхтаб ўтилган. Мазкур олимларнинг етишиб чиқиши ҳамда улар томонидан ёзилган асарларнинг мусулмон дунёсининг турли минтақаларига тарқалишда муҳим рол ўйнаган минтақадаги сиёсий-ижтимоий ҳолат ҳам таҳлил этилган. Ушбу омиллар Мовароуннаҳр минтақаси XI-XIV асрлар оралиғида ҳанафий мазҳаби ривожланишининг марказига айланишига сабаб бўлгани мисоллар асосида тадқиқ этилган.

4-16
20
14

FIQHIY MAZHABLARDA OHOD XABARNING HUJJAT SIFATIDAGI O‘RNI

Nigora Alisherovna KHAKIMOVA, Soliha Obidjon qizi YODGOROVA (Muallif)

Mazkur maqolada ohod xabar tushunchasi va uning fiqhiy mazhablarda hujjat sifatidagi o‘rni va uni qabul qilishdagi metodologik mezonlar ilmiy-nazariy jihatdan keng qamrovli tahlil qilingan. Ohod xabar (xabar al-vohid) islom huquqi manbalari tizimida zonniy (ehtimoliy) dalil sifatida baholanishiga qaramay, amaliy-shar’iy hukmlarni chiqarishda muhim o‘rin egallashi ilmiy asoslab berilgan. Tadqiqotda hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarining ohod xabarni qabul qilish mezonlari va metodologik yondashuvlari qiyosiy tahlil qilingan. Ohod xabarni qabul qilishning beshta ittifoq qilingan sharti (roviyning musulmon, oqil, adolatli, rostgo‘y va zabt sohibi bo‘lishi) hamda hanafiy va molikiylarning qo‘shimcha talablari batafsil yoritilgan. Molikiylar Madina ahli amaliyotiga (amal ahli Madina) zid bo‘lgan xabarlarni rad etgan bo‘lsalar, hanafiylar xabarning umum al-balvo (har bir musulmonga tegishli masala bo‘lib uning hukmini bilishga butun jamiyat muhtoj bo‘lishi) doirasida bo‘lmasligi, roviyning faqih bo‘lishi, rivoyatning qat’iy sobit bo‘lgan shar’iy asoslarga  zid  bo‘lmasligi kabi qo‘shimcha shartlarni ilgari surganlar. Shofeiy va hanbaliy mazhablari esa sahih isnodni asosiy shart deb bilgan holda, ohod xabarni nisbatan kengroq doirada qabul qilganlar.


Shuningdek, maqolada ahli ra’y va ahli hadis maktablari o‘rtasidagi metodologik farqlar atroflicha yoritilgan. Ohod xabarning qiyos bilan o‘zaro munosabati, xususan, hanafiy mazhabida Karxiy va Dabusiy o‘rtasidagi roviy faqihligi haqidagi nazariy ixtiloflar tahlil qilingan. Tadqiqot davomida, mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarning hadisni inkor etishdan emas, balki uni talqin qilish va huquqiy dalil sifatida qo‘llashdagi yondashuvlardan kelib chiqqani asoslab berilgan.


Natijada, ohod xabar islom huquqi manbalari tizimida muhim dalil sifatida o‘z o‘rniga ega ekani va mazhabdagi tafovutlar fiqhiy qarashlarning boyligini namoyon etishi xulosa qilingan.

17-22
5
5

DINIY VAZIYATNI O‘RGANISH, TAHLIL ETISH VA BAHOLASHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

Utkirbek HASANBOYEV (Muallif)

Mazkur maqolada “diniy vaziyat” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari, uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda diniy vaziyat tushunchasining zamonaviy dinshunoslik, sotsiologiya va siyosatshunoslikdagi talqinlari o‘rganilib, Pol Tilik, A.N. Leshinskiy, R.A. Lopatkin kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida ushbu tushunchaning mohiyati yoritilgan. Muallif diniy vaziyatni muayyan hudud va davrda din bilan bog‘liq jarayonlarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va madaniy munosabatlar barqarorligiga ta’siri bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy hodisa sifatida tavsiflaydi.


Maqolada diniy vaziyatning obyekti, predmeti, subyektlari, ichki va tashqi omillari tizimli ravishda tahlil qilinib, davlat va din munosabatlari, konfessiyalararo aloqalar, diniy tashkilotlar faoliyati, ommaviy axborot vositalari va internet makonidagi diniy kontentlarning ta’siri yoritilgan.


Tadqiqot davomida diniy vaziyatni monitoring qilish, baholash va tahlil etishning milliy xavfsizlik hamda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Singapurdagi diniy-siyosiy jarayonlarni tadqiq etuvchi ilmiy markazlar faoliyati misol tariqasida keltirilgan. Shuningdek, diniy vaziyat barqarorligini ta’minlashning asosiy omillari sifatida dunyoviylik tamoyilini mustahkamlash, vijdon erkinligini kafolatlash, diniy sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish, ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda radikallashuv va ekstremizmning oldini olish masalalari tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari diniy vaziyatni ilmiy asosda boshqarish jamiyatdagi bag‘rikenglik, fuqarolik birdamligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashning muhim omillaridan biri ekanini ko‘rsatadi.

23-29
11
6

DINIY OZCHILIK SHAROITIDA MUSULMON JAMOALARINING IJTIMOIY INTEGRATSIYALASHUV XUSUSIYATLARI

Odiljon ERNAZAROV (Muallif)

Mazkur maqolada diniy ozchilik sharoitida yashayotgan musulmon jamoalarining ijtimoiy integratsiyalashuv xususiyatlari ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda “diniy ozchilik” tushunchasining sotsiologik, siyosiy va dinshunoslikdagi asosiy talqinlari yoritilib, uning xalqaro huquqiy asoslari ham ko‘rib chiqilgan. Muallif musulmon ozchiliklar fenomenining zamonaviy globallashuv sharoitidagi o‘rnini tahlil qilib, Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridagi musulmon jamoalarining integratsion tajribalarini qiyosiy jihatdan o‘rgangan. Xususan, Kanada va AQShdagi musulmon jamoalarining fuqarolik integratsiyasi, multikulturalizm va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishdagi ijobiy tajribalari yoritilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya va Germaniyada musulmonlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faolligi demokratik integratsiyaning muhim ko‘rinishi sifatida baholangan.


Maqolada Fransiya, Hindiston, Xitoy va Myanmadagi musulmon ozchiliklar duch kelayotgan diskriminatsiya, islamofobiya, siyosiy marginalizatsiya, diniy erkinliklarning cheklanishi va identitet inqirozi kabi muammolar ilmiy manbalar asosida tahlil qilingan. Tadqiqot davomida Toriq Modud (Tariq Modood), Xoselina Kesari (Jocelyne Cesari), Xose Kasanova (José Casanova), Yusuf Qardoviy kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida musulmon ozchiliklarning integratsiyasi masalasi yoritilgan. Shuningdek, “fiqh al-aqalliyyāt” konsepsiyasi, inklyuziv sekulyarizm, madaniyatlararo muloqot va fuqarolik integratsiyasi asosida mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari taklif etilgan. Tadqiqot natijalari diniy ozchiliklar integratsiyasi zamonaviy demokratik jamiyatlarda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolik birdamligi va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlovchi muhim omillardan biri ekanini ko‘rsatadi.

30-34
9
12

ЯНГИ ЎЗБЕКИСТОННИНГ ТИББИЁТ СОҲАСИДА ДУНЁВИЙ ТАМОЙИЛЛАРНИ АМАЛГА ОШИРИШНИНГ АЙРИМ ЖИҲАТЛАРИ

Lazizakhon Abbasovna ALIDJANOVA (Muallif)

Ушбу мақолада Янги Ўзбекистоннинг тиббиёт соҳасида дунёвий тамойилларни амалга оширишнинг айрим жиҳатлари тадқиқ қилинган. Ўзбекистон Республикаси Конституцияси ҳамда қонунчилик ҳужжатларида фуқароларнинг виждон эркинлиги, дин ва давлатнинг ажратилганлиги, жамиятда конфессиялараро тотувликни таъминлаш каби қадриятлар мустаҳкам ўрин олган. 2025 йилда қабул қилинган “Ўзбекистон Республикасида фуқароларнинг виждон эркинлигини таъминлаш ва диний соҳадаги давлат сиёсати концепциясини тасдиқлаш тўғрисида”ги ЎРҚ-1037-сон Ўзбекистон Республикаси Қонуни эса ана шу тамойилларни изчил равишда амалга оширишда ҳуқуқий, маъмурий ва ахлоқий механизмларни белгилаб берувчи муҳим стратегик ҳужжат ҳисобланади. Ушбу концепциянинг 6-боби тўлиқ ҳолда дунёвий давлатни ривожлантиришнинг устувор йўналишларига бағишланган бўлиб, унинг 4-параграфида тиббиёт соҳасига оид дунёвий тамойилларни амалга оширишга алоҳида урғу берилган. Шу асосда, тиббий тизимда дунёвийликни мустаҳкамлаш масаласи нафақат ҳуқуқий, балки ахлоқий, илмий ва маданий нуқтаи назардан ҳам ўта долзарб масала сифатида вужудга келмоқда.


Тиббиёт соҳасида дунёвийлик тушунчаси, умумий қилиб айтганда, тиббий хизмат кўрсатиш жараёнида фуқароларнинг соғлиқни сақлаш ҳуқуқларини ҳурмат қилиш, тиббий-одоб меъёрларига амал қилиш ва барча қарорлар илмий далилларга таянишини таъминлашга йўналтирилган. “Дунёвийлик” тушунчаси бу ерда динсизликни эмас, балки ҳар қандай эътиқоддан мустақил ҳолда, инсоний қадриятлар ва илмий ечимларда устувор ёндашувни назарда тутади. Бунда тиббий ёрдам кўрсатишда беморларнинг шахсий танлови, ахборотли розилиги, хабардорлик даражаси ва ҳуқуқий кафолатлари биринчи ўринга чиқади. Шу боисдан ҳам концепцияда қайд этилган тиббиётда дунёвийликни таъминлаш механизмлари фақат ҳуқуқий эмас, балки кенг ижтимоий-ахлоқий ва таълимий ислоҳотларни ҳам талаб этади.

35-42
14
2

ABUL MAOLIY MUHAMMAD IBN UBAYDULLOHNING “BAYONUL ADYON” ASARI – SHARQ QIYOSIY DINSHUNOSLIGI MANBASI SIFATIDA

Mumin Mirzo ABDUPATTAEV (Muallif)

Mazkur maqola XI asrda Xurosonda yashagan olim Abul Maoliy Muhammad ibn Ubaydulloh Husayniy Alaviyning fors tilidagi ilk qiyosiy dinshunoslik asari hisoblangan «Bayonul adyon» tahliliga bag‘ishlangan.


Muallif Abul Maoliy Muhammad ibn Ubaydullohning hayoti haqida manbalarda ma’lumotlar cheklangan bo‘lsa-da, asarning mazmuni va unda keltirilgan ayrim ma’lumotlar olimning G‘aznaviylar saroyiga yaqin, jamiyatda yuksak mavqega ega va chuqur ratsionalistik tafakkurli olim bo‘lganini ko‘rsatadi. Asarda muallifning turli din va firqalarni xolis tahlil qilishi, ayniqsa, “73 firqa” hadisi asosida islomdagi guruhlarni tasniflash uslubi ko‘rib chiqilgan. Maqolada Abul Maoliyning o‘zi sunniy-hanafiy an’anasiga mansubligi asardagi fiqhiy va aqidaviy ishoralar orqali dalillangan.


Maqolada asarning qo‘lyozma nusxalari taqdiri, xususan, eronlik mashhur muarrix Abbos Iqbol Ashtiyoniy tomonidan amalga oshirilgan ilk tanqidiy nashr va keyinchalik Muhammad Taqiy Donishpajuh tomonidan asarning to‘liq nusxasi topilishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlar ham batafsil bayon etilgan. «Bayonul adyon» asari umumiy  besh bobdan iborat bo‘lib, u nafaqat diniy ta’limotlar, balki XI asr musulmon dunyosining geografik va antropologik tasavvurlarini ham o‘zida aks ettiradi. Ayniqsa, muallifning turli xalqlar, jumladan, islomdan avvalgi turklar va hindlarning iloh haqidagi tasavvurlari borasidagi kuzatuvlari diqqatga sazovordir. Asar fors tilining eng go‘zal va nodir namunalaridan biri sifatida islom mazhablari tarixi (maqolot) an’anasida o‘chmas iz qoldirgan.


Shuningdek, “Bayonul adyon” asarining manbalari sifatida Abu Zayd Maqdisiy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad ibn Horun Varroq va Abul Hasan Muhammad ibn Yusuf Amiriy Nishopuriy kabi mutafakkirlarning asarlari ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqot yakunida asarning besh bobdan iborat tarkibi, undagi islomdan oldingi dinlar (zardushtiylik, yahudiylik, nasroniylik) hamda g‘ayriilmiy da’volar bilan chiqqan soxta payg‘ambarlar haqidagi ma’lumotlarning ahamiyati ochib berilgan.

43-49
7
2

UNITWIN AKADEMIK DIPLOMATIYA VA MADANIYATLARARO MULOQOT PLATFORMASI SIFATIDA

Nurulloh TURAMBETOV (Muallif)

Maqolada UNESCOning UNITWIN va UNESCO kafedralari dasturi zamonaviy globallashuv sharoitida akademik diplomatiya, madaniyatlararo muloqot hamda tinchlikni mustahkamlash vositasi sifatida tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi 1992-yilda UNESCO tomonidan universitetlararo hamkorlik mexanizmi sifatida tashkil etilgan ushbu dastur qanday qilib diniy bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini rivojlantiruvchi “yumshoq kuch” kanaliga aylanganini aniqlashdan iborat.


Maqolada UNESCO hujjatlari, Buxoro deklaratsiyasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasidagi Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish bo‘yicha UNESCO kafedrasi materiallari tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston tajribasi akademik diplomatiya va dinlararo hamkorlikning amaliy namunasi sifatida ko‘rib chiqilgan.


Tadqiqot natijalari UNITWIN/UNESCO kafedralari dasturi nafaqat ta’lim va ilmiy faoliyat, balki diplomatik va tinchlikparvarlik vazifalarini ham bajarishini ko‘rsatadi. UNESCO kafedralari dinlararo muloqotni rivojlantirish, global fuqarolikni targ‘ib qilish hamda barqaror xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Maqolada universitetlar va xalqaro akademik tarmoqlar zamonaviy dunyoda tinchlikni mustahkamlash hamda madaniyatlararo o‘zaro tushunishni rivojlantirishning muhim subyektlari ekanligi haqida xulosa qilingan.

50-57
7
6

МЕТАФИЗИКА ВА ОЛАМНИ ТАЛҚИН ҚИЛИШДА ИБН СИНО ЭКЗОТЕРИКАСИ

Ramzjon Raximdjanovich ISAKDJANOV (Muallif)

Жаҳонда диний таълимотларни нотўғри талқин этиш, айниқса, ислом дини асосларини рационал тафаккур қилмаслик натижасида динийлик ва дунёвийлик, фалсафа ва динни ажратиш ҳолати ўрта асрларда ҳам, бугунги кунда ҳам кузатилмоқда. Шундай вазиятда ислом дини таълимотларини фалсафий талқин этиш, илоҳиёт мавзусини рационал йўл орқали тушунтириш мазкур масалаларни илмий асосда тушунишга ёрдам беради. Ўз даврида Абу Наср Фаробий “Дин ва фалсафа – ҳақиқатга олиб борувчи икки йўл” иборасидан келиб чиққан ҳолда диний ҳақиқатларни фалсафий қонунлар орқали тушунтириш кишиларда дин борасида мўътадиллик ёндашувини шакллантирган. Абу Али ибн Синонинг илоҳиёт мавзусидаги гносеологик тамойиллари, динни рационал тушунтириши мавжуд муаммога ечим топишда муҳим аҳамият касб этган. Шундан келиб чиқиб диний ҳақиқатларни мантиқий талқин қилиш, илоҳиёт мавзусини ёритишда рационал тамойиллардан фойдаланиш дин ва фалсафа масалаларни тўғри англашга ёрдам беради.


Дунёда дин ва фалсафа уйғунлиги борасида кўплаб илмий-тадқиқот ишлари мавжуд бўлиб, уларда Марказий Осиё мутафаккирларининг фалсафий таълимотлари мазкур минтақа  маънавий меросининг муҳим қисми сифатида тадқиқ этилган. Марказий Осиёдаги мантиқий-гносеологик ғоялар тарихини ўрганиш нафақат ўтмиш маданияти ва фалсафасини, балки ҳозирги даврга хос ғоявий жараёнларни тўғри тушунишга ҳам имкон беради. Ибн Синонинг илоҳиётга доир мероси Ғарб мамлакатлари, россиялик, туркиялик, эронлик, тожикистонлик бир қатор олимлар томонидан ўрганилган бўлса-да, унинг диний-рационал қарашлари тизимли таҳлил қилинмаган. Олиб борилган тадқиқотларда асосан, Ибн Синонинг нафс, Руҳ, материянинг абадийлигига оид қарашлари тадқиқ этилган. Лекин олимнинг ислом дини манбалари, хусусан, Қуръони карим сураларига тафсирлари аксар тадқиқотчиларнинг эътиборидан четда қолмоқда. Натижада, айрим тадқиқотларда алломани материалист қилиб кўрсатишга, уни юнон фалсафаси давомчиси сифатида талқин этишга ҳаракатларни кузатиш мумкин. Шу сабабли Ибн Сино тафсирини ўрганиш динийлик ва дунёвийлик уйғунлигини, шунингдек, мўътадил ислом тамойилларини рационал йўл билан очиб беришда катта аҳамият касб этади.


Мазкур мақолада Қуръони каримнинг “Ихлос”,  “Нур” ва “Фуссилат” сураларининг  баъзи оятларига аллома ва файласуф Ибн Синонинг тафсирлари тадқиқ қилиниб, муаллиф томонидан таржима қилинган.

58-68
8
3

АРАБ БАЛОҒАТ ИЛМИДА “АМР” (БУЙРУҚ) ШАКЛИНИНГ ФУНКЦИОНАЛ-СЕМАНТИК ВА ПСИХОЛИНГВИСТИК ТАЛҚИНИ

Nigora MULLASODIQOVA (Muallif)
Ушбу мақолада араб балоғат илмининг марказий масалаларидан бири – “Амр” (буйруқ) категориясининг функционал-семантик ва психолингвистик табиати тадқиқ этилган. Наҳв илмида буйруқнинг ясалиши асосан икки шаклда кўрсатилади, унинг масдар шакли ва исмлар орқали ифодаланишига амалий грамматикада кўп эътибор қаратилмайди. Шунингдек, буйруқ феъли асосан «вожиблик», яъни ижро этилиши мажбурий бўлган иш маъносини ифодалаши таъкидланади.
Мақолада буйруқ шакли ясалишининг тўрт тури таҳлил қилиниб, улар орқали ифодаланадиган маънолар кенг кўламда ёритиб берилган. Тадқиқот давомида буйруқ шаклининг инсон руҳияти ва мулоқот вазиятига кўра трансформацияга учровчи ўн бешдан ортиқ мажозий-балоғий маъноларини комплекс таҳлил қилинди. Мазкур таҳлилга классик давр олимларидан Юсуф Саккокий, Маҳмуд Замахшарий, янги давр олимларидан Аҳмад ал-Ҳошимий, Абдулазиз Атиқ ва Фозил ас-Самирроийларнинг илмий қарашлари асос қилиб олинган. Мазкур ёндашувларга таянган ҳолда грамматик қолипларнинг матн контексти ва тингловчининг руҳий ҳолатига нақадар тобе экани далилланган. Мақолада буйруқнинг морфологик ва синтактик ифодаланиш усуллари — соф буйруқ феълидан тортиб, «лом ал-амр» бириккан келаси замон шакли, масдар ва феъл исмларигача бўлган шаклларни қиёсий таҳлил қилинган ва нутқий таъсирчанлик даражалари белгиланган.

Тадқиқот объекти сифатида Қуръони карим оятлари, ҳадиси шарифлар ва жоҳилия даври мумтоз шеъриятидан олинган бой материаллардан фойдаланилган. Бу орқали «амр» категориясининг ожизлантириш, маслаҳат бериш, қўрқитиш, камситиш, мазаҳ қилиш, ҳайрат ва таажжубланиш, армон ва хабар каби маъно қатламлари очиб берилган. Хулоса сифатида сўзловчи буйруқ шакли орқали тингловчини нафақат ҳаракатга келтиради, балки унинг руҳиятини бошқариш ва қалбидаги ҳис-туйғуларини, руҳий ҳолати ва асл мақсадини буйруқ шакли воситасида акс эттиришга эришади. Шунингдек, мақолада араб, ўзбек ва рус тилларидаги буйруқ категориясининг қиёсий тафовутлари ҳам тилга олинган. Иш диний ва бадиий матнларни тўғри талқин қилиш ҳамда адекват таржима қилишда муҳим илмий манба бўлиб хизмат қилади.

69-77
9
7

IJTIMOIY TARMOQLARNING TALABALARNING SIYOSIY TARBIYASIGA SALBIY TA'SIRINING PSIXOLOGIK FENOMENI

Timur Sobirovich SATTAROV (Muallif)

Ushbu maqolaning maqsadi ijtimoiy tarmoqlarning talabalarning siyosiy tarbiyasiga salbiy ta'sirining psixologik fenomenini kompleks tahlil qilish va Yangi O'zbekiston Taraqqiyot Strategiyasi kontekstida ushbu ta'sirni minimallashtirish bo'yicha pedagogik yondashuvlarni ishlab chiqishdan iboratdir. Tadqiqotning metodologik asosini quyidagilar tashkil etadi: siyosiy psixologiya, pedagogika va media tadqiqotlar sohasidagi o'zbek va xorijiy olimlarning ishlarini nazariy tahlil qilish; Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 18–23 yoshdagi 60 nafar talabasi ishtirokida o'tkazilgan empirik so'rovnoma, uchta diagnostik blokni o'z ichiga olgan (siyosiy axborot manbalari, hissiy reaksiyalar, siyosiy muloqotga tayyorlik); «O'zbekiston – 2030» Strategiyasi, «Davlat yoshlar siyosati to'g'risida»gi Qonun va Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash Konsepsiyasini o'z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar tahlili. Tadqiqot natijasida ijtimoiy tarmoqlarning talabalarning siyosiy ongiga halokatli ta'sirining to'rtta asosiy psixologik mexanizmi aniqlandi va batafsil tizimlashtirildi: «eks-kameralari» shakllanishi va algoritmik mafkuraviy qutblanish; klip tafakkurining rivojlanishi va tizimli siyosiy tahlil qobiliyatining pasayishi; dofaminga qaramlik mexanizmlari orqali siyosiy idrokning emotsionallashuvi; siyosiy kontentni yuzaki iste'mol qilish fonida kompetentlik illyuziyasining shakllanishi. Empirik tarzda quyidagilar aniqlandi: respondentlarning 88% siyosiy axborotning asosiy manbai sifatida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi; 63% siyosiy kontentni iste'mol qilishda asosan tashvish va g'azabni boshdan kechiradi; atigi 28% boshqa siyosiy qarashlar egalari bilan konstruktiv muloqotga tayyor; 52% siyosiy opponentlarni dehumanizatsiya qilish elementlarini namoyish etadi. Nazariy va empirik ma'lumotlarning sintezi asosida O'zbekiston oliy ta'lim o'quv jarayoniga mafkuraviy immunitetni shakllantirishning integratsiyalashgan pedagogik modelini joriy etish zarurati asoslab berildi, u kognitiv komponent (media savodxonlik kurslari, faktcheking, algoritmlarni tushunish), hissiy-qadriyat komponenti (interfaol usullar, debatlar, rolli o'yinlar) va xulq-atvor komponentini (real fuqarolik ishtiroki, volontyorlik, talaba o'zini o'zi boshqarish) o'z ichiga oladi. Ishning amaliy ahamiyati ishlab chiqilgan tavsiyalardan akademik guruhlar kuratorlari, ijtimoiy-gumanitar fanlar o'qituvchilari, tarbiyaviy ishlar bo'yicha mutaxassislar va O'zbekiston oliy o'quv yurtlarining psixologik xizmatlari faoliyatida foydalanish imkoniyati bilan belgilanadi.

78-87
6
5