- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
TOSHKENT VILOYATI SANOATINI RIVOJLANISHINING TASHKILIY-IQTISODIY MEXANIZMI
Nilufar Sherkulovna BATIROVA (Muallif)Innovatsion iqtisodiyotga o‘tish sharoitida viloyat sanoat korxonalarining samarali faoliyat yuritishi davlat boshqaruvining barcha tuzilmalarida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni taqozo etdi. Har bir sanoat korxonasi uchun qulay innovatsion sarmoyaviy muhitni ta’minlash, samarali mexanizm yaratish orqaligina viloyat yangilanish va taraqqiyot yo‘liga kirishi mumkin edi. Maqolada innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida mintaqa sanoatini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish yo‘nalishlari bayon etilgan. Bir qator mexanizmlar va ularning o‘lchovlari berilgan. Innovasion faoliyatni hududiy boshqaruv organlari tomonidan qo‘llab quvvatlash imkoniyatlari keng yoritilgan. Xususan, moliyaviy xavfsizlik va soliq imtiyozlari masalasiga alohida to‘xtalgan. Shuningdek, innovasion markazlarning ahamiyati, texnologik transfer markazlarni ochish zaruriyati batafsil yoritilgan. Texnologik transfer markazlarining vazifalari va ushbu yo‘nalishda qilinadigan ishlar ketma ketligiga ham to‘xtab o‘tilgan. Shuningdek, rivojlantirish fondini tashkil etish, fondning maqsad va vazifalari, faoliyat doirasi hamda bu sohadagi bir qator dasturlar taklif etilgan. Maqolada hudud sanoati majmuasining innovasion tuzilmasi tahlil qilingan bo‘lib, uning bozor, resurs, moliyaviy, innovasion hamda motivasion bloklarning tarkibiy qismlari yoritilgan. Hudud sanoatining rivojlanishi uch bosqichda (boshlang‘ich, o‘rta va yakuniy) batafsil tushuntirilgan. Mintaqa sanoatini rivojlantirish modelini ishlab chiqish zaruriyati va muammolarni qo‘yilish darajasi asoslangan. Hududiy sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aniqlangan. Asosiy prinsiplari, mexanizm va vositalari ishlab chiqilgan. Hududiy sanoat klasterlarining faoliyariga sifat va miqdor jihatdan baho berilgan. Shuningdek, hududiy sanoatni rivojlantirish modelining tizimli tahlili amalga oshirilgan. Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xulosa o‘rnida sanoatni rivojlantirish bo‘yiha qo‘yilgan vazifalar hamda ularni amalga oshirish yo‘nalishlari doirasida takliflar berilgan. Shuningdek, viloyatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini o‘z ichiga olgan. Chora-tadbirlar hudud tarkibiga kiruvchi tuman va shaharlar o‘rtsidagi tavofutni qisqartirishga qaratilgan.
68-762072323-07-2026 -
ЎЗБЕКИСТОНДА АМАЛГА ОШИРИЛАЁТГАН ИСЛОҲОТЛАРДА ДИНИЙ ЭРКИНЛИКЛАРНИ ТАЪМИНЛАШНИНГ ЎРНИ
Timur AHMEDOV (Muallif)Мақолада Марказий Осиёда диний эркинлик ва қарашлар, уларнинг ривожланишига ҳамда мустақилликнинг дастлабки йилларидаги диний сиёсатга қисқа назар ташланиб, сўнгги йиллларда мамлакатимизда олиб борилган ислоҳотлар Ўзбекистон жамияти ҳаётининг барча жабҳаларига, шу жумладан, диний эркинликларни таъминлаш соҳасига ҳам ўзининг ижобий таъсирини ўтказгани, хусусан, ушбу йўналишдаги асосий вазифалар 2017-2021 йилларда Ўзбекистонни ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегиясида аниқ акс эттирилгани, мамлакатда диний соҳада бошланган ислоҳотлар, аввало, диний эркинлик учун шароит яратишга, фуқароларнинг ҳуқуқ ва манфаатларини ҳимоя қилишга қаратилгани хусусида сўз боради.
Муаллиф фикрига кўра, ўзгаришлар эътиқод эркинлигига оид конституцион ҳуқуқларни амалга ошириш учун қулай ташкилий-ҳуқуқий шароитларни яратди, диний ташкилотлар фаолияти эркинлигининг ҳуқуқий кафолатлари сезиларли даражада мустаҳкамланди. Хусусан, 2020 йил июнь ойида Инсон ҳуқуқлари бўйича Ўзбекистон Республикасининг миллий стратегияси тасдиқланди ва унда мамлакатда виждон эркинлигини таъминлашнинг ҳуқуқий механизмлари такомиллаштирилиши назарда тутилди. 2021 йилнинг июль ойида эса Янги таҳрирдаги «Виждон эркинлиги ва диний ташкилотлар тўғрисида»ги Ўзбекистон Республикаси Қонуни қабул қилинди.
Мақолада таъкидланишича, 2017 йилнинг октябрь ойида БМТнинг Инсон ҳуқуқлари Кенгашининг Дин ва эътиқод эркинлиги масаласи бўйича махсус маърузачиси А.Шаҳид 15 йил давомида Ўзбекистонга илк бор ташриф буюриши ва мазкур ташриф якунлари доирасида билдирилган 12 та тавсия асосида Ўзбекистон Республикаси парламенти томонидан эътиқод эркинлигини таъминлаш бўйича “Йўл харитаси” тасдиқлангани бу борадаги ислоҳотлар ортга қайтмас тус олганидан далолат бермоқда.
Шунингдек, муаллиф 2020 йилнинг октябрь ойида Ўзбекистон Республикаси БМТ тизимидаги энг нуфузли ҳукуматлараро органлардан бирига – Инсон ҳуқуқлари бўйича кенгашига аъзо сифатида сайланди ва 2021-2023 йиллар даврида ушбу тузилма фаолиятида фаол қатнашиб келаётганига, 2020 йилнинг декабрь ойида эса АҚШ Давлат департаменти халқаро диний эркинликлар бўйича ўзининг матбуот учун баёнотида “сўнгги бир йил ичида Ўзбекистоннинг эришган муҳим, аниқ ютуқлари асосида диний эркинлик бўйича “махсус кузатувдаги давлатлар рўйхати”дан чиқарилганига эътибор қаратмоқда.
Муаллиф фикрига кўра, бу борадаги ишлар 2022-2026 йилларга мўлжалланган янги Ўзбекистоннинг тараққиёт стратегиясида ҳам 74- мақсад сифатида жамиятда миллатлараро тотувлик ва динлараро бағрикенглик муҳитини мустаҳкамлаш ва кенгайтириш вазифасида акс этгани диний эркинликларни таъминлаш масаласи ҳукумат кун тартибидан чиқмаганини кўрсатмоқда.
Шу билан бирга, ушбу қисқа давр ичида диний эркинликларни таъминлаш соҳасида амалга оширилган ислоҳотлар натижаларини чуқур таҳлил қилиш ҳамда уларнинг мазмун-моҳиятини очиб бериш ва кенг жамоатчиликка етказиш бугунги кунда муҳим аҳамият касб этмоқда.
46-562452017-07-2026 -
ЯНГИ ЎЗБЕКИСТОННИНГ ТИББИЁТ СОҲАСИДА ДУНЁВИЙ ТАМОЙИЛЛАРНИ АМАЛГА ОШИРИШНИНГ АЙРИМ ЖИҲАТЛАРИ
Lazizakhon Abbasovna ALIDJANOVA (Muallif)Ушбу мақолада Янги Ўзбекистоннинг тиббиёт соҳасида дунёвий тамойилларни амалга оширишнинг айрим жиҳатлари тадқиқ қилинган. Ўзбекистон Республикаси Конституцияси ҳамда қонунчилик ҳужжатларида фуқароларнинг виждон эркинлиги, дин ва давлатнинг ажратилганлиги, жамиятда конфессиялараро тотувликни таъминлаш каби қадриятлар мустаҳкам ўрин олган. 2025 йилда қабул қилинган “Ўзбекистон Республикасида фуқароларнинг виждон эркинлигини таъминлаш ва диний соҳадаги давлат сиёсати концепциясини тасдиқлаш тўғрисида”ги ЎРҚ-1037-сон Ўзбекистон Республикаси Қонуни эса ана шу тамойилларни изчил равишда амалга оширишда ҳуқуқий, маъмурий ва ахлоқий механизмларни белгилаб берувчи муҳим стратегик ҳужжат ҳисобланади. Ушбу концепциянинг 6-боби тўлиқ ҳолда дунёвий давлатни ривожлантиришнинг устувор йўналишларига бағишланган бўлиб, унинг 4-параграфида тиббиёт соҳасига оид дунёвий тамойилларни амалга оширишга алоҳида урғу берилган. Шу асосда, тиббий тизимда дунёвийликни мустаҳкамлаш масаласи нафақат ҳуқуқий, балки ахлоқий, илмий ва маданий нуқтаи назардан ҳам ўта долзарб масала сифатида вужудга келмоқда.
Тиббиёт соҳасида дунёвийлик тушунчаси, умумий қилиб айтганда, тиббий хизмат кўрсатиш жараёнида фуқароларнинг соғлиқни сақлаш ҳуқуқларини ҳурмат қилиш, тиббий-одоб меъёрларига амал қилиш ва барча қарорлар илмий далилларга таянишини таъминлашга йўналтирилган. “Дунёвийлик” тушунчаси бу ерда динсизликни эмас, балки ҳар қандай эътиқоддан мустақил ҳолда, инсоний қадриятлар ва илмий ечимларда устувор ёндашувни назарда тутади. Бунда тиббий ёрдам кўрсатишда беморларнинг шахсий танлови, ахборотли розилиги, хабардорлик даражаси ва ҳуқуқий кафолатлари биринчи ўринга чиқади. Шу боисдан ҳам концепцияда қайд этилган тиббиётда дунёвийликни таъминлаш механизмлари фақат ҳуқуқий эмас, балки кенг ижтимоий-ахлоқий ва таълимий ислоҳотларни ҳам талаб этади.
35-423411924-07-2026 -
XOJA AHROR – KISHILAR OʻRTASIDA TINCHLIK VA HAMJIHATLIK TARAFDORI
Nematullo MUKHAMEDOV (Muallif)Maqolada Xoja Ahrorning (XV asr) Naqshbandiya tariqatining yetakchisi sifatidagi faoliyati, xususan, oddiy odamlarning hayoti haqida qayg‘urish (ularga yer berish, undiriladigan soliqlarni kamaytirish), temuriylar o‘rtasidagi janjalda yarashtirish, va boshqalar.
Xoja Axror Naqshbandiya tariqatining ko‘zga ko‘ringan rahnamolaridan biri, shuningdek, eng yirik siyosiy arbob va o‘z davrining eng katta boyliklaridan birining sohibi bo‘lgan. Uning nomi Naqshbandiya tariqatining siyosiy-iqtisodiy faoliyatining faollashishi va mafkurasining Markaziy Osiyo chegaralaridan tashqariga tarqalishi bilan chambarchas bog'liq.
Xoja Ubaydulla Ahror XV asrning buyuk siymolaridan biri, naqshbandiya tariqatining ko‘zga ko‘ringan murshidi, o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy hayotida katta iz qoldirgan. Bu davrda uning shuhrati nafaqat Movaraunnahrda, balki keng geografik mintaqada, jumladan, Xorazm, Dashti Qipchoq, Xuroson va Hindistonda ham tarqaldi. Temuriylar hukmdorlari Sulton Abu Said Mirzo va uning o‘g‘li Sulton Ahmad Mirzo o‘rtasida Hoji Ahrorning obro‘-e’tibori shu qadar baland bo‘lganki, ular o‘z murshidlari maslahatidan foydalanmasdan biron-bir masalani hal qilishga shoshilmasdilar.
Xoja Ahror valiy XV asrning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida katta iz qoldirgan, naqshbandiylik tariqatining yirik namoyandasi va nazariyotchisi bo‘lgan aziz siymolardan biridir. O‘sha davrning olimu ulamolari, adiblari Fazlulloh Abullays Samarqandiy, Sa’diddin Koshg‘ariy, Sayid Qosim Anvor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqalar Xoja Ahrorni «Ka’bai maqsud» (murodlar ka’basi), «Murshidi ofoq» (yorug‘lik yo‘lini ko‘rsatuvchi pir, ustoz) deb e’tirof etganlar, unga bag‘ishlab, she’rlar, dostonlar, risola va boshqa asarlar yozganlar.
Ushbu maqolada naqshbandiya tariqatining yirik siymosi Xoja Ubaydullo Ahror (1404-1491) hayoti va faoliyati o‘rta asr manbalari asosida tadqiq etilgan. Xoja Ahrorning tinchliksevarlik faoliyati hamda kishilar o‘rtasida mehr-oqibat, halollik, saxovat, yaxshilik kabi qadriyatlarni targ‘ib qilgani tahlil etilgan.
4-103142315-07-2026 -
ARAB TILINI CHET TILI SIFATIDA O’QITISH USULLARI
Mashkhura Mirzaakbarovna KADYROVA (Muallif)Ushbu maqolada Arab tilini chet tili sifatida o'qitish metodikasi muammosi, shu jumladan, o'qitish maqsadlari, mazmuni, usullari va vositalari, shuningdek, chet tili yordamida o'qitish va tarbiyalash usullari ko'rib chiqilgan. Maqolada, shuningdek, zamonaviy o'qitish metodikasi muammolari muhokama qilinib, chet tillarini o'qitishning turli usullari taqqoslab berilgan. Arab tili o'ziga xos xususiyatlarga ega, lingvistik o'rganish ob'ekti sifatida ajralib turadi va tavsiflanadi: yozish, talaffuz, grammatika va boshqalar, umuman chet tillarining o'ziga xos xususiyatlari ajralib turadi va tavsiflanadi, pedagogikaning tegishli fanlar bilan aloqalari tadqiq etilgan.
Maqolaning maqsadi – Arab tilini o'qitish usullarini o'rganishni tahlil qilish, shuningdek, Arab tilining lingvistik xususiyatlari va umuman chet tillarini o'qitish metodikasining xususiyatlariga alohida e'tibor berishdir. U kategorik rejaning asosiy, adabiy dolzarb muammolariga ta'sir qiladi: o'quv maqsadlari, o'quv mazmuni, o'qitish usullari, vositalari, tamoyillari va o'quv jarayonida ularning pragmatik, amaliy jihatlari. Chet tillarini o'qitishning zamonaviy talablariga muvofiq, ba'zi uslubiy savollar darslikda tubdan yangi ovozga ega bo'ladi: zamonaviy o'quv vositalari, o'quv-uslubiy to'plamlarni yaratishga innovatsion yondashuvlar. Shuningdek, maqolada maktab, fakultativ va oliy o'quv yurtlari kabi turli jamoat muassasalarida Arab tilini o'qitishning asosiy bosqichlari ko'rib chiqilgan. Arab tilini o'qitishda boshqa chet tillariga nisbatan umumlashtirilgan tavsiflar berilgan.
So'nggi yillarda chet tillarini o'qitish metodikasi masalasi o'quv sohasidagi mutaxassislarning tadqiqotlari markazida bo'lib kelmoqda. Chunki bugungi kunda bu muammo kam o'rganilgan va filolog o'qituvchilarning diqqat-e'tiborini talab qilmoqda.
Chet tillarni o'qitish omillariga, masalan, o'qitish maqsadlari, uning mazmuni, shakllari va usullari, shuningdek, o'qitish vositalari va chet tillarini o'qitish qonuniyatlariga alohida e'tibor qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu maqola dolzarbligining asosiy qoidalari ochib berilgan va xulosalar berilgan.
82-903741816-07-2026 -
GERMAN FARHAT – «BAHS AL-MATALIB VA HASS AL-TALIB» GRAMMATIK ASARINING MUALLIFI
Mukhlisabonu ISHANKHANOVA (Muallif)Maqolada Xalab (Aleppo, Suriya) shahridagi maronit arxiyepiskopi German Farhatning (1670-1732) hayoti va koʻp qirralik ijodi tadqiq qilingan. Oʻz navbatida, German Farhat arab adabiyoti tarixida muhim shaxs hisoblangan. Shuningdek, maqolada xristian-muallif tomonidan tuzilgan arab tili grammatikasi bо‘yicha birinchi grammatik asar «Bahs al-matalib va hass al-tolib» (“Masalalarni oʻrganish va talabalarini [arab tilini oʻrganishga] undash” tadqiq qilingan.
Ushbu maqolada Isroil Milliy Kutubxonasi fondida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxasidan foydalandik (Inv. № 397, V. 1в-150в) va maqolada uni yozilish sabablariga oid masala koʻrib chiqilgan. Bahs al-matalib arab tilida so‘zlashuvchi bo‘lmaganlar uchun qo‘llanma bo‘lib, keyinchalik u Usmonlilar imperiyasining arab viloyatlari, ayniqsa, Livan tog‘idagi yarim avtonom mintaqadagi aniqrog`i, Bayrut (Livan)da 200 yildan ortiq, XX asr oʻrtalarigacha maktablarda, o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgan. Ushbu grammatika kursi arab dunyosida katta rezonansga ega boʻlib, nasroniy muallif tomonidan yozilgan bu borada birinchi tadqiqot edi (hali ham ba’zi maktablarda oʻqitiladi). Arab adabiy uyg‘onish davri (Nahda) boshlanishidan bir asr oldin yashab, olim, yozuvchi va shoir sifatida tanilgan German Farhat, bu Nahdani amalga oshirish uchun kо‘p harakat qildi. Shuningdek, bu yerda arxiyepiskopning sintaksis, leksikologiya, morfologiya, stilistika, ritorika bо‘yicha yozgan asarlari ham qayd etilgan. U о‘z ishlari bilan Yaqin Sharqdagi xristian aholisining ta’lim darajasini oshirishga va “xristianlar Qur’onning muqaddas tilini mukammal о‘zlashtira olmaydi”, degan fikrni о‘zgartirishga harakat qilgan.
German Farhat cherkov xizmatini ishtiyoq va g`ayrat bilan bajarishga intilgani bilan mashhur bo`lgan. Livan monastir ordenining g‘oyaviy jihatdan ilhom bag`ishlovchisi va Usmonli Suriyaning eng muhim shaharlaridan birining arxiyepiskopi lavozimida xizmat qilgan. Uning faol ma’rifiy va ilmiy faoliyati о‘sha davrning kо‘plab olimlari va yozuvchilari e`tiborini tortgan. Arxiyepiskopning shaxsiyati va uning asarlariga qiziqish ishlari XIX asr oxiri – XX asr boshlariga tо‘g‘ri keladi.
68-762701317-09-2026 -
ARAB TILIDAGI FE’L MAYLLARI TASNIFI
Malika NASIROVA (Muallif)O‘rta asarlarning buyuk tilshunos olimi, Movarounnahr arab tilshunoslik maktabining asoschisi Mahmud Zamaxshariy 80 ga yaqin ilmiy asarlar muallifi hisoblanadi. Uning qalamiga mansub asarlarning aksariyati davrimizga qadar yetib kelgan, qo‘lyozmalari dunyoning mashhur fondlarida saqlanadi.
Allomaning arab tilshunosligiga oid yirik asari “Al-Mufassal fi san’ati-l-e’rob” deb nomlanadi. Mazkur asarda grammatik qoidalar arab tildagi so‘z turkumlari bo‘yicha tushuntiriladi. Shuningdek allomaning sharq madrasalari uchun mo‘ljallngan “Al-Unmuzaj fi-n-nahv” o‘quv risolasi, ko‘p tilli lug‘ati “Muqaddamatu-l-adab”ning 4 va 5-boblari hamda olimning yaqinda topilgan “Al-Mufid fi-t-tasrif” asarlarida ham fe’l so‘z turkumi va uning katoriyalariga oid qimmatli ma’lumotlar bor.
Arab tilida so‘zlar fe’l o‘zaklaridan yasalishini inobatga oladigan bo‘lsak, fe’l so‘z turkumi alohida, jiddiy tadqiq qilishga sabab bo‘lishi oydinlashadi.
Arab tilida fe’l turkumi boshqa so‘z turkumlari ichida eng salmoqli o‘rinni egallaydi. Arab tilidagi fe’llarning morfologik xususiyatlarini bilmay turib, boshqa turkumlarga xos ko‘pgina grammatik qoidalarni o‘zlashtirish mumkin emas.
Arab tilida fe’llar ikki guruhga: asosiy va yordamchi, aniqrog‘i ko‘makchi fe’llarga bo‘linadi. Ko‘makchi fe’llar “sub’yektning ish harakatini bildiruvchi yetakchi fe’l bilan birga kelib, unga turlicha qo‘shimcha ma’no beruvchi fe’llar. Arab tilida ko‘makchi fe’llar mavzusi juda keng va murakkab mavzulardan hisoblanadi. Ular ““Bo‘lish” va ”bo‘lib qolish” mazmunini ifodalovchi fe’llar”, “Mulohaza fe’llari”, “O‘zgarish yoki aylanib qolishni ifodalovchi fe’llar”, “Ish-harakatning boshlanishini ifoda etuvchi fe’llar”, “Bo‘sag‘a mazmunini ifodalovchi fe’llar” kabi semantik guruhlarga bo‘linib, asosiy fe’lga mazkur ma’nolarni yuklaydi”(Nasirova,2020:141)
Shuningdek, arab tilidagi fe’llarning turli mayl shakllari ham mavjud bo‘lib, mazkur maqolada ularning asnifi masalasi ilmiy asoslangan. Unga ko‘ra fe’llar darak yoki aniqlik, shart, buyruq, istak hamda kuchaytirma mayl shakllarga ega.
Ushbu maqolada arab tilidagi fe’l mayllari Mahmud Zamaxshariy asarlari asosida tadqiq qilingan
36-412262218-09-2026 -
IBN SINO VA UNING QURYON SURALARINI TUSHUNISH FALSAFASI
Ilkhomjon I. BEKMIRZAEV (Muallif)Ushbu maqolada Ibn Sinoning Qur'on tafsirida inson uchun ruhning o'rni va vazifasi hamda uning Oliy Zot (Alloh taolo) bilan aloqasi o‘rganilib, tahlil qilingan. Ibn Sinoning ushbu suralarni tafsir qilishda qo‘llagan usuli ratsional-falsafiy yoki manhaj al-ijtihod al-aqliy (aqliy ijtihod yo‘li) deb ham atash mumkin. Ushbu tadqiqotda mutlaq Zot bo’lgan Alloh taologa borib taqaladigan inson ruhining mavjudligi, uning salohiyati va bu foniy dunyoda qanday yashashiga qaratilgan. Tahlillar shuni ko'rsatadiki, Ibn Sinoning ratsional-psixologik tafsiri oziga xos uslubda yozilgan. Ushbu xulosa, shuningdek, Ibn Sinoning tafsiri adashtiruvchi va musulmonlarni islom eʼtiqodidan uzoqlashtiruvchi degan ayblovlarga ham raddiya o‘laroq javob bo‘ladi. Ushbu tadqiqotda ratsional va tarixiy yondashuv hamda tahlil kabi ilmiy uslublar qo‘llanilgan.
Ibn Sino o‘z tafsirini falsafiy e'tiqodlarni diniy ta'limotlar bilan birlashtirish istagidan kelib chiqqan holda yozgan, Ibn Sino Qur'on va falsafiy nazariyalar o‘rtasidagi ko‘rinib turgan tafovutlarni yaqinlashtirishga intildi. Uning uslubi Qur'on matnlarini falsafiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilishni o‘z ichiga olgan bo‘lib, u ko‘pincha huquqiy va aqliy tafakkurga olib keladigan oyatlarni talqin qilishda falsafiy tushunchalardan foydalangan. Alloh taolo Qur'onda ramziy iboralarni joylashtirganini, ularni faqat ilm ahllarigina tushunish mumkin bo'lgan chuqur haqiqatlarni ochib berishini ta'kidlagan. Alloma bu muqaddas bitiklar o'zi kabi sanoqli kishilar tomonidan tushuniladigan maxfiy kodlar vazifasini o‘taganini taxmin qilgan. Biroq, bu yondashuv uning ushbu ramzlarni o‘zining falsafiy doirasida kengaytirib borishi sababli dinning asosiy mohiyati va muqaddas Qur'onning ma'naviy xususiyatlaridan chetga chiqish xavotirlarini keltirib chiqardi.
Ushbu tadqiqot quyidagilarni maqsad qiladi: 1) Ibn Sinoning falsafiy qarashlari uning asosiy oyatlar va huquqiy tafakkurga yo‘naltiradigan oyatlarni talqin qilishiga qanday ta'sir qilishini tahlil qilish; 2) Oyatlarning falsafiy doiralaridagi farqlarni va Qur'onni tushunishdagi ahamiyatini yoritib berish orqali Imom Faxriddin ar-Roziy kabi boshqa olimlarning qarashlari bilan taqqoslash; 3) Ibn Sino qarashlarining Qur'onning ma'naviy mohiyatiga falsafiy ta'sirini baholash, uning falsafiy qarashlari Qur’on matnining asosiy mazmuniga mos kelishi yoki kelmasligini ko‘rib chiqish. Olingan xulosalar Ibn Sinoning Qur’onni tushinishda o‘ziga xos uslublardan foydalanganligini teran tushinish imkonini beradi.
16-262151114-10-2026 -
МУТААССИБ ШАХСЛАРНИ СОҒЛОМ ИЖТИМОИЙ МУҲИТГА ҚАЙТАРИШНИНГ ЖАҲОН ТАЖРИБАСИ
Nodir SHOMIRZAYEV (Muallif)Бугунги кунда турли бузғунчи оқимлар сафига қўшилиб қолган шахсларни жамиятга қайта мослаштириш масаласи муҳим аҳамият касб этмоқда. Дунё бўйлаб кузатилаётган бундай тенденция кўплаб мамлакатларга ҳам ўз таъсирини ўтказмоқда.
Ушбу мақолада дин ниқоби остидаги айрим гуруҳларнинг сафига кириб қолган шахсларни жамиятга қайта мослаштириш (реабилитация қилиш)нинг аҳамияти ва бу борада психолог, исломшунос, диншунос мутахассислар олдига қўйиладиган муҳим вазифалар ҳақида баҳс юритилган.
Шунингдек, мутахассисларнинг мазкур тоифадаги шахсларни тарбиялашда эътибор бериши керак бўлган масалалар ҳақида ҳам тўхталиб ўтилган. Бундан ташқари мақолада радикал шахсларни реабилитация қилиш жараёни дунё мамлакатлари томонидан турли ёндашувлар асосида иш олиб борилаётгани ҳамда уларни умумий шаклда икки гуруҳга: “Асосий реабилитация дастурлари” ва “Кенгайтирилган реабилитация дастурлари”га ажратган ҳолда таснифланиши ёритилган.
Шунингдек, “Асосий реабилитация дастурлари”нинг компонентлари бўлган диний, ижтимоий ва психологик реабилитацион ёндашувлар ҳамда мазкур жараёнда мафкуравий ва қонли синовларни бошидан кечирган шахс учун мўлжалланган программа, ўқув, касбий кўникма ва амалий чора-тадбирлар қандай тартибда ишлаб чиқилиши дунёнинг илғор давлатлари мисолида тушунтирилади.
Шу билан бирга, “Кенгайтирилган реабилитация дастурлари” таркибига кирувчи, “Оила”, “Таълим-тарбия”, “Қўллаб-қувватлаш”, “Ижодий арт-терапия” “Онлайн жалб қилиш” методларининг мазмун-моҳияти, қўлланиш тартиби ва баҳолаш мезонлари борасида сўз юритилади.
Мақолада радикаллашувни олдини олишга қаратилган ҳамда экстремистик ғоялар таъсирига тушганларни реабилитация қилиш дастурларининг оддий ва универсал шакли мавжуд эмаслиги, ижтимоийлаштирув услубларини тўғридан-тўғри трансформация қилиб бўлмаслиги, дастурларни амалиётга татбиқ этишда миллий маданият меъёрлари ва қадриятларнинг инобатга олиниши сабаблари тушунтирилади.
Ушбу мақолада радикал шахсларнинг реабилитацияси узлуксиз ва давомли механизмлар бирлашмасидан ташкил топиши, муваффақиятли реабилитация дастури учун унга керакли бўлган шарт-шароитлар талаб қилиниши, шунингдек, соғломлаштириш дастурлари диний, психологик, ижтимоий ва оилавий реабилитация амалиётини қўллаган ҳолда амалга оширилиши жаҳон тажрибаси асосида тадқиқ этилган.
89 - 972092622-09-2026 -
ОИЛАВИЙ МУНОСАБАТЛАР: МИЛЛИЙ ВА УМУМИНСОНИЙ МУРОСА ТАМОЙИЛЛАРИ
Matlyuba QAHHOROVA, Mirolim TASHMURODOV (Muallif)Ушбу мақолада бугунги шиддатли ижтимоий жараёнларда инсонларнинг ўзаро муносабатларида асосий омил сифатида “муроса” тушунчаси ўта муҳим воқеликка айланаётганлиги изоҳланган. Миллий, этник ва халқаро муносабатларнинг янги мазмун касб этиши, дунёнинг турли бурчакларида турли кўринишлардаги жамиятнинг барча соҳаларидаги манфаатлар тўқнашувлари кўзга ташланиши, қийин вазиятга тушган одамларнинг ҳимоясини таъминлаш, уларнинг инсонийлик шарафини сақлаб қолиш, айнан муросаю мадора масаласи билан боғлиқлиги уни фалсафа фани нуқтаи назаридан ҳам долзарблигини белгилаб бериши келтирилган. Замонавий луғатларда ҳамда Европада “муроса” сўзининг синоними сифатида “компромисс” атамаси ҳам қўлланилишига тўхталиб ўтилган.
Ушбу мақола муросанинг ижтимоий тамойиллари асосини миллий ва умуминсоний тамойиллар асосига қурилганлиги ва оилада муроса муносабатларини мустаҳкамлашга хизмат қиладиган амалий материал бўлиб хизмат қилади. Методик асос сифатида тарихий ва қиёсий таҳлиллар ва хорижий тажриба материаллари тизимлаштириб олинган бўлиб, бугун инсоният тараққиёти шундай бир тарихий босқичга қадам қўйдики, энди ҳеч бир халқ, миллат, давлат, ўзаро алоқага, кенг интегрaцияга киришмай, муроса тамойилларига амал қилмасдан умумжаҳон тараққиётига ўзининг ҳиссасини қўшмай, глобал муаммоларни ҳал этишда қатнашмай ҳамда умуминсоний нормалардан, бойликлардан, ютуқлардан, қадриятлардан фойдаланмай ривожлана олмаслиги фактик далиллар келтирилган.
Оилавий муносабатларда ижтимоий аҳамиятга эга “муроса” тамойиллари ўзининг қандай имманент (илдиз ёки ўзак) хусусиятларига эга? Ўзбек оиласи нисбатан қандай белгилари билан бошқа ижтимоий муносабатлардан ажралиб туради ёки улар билан интегрaцияга киришади? Улар ижтимоий детерминизм қонунларига бўйсунадими ёки мутлақ мустақил воқеликларми? Улардаги миллий ва умуминсоний белгилар оила институти ҳаётига қандай ва нималар орқали таъсир этади? Уларни ўлчаш имкони ва механизмлари борми? Тан олишимиз керакки, мазкур саволларнинг барчасига қониқарли жавоб бериш қийин, чунки бу масалалар ижтимоий фалсафада, оилашуносликда кун тартибига қўйилмаган, ҳали муҳокама қилинмаган.
Мазкур мақолада тўпланган манбалар ва эмпирик тадқиқот материалларга таяниб, муаллифлар томонидан юқоридаги саволларга асосли жавоблар илмий асосланиб, оилавий муосабатларда муросанинг янги қирралари тадқиқ этилган.
69-772002218-07-2026 -
ДИНИЙ МАНБАЛАР МАҚОЛ ВА АФОРИЗМЛАРНИНГ АСОСИ СИФАТИДА
Nilufar MAXSUDOVA (Muallif)Тилнинг кўркини, нутқда маънолар ранг баранглигини, ақл-фаросат ва тафаккурнинг мантиғини номойиш этувчи мақол ва маталлар дунёдаги жамики халқ ва элатларда мавжуд бўлиб, унинг ортида ҳар бир халқнинг дунёқараши, орзу-умидлари, урф-одатлари туради. Шунинг учун ҳам, уни халқнинг турмуш қонун-қоидаларини ўзида жо қилган қисқа ритмик бирлик дейиш мумкин.
Бу халқ оғзаки ижод мактаби дастлаб халқнинг оғзаки ижодида яшаган, ёзув пайдо бўлиши билан мақоллар маданий ёдгорликларда, сўнгра бадиий адабиёт таркибида акс эта бошлаган. Ушбу асарлардаги халқнинг ўй-фикрини ифода этувчи қисқа ва ихчам иборалар кенг омма тарафидан қўлланила бошлагач, улар расман мақол мақомини олиб луғатлардан ўрин олган. Мақолларнинг шаклланишида турли хил омиллар муҳим аҳамият касб этади. Одатда мақоллар қадимги ва мумтоз адабиёт намуналари, диний манбалар орқали бизгача етиб келган.
Маълумки, дин жамият, гуруҳ ёки алоҳида шахснинг маънавий ҳаётини ажралмас қисмидир. У умуминсоний ахлоқ меъёрларини ўзига сингдириб, уларни жонлантиради ва ҳамма учун мажбурий хулқ-атвор қоидаларига айлантиради. Шунингдек, у халқлар маданиятига ҳам катта таъсир кўрсатади. Масалан, муқаддас китобларни христиан ва мусулмонларнинг маданиятига салмоқли таъсирини кузатиш мумкин. Бундай китоблар инсонларнинг тафаккури ва онгига таъсир этган экан, албатта у тилда ҳам акс этади.
Ўзбек ва инглиз мақоллари фондининг шаклланишида мукаддас китоблар саналган Қурьон, Библия, Авесто ва ҳадисларнинг аҳамияти катта. Ушбу манбалардаги илгари сурилган ғоялар, фикрлар ва қуйма иборалар бу икки халқнинг мақоллари ва афоризмларининг яратилишида асос вазифасини ўтаган ва улар ҳали ҳамон ҳар икки тилда ўз долзарб аҳамиятини йўқотмаган. Мазкур мақолада бундай мақол, матал ва афоризмлар таҳлили амалга оширилган, шунингдек, бир-биридан узоқ масофада жойлашган икки ҳудуд вакилларининг мақол ва афоризмлари ушбу халқлар истеъмолига қандай кириб борганлиги тадқиқ этилган.
20-262242716-07-2026 -
ИБН СИНО ВА ҒАЗЗОЛИЙНИНГ ИЛОҲИЁТГА ОИД ҚАРАШЛАРИНИНГ ИСЛОМ ФАЛСАФИЙ ФИКР ТАРАҚҚИЁТИГА ТАЪСИРИ
Ramziddin R. ISAKDJANOV (Muallif)Тарихан ислом цивилизацияси умуминсоний цивилизация ривожига муносиб ҳисса қўшган. Илк ўрта асрларда фаол бўлган аристотелизм, аверроизм ҳаракатлари манбаси айнан мусулмон юртларидир. Ибн Сино ва Ғаззолий каби алломаларнинг асарлари Европа тилларига таржима қилингандан сўнг айнан европаликларда фикрий портлаш юз бергани қайд этилади. Ислом фалсафасига оид асарларнинг гултожи айнан Ибн Сино ва Ғаззолий қаламига мансубдир. Ибн Сино мазкур соҳани тизимлаштирган бўлса, Ғаззолий мантиқий тафаккурнинг асосий муаммоларини кўрсатиб бера олди. Ибн Сино илоҳиётни ўрганишда мантиқий далилларни асос қилган бўлса, Ғаззолий ақлнинг чегараланганлигини, унинг чегараси тугаган ўринда юзага келувчи саволларга илоҳий китоблар жавоб бера олишини исботлашга ҳаракат қилди. Ислом фалсафаси фани назарияси ва методологиясини айнан мазкур икки аллома асарлари барпо қилиши шубҳасиздир.
Ҳозирги даврда диний ва дунёвий фанларни умумлаштиришда дин ва фалсафа синтези муаммоси мавжуд. Бу муаммолар ичида энг асосийси материянинг абадийлиги масаласидир. Ғаззолий ўз асарларида мазкур муаммони кўрсатиб бера олди, Ибн Сино материяни азалий ва абадий эканини мантиқий далиллар билан исботлашга ҳаракат қилди. Шу жиҳатдан замонавий тадқиқотчи ислом фалсафасига қўл урар экан, айнан Ибн Сино фалсафаси ва фалсафа ҳақидаги Ғаззолийнинг қарашларидан тўла воқиф бўлсагина кўзлаган натижасига эришиши мумкин.
Мақолада Ибн Сино, Фаробий, Ибн Арабий, Суҳравардий каби алломаларнинг пантеизм ғоясига оид қарашлари, янгиафлотунча мактабнинг борлиқ ҳақидаги қонуниятлари ва албатта, Имом Ғаззолийнинг баъзи бир масалаларга раддиялари ўрин олган. Нафақат, Марказий Осиё фалсафа тарихида, балки умуман, фалсафа тарихида энг мураккаб ҳисобланган “фалсафа ва дин синтези масаласи” ва “пантеистик қарашнинг теологик-рационал тушуниш масаласи” ҳозирги кунгача дунё тадқиқотчилари томонидан турлича талқин қилинмоқда. Ислом фалсафаси соҳасида мазкур мазкур муаммоли масалага ечим топиш ҳозирги кундаги мафкуравий ёт ғояларни кириб келишини олдини олишда муносиб ўринга эгадир.
39-461952417-07-2026
