- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
DINIY VAZIYATNI O‘RGANISH, TAHLIL ETISH VA BAHOLASHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Utkirbek HASANBOYEV (Muallif)Mazkur maqolada “diniy vaziyat” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari, uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda diniy vaziyat tushunchasining zamonaviy dinshunoslik, sotsiologiya va siyosatshunoslikdagi talqinlari o‘rganilib, Pol Tilik, A.N. Leshinskiy, R.A. Lopatkin kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida ushbu tushunchaning mohiyati yoritilgan. Muallif diniy vaziyatni muayyan hudud va davrda din bilan bog‘liq jarayonlarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va madaniy munosabatlar barqarorligiga ta’siri bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy hodisa sifatida tavsiflaydi.
Maqolada diniy vaziyatning obyekti, predmeti, subyektlari, ichki va tashqi omillari tizimli ravishda tahlil qilinib, davlat va din munosabatlari, konfessiyalararo aloqalar, diniy tashkilotlar faoliyati, ommaviy axborot vositalari va internet makonidagi diniy kontentlarning ta’siri yoritilgan.
Tadqiqot davomida diniy vaziyatni monitoring qilish, baholash va tahlil etishning milliy xavfsizlik hamda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Singapurdagi diniy-siyosiy jarayonlarni tadqiq etuvchi ilmiy markazlar faoliyati misol tariqasida keltirilgan. Shuningdek, diniy vaziyat barqarorligini ta’minlashning asosiy omillari sifatida dunyoviylik tamoyilini mustahkamlash, vijdon erkinligini kafolatlash, diniy sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish, ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda radikallashuv va ekstremizmning oldini olish masalalari tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari diniy vaziyatni ilmiy asosda boshqarish jamiyatdagi bag‘rikenglik, fuqarolik birdamligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashning muhim omillaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
23-292683224-07-2026 -
FIQHIY MAZHABLARDA OHOD XABARNING HUJJAT SIFATIDAGI O‘RNI
Nigora Alisherovna KHAKIMOVA, Soliha Obidjon qizi YODGOROVA (Muallif)Mazkur maqolada ohod xabar tushunchasi va uning fiqhiy mazhablarda hujjat sifatidagi o‘rni va uni qabul qilishdagi metodologik mezonlar ilmiy-nazariy jihatdan keng qamrovli tahlil qilingan. Ohod xabar (xabar al-vohid) islom huquqi manbalari tizimida zonniy (ehtimoliy) dalil sifatida baholanishiga qaramay, amaliy-shar’iy hukmlarni chiqarishda muhim o‘rin egallashi ilmiy asoslab berilgan. Tadqiqotda hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarining ohod xabarni qabul qilish mezonlari va metodologik yondashuvlari qiyosiy tahlil qilingan. Ohod xabarni qabul qilishning beshta ittifoq qilingan sharti (roviyning musulmon, oqil, adolatli, rostgo‘y va zabt sohibi bo‘lishi) hamda hanafiy va molikiylarning qo‘shimcha talablari batafsil yoritilgan. Molikiylar Madina ahli amaliyotiga (amal ahli Madina) zid bo‘lgan xabarlarni rad etgan bo‘lsalar, hanafiylar xabarning umum al-balvo (har bir musulmonga tegishli masala bo‘lib uning hukmini bilishga butun jamiyat muhtoj bo‘lishi) doirasida bo‘lmasligi, roviyning faqih bo‘lishi, rivoyatning qat’iy sobit bo‘lgan shar’iy asoslarga zid bo‘lmasligi kabi qo‘shimcha shartlarni ilgari surganlar. Shofeiy va hanbaliy mazhablari esa sahih isnodni asosiy shart deb bilgan holda, ohod xabarni nisbatan kengroq doirada qabul qilganlar.
Shuningdek, maqolada ahli ra’y va ahli hadis maktablari o‘rtasidagi metodologik farqlar atroflicha yoritilgan. Ohod xabarning qiyos bilan o‘zaro munosabati, xususan, hanafiy mazhabida Karxiy va Dabusiy o‘rtasidagi roviy faqihligi haqidagi nazariy ixtiloflar tahlil qilingan. Tadqiqot davomida, mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarning hadisni inkor etishdan emas, balki uni talqin qilish va huquqiy dalil sifatida qo‘llashdagi yondashuvlardan kelib chiqqani asoslab berilgan.
Natijada, ohod xabar islom huquqi manbalari tizimida muhim dalil sifatida o‘z o‘rniga ega ekani va mazhabdagi tafovutlar fiqhiy qarashlarning boyligini namoyon etishi xulosa qilingan.
17-222662324-07-2026 -
ZAMONAVIY MISR TASHQI SIYOSATINING ASOSLARI VA TAMOYILLARI (2013-2020)
Shukhrat Akmalеvich YOVQOCHEV, Guzal Shukhrat qizi KADIROVA (Muallif)Maqolada Prezident Abdulfattoh as-Sisi davridagi MAR tashqi siyosatini belgilovchi omillar, uning asoslari, tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan. O‘z geosiyosati va ommaviy diplomatiya sohasidagi madaniy-tarixiy merosiga tayanadigan Misr jahonda o‘ziga xos o‘rni va roli borligini bayon etmoqda. Islom omili, davlatning geografik joylashuvi, uning tarixidagi o‘ziga xosliklar, mustamlakada kechgan o‘tmish hamda АQSh, SSSR/Rossiya, Buyuk Britaniya va Frantsiya singari davlatlar bilan o‘zaro munosabatlari, Suvaysh kanalining mavjudligi hamda Nil daryosi suv zaxiralarini taqsimlash muammosi uning tashqi siyosatidagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab beradigan o‘ziga xos jihatlardir. Misr tashqi siyosatining asosiy printsiplari ko‘plab davlatlarga xos qoidalarning anʼanaviy majmuidan iborat bo‘lib, geosiyosiy vaziyati va rivojlanishiga xos xususiyatlari bilangina ajralib turadi.
Misr Аrab Respublikasining geosiyosiy xususiyatlari, o‘ziga xosligi hamda milliy xavfsizlikni taʼminlash vazifalari uning turli «doiralar»dagi milliy manfaatlari bo‘lishi zarurligini belgilab beradi. Masalan, Misrning «Аrab mamlakatlari doirasi»dagi manfaatlari milliy xavfsizlikni arab davlatlari va Аfrika atrofidagi xavfsizlikka asoslangan holda yanada kengroq tushunishni qamrab oladi. Uning «Аfrika doirasi»dagi manfaatlari mintaqa mamlakatlari, ayniqsa, MАR uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Nil havzasi davlatlari bilan o‘z munosabatlarini iqtisodiy va madaniy sohalarda mustahkamlashga intilishida namoyon bo‘lmoqda. «Islom mamlakatlari doirasi»dagi manfaatlar Misr uchun islom dunyosi muammolarini izlab topish va ularning yechimini topish, islom dinidagi mo‘tadillik va bagʼrikenglik qadriyatlarini yoyish hamda dinlararo muloqotni ragʼbatlantirishni anglatadi. «Osiyo doirasi»dagi manfaatlar boshlanayotgan «Osiyo asri»ning bir qismiga aylanish uchun Osiyoning yetakchi mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi. «Evropa doirasi»dagi manfaatlar Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarga taalluqlidir. Misrning jahondagi yetakchi davlatlar bilan munosabatlari «Xalqaro doira»dagi manfaatlar yo‘lida shakllantirilmoqda.
61-683161620-07-2026 -
ABU YUSUFNING “KITOB AL-XAROJ” ASARIDA ISLOM IQTISODIYOTIGA OID QARASHLARNING AKS ETISHI
Dr (Muallif)Ushbu maqolada islom tafakkuri tarixida ulkan iz qoldirgan, hanafiylik mazhabi nazariy asoslarining shakllanishida o’zining katta hissasini qo’shgan mujtahid olim Yoqub Abu Yusufning ijtimoiy-iqtisodiy qarashlari uning “Kitob al-xaroj” asari asosida tahlil qilingan. “Kitob al-xaroj” islom ta’limotidagi hanafiy mazhabi bo’yicha bitilgan ilk yozma manba hisoblanadi. Uning soliq solish muammolari to‘gʼrisidagi ushbu risolasi islom olamida iqtisodiy masalalarni qamrab olgan asar bo’lib, Abu Yusuf VIII asr oxirlarida Abbosiylar xalifaligining bosh qozisi bo‘lib ishlagan paytida yozgan.
Islomning ilk davrida musulmon iqtisodchilari fiqh olimlari bo‘lishgan. Islom shariyati qoidalariga tayangan musulmon olimlari tomonidan o‘z davrlari uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni tadqiq etilishi yangi bilimlarning rivojlanishiga katta taʼsir ko‘rsatgan. Horun ar-Rashid davrida bosh qozi bo‘lgan fiqh olimi Аbu Yusufning “Kitob al-xaroj” asari buning yorqin dalili hisoblanadi. Unda nafaqat soliqqa tortishning huquqiy jihatlariga, balki davlatning iqtisodiy siyosati borasidagi masalalarga ham murojaat etgan.
Ushbu maqolada Abu Yusufning hayoti va faoliyati, ilk islom davridagi soliq tizimining shakllanishi, iqtisodiy-madaniy hayot, yer va suvdan foydalanish tartibi, xalqaro munosabatlardagi tashqi siyosat, turli ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarga yechim sifatida berilgan takliflari birma-bir ko’rib chiqilgan. Mavzu keng miqyosda fiqh ilmiga oid manbalar orqali tahlil qilinsa-da, biroq “Kitob al-xaroj”da keltirilgan fikrlar asosida xulosa qilinadi.
Maqolada davlat boshqaruvi, xalifalik tarixi va anʼanalari haqida qimmatli maʼlumotlar ham keltirilgan. “Kitob al-xaroj” asari islom davlati hududi kengaygan davrda, turli o‘lkalardagi ayrim masalalar tufayli yuzaga kelgan muammolarni yechishga qaratilgan bo‘lib, Аbu Yusuf uni asosan Аbu Hanifaning huquqiy nazariyasiga tayangan holda, shuningdek, eng ishonchli hadislar, sahobalarning aytgan so‘zlari, qo‘llagan usul va qoidalardan foydalanib yozgan. Abu Yusuf mujtahid olim sifatida o’z darining muhim diniy masalalari, jumladan, iqtisodiy soha bilan ham shug’ullanishga majbur bo’lgan. “Kitob al-xaroj” asari undan keyin Yaxyo ibn Odam, Аbu al-Аbbos Muhammad Kotib, Аbu al-Faraj Qudama ibn Jaʼfar, Nasr ibn Muso ar-Romiy, Xasan ibn Ziyod tomonidan ushbu nomda yozilgan kitoblar orasida o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lib, ilmiyligi va daqiqligi bilan ulardan ajralib turadi. Аbu Yusufning “Kitob al-xaroj” asarida bayon etilgan ijtimoiy-iqtisodiy hayot, diniy-falsafiy va islom soliq tizimiga oid tahliliy ma’lumotlar bilan bir qatorda VIII – IX asrlarda Musulmon sharqidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, ilk abbosiylar xalifaligi davrida madaniy-maʼrifiy aloqalar, Abu Yusuf qarashlari xalq farovonligi va ijtimoiy adolat g’oyasining iqtisodiy-falsafiy jihatlari ko‘rsatib o‘tilgan.
52-643152918-07-2026 -
МИСРЛИК ТАРИХЧИ ТОЖУДДИН СУБКИЙ «ТАБАҚОТ АШ-ШОФИЪИЯ АЛ-КУБРА» АСАРИДА ШОШ (ТОШКЕНТ) ОЛИМЛАРИ ФАОЛИЯТИНИНГ ЁРИТИЛИШИ
Nematullo MUKHAMEDOV (Muallif)Фиқҳ – ислом ҳуқуқшунослиги соҳаси сифатида VIII-X асрларда шаклланди ва унинг методологияси вужудга келди. Фиқҳ илми мустақил ҳуқуқшунослик соҳаси сифатида ривожлана бориб, ижтимоий ҳаётнинг барча соҳаларига оид масалаларни қамраб олди. Бу жараён икки ярим аср давом этиб, ислом ҳуқуқшунослигининг шаклланишида “олтин аср” деб номланади. Мовароуннаҳр фиқҳ мактаби олимлари ёзган асарлар туфайли ривожланган Ислом қонуншунослиги халқимиз маънавийҳуқуқий меросининг ажралмас қисми сифатида асрлар давомида Марказий Осиё халқлари ҳаётида муҳим омил бўлиб хизмат қилган.
IX – XII асрлар Марказий Осиёда илмфан ва маданият, айниқса, ислом илмлари тараққий қилган. Бинобарин, юртимиздаги Бухоро, Самарқанд, Насаф (Қарши), Термиз, Хива, Шош (Тошкент) каби қадимий шаҳарлар ислом дунёсидаги илмфан ва маданият марказлари сифатида машҳур бўлган. Жумладан, Тошкент – ўрта аср манбаларида Шош деб номланиб, бу ердан ҳадис, фиқҳ каби ислом илмларида кўплаб таниқли олимлар етишиб чиққан.
Мақолада мисрлик тарихчи Тожуддин Абу Наср Абдулваҳҳоб Субкийнинг “Табақот аш-шофиъия ал-кубра” номли асарида ўрта (IX-XII) асрларда яшаган Шошлик фақиҳларнинг минтақа илмий марказларидаги фаолияти таҳлил қилинган. Шунингдек, Шош воҳасида фиқҳ илмининг ривожланишида ўрта асрлардаги анъанага мувофиқ Самарқанд, Бухоро, Насаф, Термиз ҳамда минтақадаги Марв, Бағдод каби турли шаҳарлардаги мадрасаларда фаолият кўрсатган олимлар ўртасидаги илмий ҳамкорлик масалалари тадқиқ этилган.
4-113751918-07-2026 -
ИСЛОМ ДИНИДА ОИЛАВИЙ МАРОСИМЛАР ВА ХАРАЖАТЛАР
Adhamjon ASHIROV (Muallif)Мазкур мақолада мустақиллик йилларида Ўзбекистонда олиб борилган диний сиёсат, ислом дини, ижтимоий ҳаёт, миллий қадриятлар ва оилавий маросимлардаги ўзгаришлар таҳлил қилинган.
Муаллиф ўзбек оилавий маросимлари, жумладан, фарзанд туғилиши, никоҳ ва мотам маросимларда диний ва миллий қарашларнинг уйғунлашувини этнографик материаллар асосида ёритишга ҳаракат қилган. Қолаверса, ушбу туркум маросимлардаги айрим харажатлар ва исрофгарчиликларни қисқартириш борасида ислом уламолари, имомларнинг қарашларини жума маърузалари ҳамда турли ижтимоий тармоқлар мисолида ёритиб берган.
Муаллиф замонавий ўзбек жамияти, мусулмонлар жамоатчилик фаолияти борасида олиб борган антропологик кузатувлари жараёнида ўзбек имомлари томонидан оила-никоҳ масаласида жума намози, маҳалладаги ва турли жамоавий тадбирлар, телевидениедаги турли ток-шоулар ва радио эшиттиришлар, “Ақиқа” маросими, суннат тўйи, никоҳ ҳамда мотам маросимидаги “амру маъруф” мавъизалари, масжидлар ва имомлар сайтлари ёки ижтимоий тармоқлар (Тelegramm, Facebook, Instagram)даги саҳифаларда кенг муҳокама қилинишига эътибор қаратган. Айнан мазкур йиғишларда ислом уламолари ва имомларнинг доимий чиқишлари натижасида ўзбек халқи маросимий ҳаётида, хусусан, никоҳ маросимларида харажатлар баланси ўзгариб, келин томондан тўй учун қилинаётган харажатлар (мебель, сеп, маросим таомлари) қисқариб, куёв томон зимасига ўтаётганлиги урғу берилган. Шунингдек, ўзбек халқининг оилавий маросимларидаги ўзгаришлар ва трансформацион жараёнлар маросим иқтисодиёти нуқтаи назаридан таҳлил қилинган.
38-462302918-07-2026 -
GLOBALLASHUV SHAROITIDA IJTIMOIY TARMOQ TUSHUNCHASI VA UNING JAMIYAT XAVFSIZLIGIGA TA’SIRI
Zoirkhuja ULMASKHUJAYEV (Muallif)Jahonda kechayotgan keskin globallashuv jarayonlarida axborot texnologiyalari inson faoliyatining barcha sohalariga tatbiq etilmoqda. Jumladan, zamonaviy ommaviy kommunikatsiyalar hozirgi zamon sivilizatsiyasining muhim voqeligiga aylangan, taraqqiy etgan davlatlarda muhim ehtiyoj vositasi hamda ommaviy muloqot subyekti darajasiga ko‘tarildi. Hozirgi kunda axborot makoni gomogenlashuvining yuzaga kelishi ilmiy-texnikaviy va texnologik yutuqlarning keng tarqalishi, ularning umumiy taraqqiyotga xizmat qilishi bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarning mamlakat imijini shakllantirishdagi ya’ni, davlatlarning qo‘lga kiritayotgan olamshumul yutuqlarni jahon media makonida keng targ‘ib qilishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda. Biroq, inson qadriyatini noaxloqiy yo‘nalgan ko‘rinishlarining ommalashishi, shaxs dunyoqarashiga nisbatan yot g‘oyalar bilan ta’sir ko‘rsatish insoniyatning milliy zamini va o‘zligidan begonalashuviga olib kelmoqda. Aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu omillarni shaxs dunyoqarashiga ta’siri, oqibati va tahdid yo‘nalishlarini aniqlash dolzarb ahamiyatga ega.
Rivojlangan davlatlarda fuqarolarning siyosiy madaniyati, xulq-atvori hamda ijtimoiylashuvi jarayonlarini qamrab olgan siyosiy ong, siyosiy qadriyatlar, jamiyatda ishonch omilini mustahkamlovchi fenomen sifatida mafkuraviy tarbiya hamda ijtimoiy tarmoqlar vositasida mamlakat imijini rivojlantirishga yo‘naltirilgan innovatsion texnolgiyalarni kashf etish va ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan salmoqli ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tadqiqotlarda dunyoda globallashuv jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan g‘oyaviy tuzoqlar va ularning madaniyat omiliga ta’siri, ijtimoiy tarmoqlar orqali inson ongini manipulyatsiya qilish hamda har qanday xatti-harakatlarga, milliy manfaatlarga raxna solish, siyosiy qadriyatlarga tajovuz qilish, insoniyatning tarixiy xotirasini buzishga urinishlarning oldini olishning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy yechimlarini tadqiq etish ustuvor ahamiyat kasb etgan. Bu borada axborotlashgan jamiyatni yaratish, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida bo‘lgani kabi axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, eng avvalo, ushbu sohalarning siyosiy, ijtimoiy, huquqiy asoslarini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biridir.
Yangi O‘zbekiston sharoitida shaxs ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashining shakllanishiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’sirini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ma’naviy va mafkuraviy qadriyatlar uyg‘unligida amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Jumladan, mamlakat tarixi va hozirgi yutuqlarini butun dunyoga targ‘ib qilishda va shu orqali davlat imiji, obro‘sini oshirishda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, hozirda rivojlanishning yangi davrini boshlagan mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadigan shaxs ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashining shakllanishiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’sirini tizimli ravishda tadqiq etish ehtiyoji ushbu masalaning dolzarbligini yanada oshiradi.
Ushbu maqolada globallashuv sharoitida ijtimoiy tarmoq tushunchasi mazmun-mohiyati ochib berilgan. Shuningdek, turli ijtimoiy tarmoqlardagi ijtimoiy-siyosiy, diniy-mafkuraviy, ommaviy madaniyatning turli ko‘rinishlari va uning jamiyat xavfsizligiga ta’siri masalalari tadqiq qilingan.
89-993122317-09-2026 -
ТУРКИСТОН ЖАДИДЛАРИДАН ОБИДЖОН МАҲМУДОВ ФАОЛИЯТИ МАҲАЛЛИЙ ВА ЧЕТ ОЛИМЛАРИ НИГОҲИДА
Nodirbek KOMILOV (Muallif)Ушбу мақолада мамлакатимиз тарихида юксак ўринга эга бўлган йирик аллома Обиджон Маҳмудов, унинг жамият ривожидаги ўрни ва у томонидан илгари сурилган қарашлар, ғоялар акс эттирилган. Шу сабабли ҳам, уларнинг ҳаёт йўллари, асарлари ва ғояларини ўрганиш – бугунги кун тарихчиси учун ғоят муҳим аҳамият касб этиши кўрсатилган. Бундан ташқари, олим томонидан ватанимиз, халқимиз тараққиёти учун жуда катта ислоҳотлар амалга оширилганлиги, бунга шонли тарихимиз гувоҳ эканлиги тасвирланиши баробарида олимнинг Қўқон жадидларининг сиёсий етакчиси ҳамда йирик ношир сифатидаги фаолиятининг янги қирралари, йирик тадбиркор ва сиёсий арбоб сифатидаги тарихимизда учрамайдиган фаолияти ҳамда қарашлари маҳаллий ва чет эл олимлари асарлари ҳамда даврий нашрлари асосида ёритилган. Шунингдек, мақолада олимнинг ношир сифатидаги фаолияти Туркистон ва Қўқонда газета ҳамда журналлар сонининг ошишига олиб келганлиги аниқ далиллар билан исботлаб берилган, унинг Туркистон мухториятида вазир ҳамда Қўқон шаҳар думасида депутат сифатидаги фаолияти амалий жиҳатдан ёритилган. Энг муҳими, унинг ҳаракатлари туфайли Қўқон шаҳар савдо-саноат биржаси ташкил этилганлиги кўрсатиб берилган. Шуни алоҳида таъкидлаш лозимки, Обиджон Маҳмудовнинг ҳаёт йўли ва миллий тараққийпарварлик ҳаракати тараққиётига қўшган ҳиссасига доир маълумотлар ва илмий хулосалардан ушбу йўналишга оид илмий тадқиқотлар олиб боришда олий ўқув юртлар, умумтаълим ва ўрта-махсус таълим тизими учун дарслик ва ўқув қўлланмалар яратишда, тегишли давлат музейлари учун экспонатлар тайёрлашда фойдаланиш мумкин. Қолаверса, мақоланинг илмий янгилиги ҳамда амалий аҳамияти жиҳатдан долзарб бўлиши билан биргаликда, ватанимиз тарихи билан қизиқадиган тадқиқотчилар ҳамда кенг жамоатчилик учун муҳим манба бўлиши мумкин
57-651651701-07-2026 -
СОМОНИЙЛАР ДАВЛАТИ ИСЛОМГА АСОСЛАНГАН МАҲАЛЛИЙ БОШҚАРУВНИНГ ИЛК НАМУНАСИ СИФАТИДА
Ziyodilla ZINATULLAYEV (Muallif)Мақолада Сомонийлар давлатининг ташкил топиши, давлат бошқарув тизимининг шаклланиши ҳамда маъмурий лавозимларнинг жорий этилиши бирламчи манбалар ва илмий адабиётлар асосида ёритилган.
Кириш қисмида Араб халифалигидаги сиёсий вазият, Сомонийлар давлатининг ташкил топиши, унинг маъмурий бўлиниши, давлат пойтахтининг ўзгартирилиши масалалари баён қилинган. Шунингдек, сомонийларнинг сиёсий майдонга кириб келиш сабаблари бирламчи манбалар асосида ёритилган.
Услублар қисмида мақолани ёзишда фойдаланилган тарихий таҳлил, анализ, синтез, индукция, дедукция каби методларнинг аҳамияти изоҳланган.
Натижалар қисмида Сомонийлар давлати исломга асосланган маҳаллий бошқарувнинг илк намунаси сифатида кейинги даврларда қорахонийлар, ғазнавийлар, салжуқийлар ва хоразмшоҳлар давлати учун эталон вазифасини ўтагани асосланган.
Муҳокама бўлими уч қисмдан иборат.
Биринчи қисмда Сомонхудот ўғилларининг халифаликка содиқ хизматлари эвазига Мовароуннаҳрда волийликка тайинланишлари. Кеийнчалик Исмоил ибн Аҳмад тарафидан Сомонийлар давлатига асос солиниши ва пойтахтнинг Самарқанддан Бухорога кўчирилиши сабаблари баён этилган.
Иккинчи қисмда Сомонийларнинг Мовароуннаҳрнинг шарқий чегараларидаги ғайридин туркларга қарши олиб борган ғазовот урушлари ва уларга нисбатан халифалар тарафидан бериган унвонларга тўхталиб ўтилган.
Учинчи қисмда Сомонийлар давлат бошқарув тизимининг Араб халифалиги девон тизимидан ўзлаштирилгани ҳамда маҳаллий бошқарув учун давлат идоралари ташкил этилиши ҳақида маълумотлар берилган.
Хулоса қисмида қуйидагилар таъкидланган:
– Сомонийлар Мовароуннаҳдаги илк маҳаллий мусулмон сулола бўлиб, ташқи сиёсатда халифага бўйсунган ҳолда ички бошқарувда тўлиқ мустақил бўлганлар. Сомоний ҳукмдорларнинг ўз номларидан танга зарб қилдиргани ҳамда жума хутбасида халифанинг номидан кейин ўзларини зикр эттиргани бунинг исботларидир.
– Сомонийлар ва улардан кейинги мустақил турк-мусулмон сулолалари узоқ давр тарқоқ ҳолда ривожланган Марказий Осиё минтақасини марказлашган яхлит давлатга айлантирдилар. Мовароуннаҳрда марказлашган бошқарувнинг қарор топиши натижасида ички низолар қирқилиб, савдо-сотиқ, ҳунармандчилик, деҳқончилик, боғдорчилик ривожланди, турмуш фаровонлиги ошди.
– Энг йирик икки туркий қабила – қарлуқлар ва ўғузлар сомонийлар саъй-ҳаракатлари эвазига исломни қабул қилдилар; Қорахонийлар, Ғазнавийлар, Салжуқийлар, Хоразмшоҳлар, Усмонийлар, Тулунийлар каби ислом таълимотидан озиқланган кучли бошқарувга эга марказлашган мусулмон давлатларига асос солдилар, шунингдек, кейинги даврлар давлат бошқаруви учун андоза сифатида хизмат қилдилар.
– Сомонийлар томонидан биринчи бўлиб ташкил этилган турк ва суғд чокарларидан иборат мунтазам қўшин тури кейинчалик араб халифалигида ҳам кенг тарқалиб, тарихга мамлук ғуломлари тизими деган ном билан кирди. Унинг ҳаётий кучини таъминлаган омиллардан бири ислом таълимотига асосланган марказлашга бошқарув бўлди.
11-211431815-07-2026 -
ЎЗБЕКИСТОНДА АМАЛГА ОШИРИЛАЁТГАН ИСЛОҲОТЛАРДА ДИНИЙ ЭРКИНЛИКЛАРНИ ТАЪМИНЛАШНИНГ ЎРНИ
Timur AHMEDOV (Muallif)Мақолада Марказий Осиёда диний эркинлик ва қарашлар, уларнинг ривожланишига ҳамда мустақилликнинг дастлабки йилларидаги диний сиёсатга қисқа назар ташланиб, сўнгги йиллларда мамлакатимизда олиб борилган ислоҳотлар Ўзбекистон жамияти ҳаётининг барча жабҳаларига, шу жумладан, диний эркинликларни таъминлаш соҳасига ҳам ўзининг ижобий таъсирини ўтказгани, хусусан, ушбу йўналишдаги асосий вазифалар 2017-2021 йилларда Ўзбекистонни ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегиясида аниқ акс эттирилгани, мамлакатда диний соҳада бошланган ислоҳотлар, аввало, диний эркинлик учун шароит яратишга, фуқароларнинг ҳуқуқ ва манфаатларини ҳимоя қилишга қаратилгани хусусида сўз боради.
Муаллиф фикрига кўра, ўзгаришлар эътиқод эркинлигига оид конституцион ҳуқуқларни амалга ошириш учун қулай ташкилий-ҳуқуқий шароитларни яратди, диний ташкилотлар фаолияти эркинлигининг ҳуқуқий кафолатлари сезиларли даражада мустаҳкамланди. Хусусан, 2020 йил июнь ойида Инсон ҳуқуқлари бўйича Ўзбекистон Республикасининг миллий стратегияси тасдиқланди ва унда мамлакатда виждон эркинлигини таъминлашнинг ҳуқуқий механизмлари такомиллаштирилиши назарда тутилди. 2021 йилнинг июль ойида эса Янги таҳрирдаги «Виждон эркинлиги ва диний ташкилотлар тўғрисида»ги Ўзбекистон Республикаси Қонуни қабул қилинди.
Мақолада таъкидланишича, 2017 йилнинг октябрь ойида БМТнинг Инсон ҳуқуқлари Кенгашининг Дин ва эътиқод эркинлиги масаласи бўйича махсус маърузачиси А.Шаҳид 15 йил давомида Ўзбекистонга илк бор ташриф буюриши ва мазкур ташриф якунлари доирасида билдирилган 12 та тавсия асосида Ўзбекистон Республикаси парламенти томонидан эътиқод эркинлигини таъминлаш бўйича “Йўл харитаси” тасдиқлангани бу борадаги ислоҳотлар ортга қайтмас тус олганидан далолат бермоқда.
Шунингдек, муаллиф 2020 йилнинг октябрь ойида Ўзбекистон Республикаси БМТ тизимидаги энг нуфузли ҳукуматлараро органлардан бирига – Инсон ҳуқуқлари бўйича кенгашига аъзо сифатида сайланди ва 2021-2023 йиллар даврида ушбу тузилма фаолиятида фаол қатнашиб келаётганига, 2020 йилнинг декабрь ойида эса АҚШ Давлат департаменти халқаро диний эркинликлар бўйича ўзининг матбуот учун баёнотида “сўнгги бир йил ичида Ўзбекистоннинг эришган муҳим, аниқ ютуқлари асосида диний эркинлик бўйича “махсус кузатувдаги давлатлар рўйхати”дан чиқарилганига эътибор қаратмоқда.
Муаллиф фикрига кўра, бу борадаги ишлар 2022-2026 йилларга мўлжалланган янги Ўзбекистоннинг тараққиёт стратегиясида ҳам 74- мақсад сифатида жамиятда миллатлараро тотувлик ва динлараро бағрикенглик муҳитини мустаҳкамлаш ва кенгайтириш вазифасида акс этгани диний эркинликларни таъминлаш масаласи ҳукумат кун тартибидан чиқмаганини кўрсатмоқда.
Шу билан бирга, ушбу қисқа давр ичида диний эркинликларни таъминлаш соҳасида амалга оширилган ислоҳотлар натижаларини чуқур таҳлил қилиш ҳамда уларнинг мазмун-моҳиятини очиб бериш ва кенг жамоатчиликка етказиш бугунги кунда муҳим аҳамият касб этмоқда.
46-562452017-07-2026 -
2011-2012 YILLARDA MISRDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY NOROZILIKLARNING NAMOYON BO‘LISH XUSUSIYATLARI.
Guzal KADIROVA (Muallif)Maqolada “Arab bahori” voqealari tahlil qilingan bo‘lib, uning sabablarining murakkabligi va “demokratiya paradoksi”ning dolzarbligi qayd etilgan. Mazkur maqola 2010-yillarda Yaqin Sharq va Mag‘rib mamlakatlarida hukumatga qarshi bir qator norozilik namoyishlari ko‘rinishida bo‘lib o‘tgan “Arab bahori” hodisasiga bag‘ishlangan. G‘arb siyosatchilarining fikriga ko‘ra, “Arab bahori” demokratik va adolatli jamiyat qurishga qaratilgan edi. Mintaqa davlatlarida ommaviy noroziliklarga iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sabablar asos bo‘lgan. Aytish mumkinki, ularni ichki siyosiy inqiroz va hokimiyat bilan to‘qnashuv kabi yomon holatlar qo‘zg‘atdi.
Maqolada 2010 yilning ikkinchi yarmida yakka tartibdagi norozilik namoyishlari shaklida boshlangan, ammo keyinchalik 2011 yil yanvarida ommaviy namoyishlarga aylangan Misrdagi mazkur jarayon ko‘rilib, tadqiq qilingan. Misrdagi rejim o‘zgarishi AQShning o‘sha paytda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi asosiy tashqi siyosat aktori sifatidagi faol pozitsiyasi asosida yuz berdi. Muxolifat kuchlarining dastlabki maqsadi amalga oshganligi, ya’ni – H.Muborakning iste’foga chiqishi va G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga qaramay, Misrdagi “Arab bahori” siyosiy va iqtisodiy hayotda kutilgan demokratiyalashuv va liberal islohotlarni olib kelmadi. Misrda “jamiyatni demokratlashtirish” kontseptsiyasini qo‘llagan muxolifat islohotchilari birinchi bosqichda avtokratik yoki harbiy tuzumdan demokratik hukumatga o‘tishni talab qildilar. Norozilik namoyishlari asta-sekin katta va katta jamoatchilik doiralarini jalb qildi, bu esa Misrda deyarli 30 yil davomida mamlakatni boshqargan prezidentning ag‘darilishi va iqtisodiyotning tanazzulga uchrashiga sabab bo‘lgan inqilobga olib keldi. Misrda “Arab bahori”ning ikkinchi bosqichida harbiy kuchlarning bosimi natijasida ikkinchi marotaba hokimiyat almashdi. Tahlil natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, Misrdagi voqealar “demokratiya paradoksiga” olib keldi, ya’ni demokratik jarayonlarning kuchayishi hokimiyatga nodemokratik, bu holda islomiy kuchlarni olib keldi.
35-453052717-07-2026 -
TOSHKENT VILOYATI SANOATINI RIVOJLANISHINING TASHKILIY-IQTISODIY MEXANIZMI
Nilufar Sherkulovna BATIROVA (Muallif)Innovatsion iqtisodiyotga o‘tish sharoitida viloyat sanoat korxonalarining samarali faoliyat yuritishi davlat boshqaruvining barcha tuzilmalarida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni taqozo etdi. Har bir sanoat korxonasi uchun qulay innovatsion sarmoyaviy muhitni ta’minlash, samarali mexanizm yaratish orqaligina viloyat yangilanish va taraqqiyot yo‘liga kirishi mumkin edi. Maqolada innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida mintaqa sanoatini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish yo‘nalishlari bayon etilgan. Bir qator mexanizmlar va ularning o‘lchovlari berilgan. Innovasion faoliyatni hududiy boshqaruv organlari tomonidan qo‘llab quvvatlash imkoniyatlari keng yoritilgan. Xususan, moliyaviy xavfsizlik va soliq imtiyozlari masalasiga alohida to‘xtalgan. Shuningdek, innovasion markazlarning ahamiyati, texnologik transfer markazlarni ochish zaruriyati batafsil yoritilgan. Texnologik transfer markazlarining vazifalari va ushbu yo‘nalishda qilinadigan ishlar ketma ketligiga ham to‘xtab o‘tilgan. Shuningdek, rivojlantirish fondini tashkil etish, fondning maqsad va vazifalari, faoliyat doirasi hamda bu sohadagi bir qator dasturlar taklif etilgan. Maqolada hudud sanoati majmuasining innovasion tuzilmasi tahlil qilingan bo‘lib, uning bozor, resurs, moliyaviy, innovasion hamda motivasion bloklarning tarkibiy qismlari yoritilgan. Hudud sanoatining rivojlanishi uch bosqichda (boshlang‘ich, o‘rta va yakuniy) batafsil tushuntirilgan. Mintaqa sanoatini rivojlantirish modelini ishlab chiqish zaruriyati va muammolarni qo‘yilish darajasi asoslangan. Hududiy sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aniqlangan. Asosiy prinsiplari, mexanizm va vositalari ishlab chiqilgan. Hududiy sanoat klasterlarining faoliyariga sifat va miqdor jihatdan baho berilgan. Shuningdek, hududiy sanoatni rivojlantirish modelining tizimli tahlili amalga oshirilgan. Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xulosa o‘rnida sanoatni rivojlantirish bo‘yiha qo‘yilgan vazifalar hamda ularni amalga oshirish yo‘nalishlari doirasida takliflar berilgan. Shuningdek, viloyatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini o‘z ichiga olgan. Chora-tadbirlar hudud tarkibiga kiruvchi tuman va shaharlar o‘rtsidagi tavofutni qisqartirishga qaratilgan.
68-762072323-07-2026 -
ЯНГИ ЎЗБЕКИСТОН ТАРАҚҚИЁТИДА ИЖТИМОИЙ-СИЁСИЙ ИНСТИТУТЛАРНИ ЯНАДА РИВОЖЛАНТИРИШНИНГ ЎЗИГА ХОС ЖИҲАТЛАРИ
Golibjon MAKHAMMADJANOV (Muallif)Мазкур мақола 2016-2022 йилларда мамлакатимиз сиёсий ҳаётида амалга оширишган ўзгаришлар, ислоҳотлар, жумладан, фуқаролик жамияти ва унинг асосий иинститутларнинг ривожланишига доир амалга оширилган туб ислоҳотларнинг динамикаси очиб берилган. Асосий эътибор, анъанавийлик ва замонавийлик муносабатлари давомида сиёсий институтларнинг ўрни ва роли масаласининг илмий ва амалий жиҳатларига қаратилган. Хусусан, 2017 йилдан бошлаб мамлакат давлат бошқарувини ислоҳ қилиш билан боғлиқ қабул қилинган стратегия билан боғлиқ қарорларнинг янги жараёнларда мамлакатнинг тараққиётида ўрни ва роли моҳияти очиб берилган. Бу борада “2017-2021 йилларда Ўзбекистон Республикасининг ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегияси” ҳамда 2022 йилда 29 январда қабул қилинган 2022-2026 йилларга мўлжалланган “Тараққиёт стратегияси” доирасида сиёсий институтлар ва бошқа фуқаролик жамияти институтлари ривожлантириш билан боғлиқ қабул қилинган бир қатор вазифаларнинг мазмун-моҳияти таҳлил қилинган. Мамлакат сиёсий, иқтисодий, ижтимоий соҳаларда юз бераётган турли ўзгаришларда сиёсий сиёсий институтларнинг ўрни ва роли қанчалик аҳамиятли эканлиги мазкур мақоланинг асосий концептларидан бирини ташкил этган. Янги Ўзбекистон қуриш асосида жамиятнинг сиёсий институтлар фаолиятини янада такомиллаштиришнинг асосий йўналишлари ҳамда Тараққиёт стратегиясининг асосий мақсадларини амалга оширишда сиёсий институтлар фойдаланишнинг истиқболлари юзасидан тегишли таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган. Шу билан бирга, Янги Ўзбекистон стратегияснинг ўзига хос жиҳатлари ва унинг тарихий зарурияти, уни амалга ошириш билан боғлиқ турли тенденциялар, ушбу жараённинг ўзига хос хусусиятлари тадқиқ этилган. Бу борада илғор хорижий давлатлар тажрибаси, замонавий ёндашув ва қарашлар ҳамда бу жараёнда сиёсий институтларнинг ўрни ҳамда Ўзбекистонда тарихий ривожланашининг ўзига хос хусусиятлари очиб берилган. Жумладан, анъанавий жамиятларнинг ўзгаришлари тенденциялари ҳамда замонавийлашув муносабатларининг Янги Ўзбекистон стратегиясида ўрни ва роли масаласининг асосий омилларига эътибор қаратилган. Янги Ўзбекистон стратегиясида фуқаролик жамияти институтларининг ўрни ва роли масаласи қанчалик муҳим эканлиги ҳамда бу жараёнлар ҳар қандай давлатлар ва жамиятлар учун асосий ривожланиш омили эканлиги асослаб берилган. Шунингдек, жамиятда, хусусан, замонавийлашув жараёнининг йўналишлари, амалга ошириш механизмлари, шу билан бирга, сиёсий институт-ларнинг анаъанавий ва замонавий моделлари ва типлари тараққиёт босқичлари, имкониятлари, эҳтиёжлари атрофлича таҳлил этилган. Сиёсий институтларнинг анъанавий ва замонавий жамиятларда улардан фойдаланишнинг модернизациялашувнинг асосий технологияларининг ўзига хос жиҳатлари алоҳида таҳлил этилган. Айни пайтда глобаллашув шароитида сиёсий институтларнинг давлат ва жамият хавфсизлиги таъминлашда ўрни концептуал жиҳатдан асослаб берилган.
41-493391906-07-2026 -
МУСТАҚИЛЛИК ЙИЛЛАРИДА ТАСАВВУФ АЛЛОМАЛАРИ ИЛМИЙ МАЪРИФИЙ МЕРОСИНИ ТИКЛАШ БЎЙИЧА ОЛИБ БОРИЛГАН ИСЛОҲОТЛАР
Tokhir KHATAMOV (Muallif)Мазкур мақолада Марказий Осиёдаги тасаввуф мактабларининг кўп асрлик илмий-маърифий меросини ўрганиш, тиклаш бўйича юртимиздаги олиб борилган ислоҳотлар жараёни тадқиқ этилган.
Мустақиллик йилларида олиб борилган ислоҳотларга ушбу мақолада урғу берилишининг асосий сабаби шундаки Ўзбекистон Республикаси XX аср сўнгги чорагида мустамлака занжирларидан холос бўлиб мустақилликка эришди. Тарихдан маълумки истиқлолга эришган давлатлар ўз тарихи, дини, тили, маданиятини қайта тиклашга асосий эътиборни қаратади. Миллий қадриятларимизнинг тизимли ва тадрижий тикланиши бўйича олиб борилаётган ислоҳотлар жараёнида миллий ҳуқуқий негиз муҳим омил ҳисобланади. Шу жиҳатдан истиқлолнинг илк йилларида Президент ва ҳукумат томонидан чиқарилган фармон, қарор, фармойишларнинг илмий-тарихий ва ижтимоий-маънавий аҳамияти таҳлил қилинди. Қабул қилинган фармон ва қарорларда белгиланган устувор вазифалар ҳамда режа ва дастурларда бажарилиши зарур бўлган ишларнинг долзарблиги очиб берилди.
Аммо аждодлар меросининг кўлами жуда катта бўлиб, уни қисқа вақтнинг мобайнида қайта тиклаш катта меҳнат ва масъулиятни талаб қилади. Шу билан биргаликда, диний соҳадаги ислоҳотларни амалга ошириш ҳам мураккаб жараён бўлиб, собиқ мустамлакачилик ва атеистик тузум давридаги катта террор ва мафкуравий ёлғонлар халқ руҳиятида эврилишларга сабаб бўлган эди, бу муаммо ўз навбатида мустақилликнинг дастлабки йилларида жамиятда баъзи ғоявий зиддиятларга ҳам сабаб бўлди, онг ва тафаккурдаги инқирозларни бартараф этиш бирмунча мураккаб ҳолат бўлганлиги сабабли, бу жараён ўзига хос “ўтиш даври”ни вужудга келтирди.
Аммо турли мураккабликларга қарамасдан ҳуқуқий ислоҳотлар амалга оширилди, алломалар меросини қайта тиклаш ишлари тизимли равишда йўлга қўйилди. Бугунги кунга келиб тасаввуф алломалари меросини ўрганиш янги босқичга кўтарилиб, кўплаб илмий-тадқиқот ишлари амалга оширилмоқда. Халқимиз ҳам алломалар илмий маърифий меросидан баҳраманд бўлиб, илмий тадқиқот ва таълим муассасаларида турли лойиҳалар, мақолалар, монографиялар нашр этилиб кенг жамоатчиликка тақдим этилмоқда. Шу сабабли мазкур мақолада мамлакатимизда олиб борилаётган ислоҳотларнинг янги босқичини алоҳида тадқиқ этишга ҳам эътибор қаратилди.
49 - 581842507-07-2026 -
TATARISTON RESPUBLIKASINING MUSULMONLARINING DINI IDORASI VA UNINH TARKIBIY BO’LINMALAR VA MASJIDLARNING IJTIMOIY HAYOTIGAGI HISSASI
Ramil ADYGAMOV (Muallif)Zamonaviy dunyoda dinning o’rni sezilarli darajada oshdi va musulmon diniy tashkilotlar Rossiyaning turli hududlari va xususan Tataristonning ijtimoiy hayotiga tobora ko’proq ta’sir ko’rsatmoqda. Bugungi kunda Tatariston Respublikasida bir qator ijtimoiy loyihalar mavjud. Ulardan ba’zilari bevosita ma’naviy boshqaruv va uning tarkibiy bo’linmalarining tashabbusidir, loyihalarning ikkinchi qismi esa boshqa jamoat tashkilotlari homiyligida rivojlanmoqda. Ammo, ular ham ma’naviy boshqaruv qo’llab-quvvatlash bilan amalga oshirilmoqda. Ma’naviy boshqaruvning tarkibiy bo’linmalari ostida ushbu tadqiqot targ’ibot bo’limi, Zakyat jamg’armasi, kaziyat, muxtasibatlar va masjid-mahallalarni nazarda tutadi. Xayr-ehsonning ikkinchi yo’nalishini rivojlantirish Rossiya federatsiyasi musulmon tadbirkorlari uyushmasi kabi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi, ammo ushbu tadqiqot doirasida ular tadqiqot mavzusidan tashqariga chiqqani uchun ko’rib chiqilmaydi. Tadqiqot materiallarini o’rganish va tahlil qilish shuni ko’rsatdiki, bugungi kunda diniy tashkilotlar faoliyati ta’lim, sport, madaniy-ommaviy tadbirlar, xayriya va h.k. sohasiga ta’sir ko’rsatib, zamonaviy jamiyatning turli ijtimoiy muammolarini hal qilishda davlatga katta yordam ko’rsatmoqda. Shu munosabat bilan davlat organlari va Islom diniy tashkilotlarining xayriya, dam olishni tashkil etish, musulmonlarni o’qitish va tarbiyalash masalalarida o’zaro hamkorligi mintaqada barqarorlikni saqlash va mustahkamlashga katta ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Tadqiqotning maqsadi: musulmon diniy tashkilotlarning Tatariston Respublikasining ijtimoiy hayotiga qo’shgan hissasini aniqlashdan iborat.
Tadqiqot materiallari: tadqiqot manbasi asosan internetdagi Islomiy diniy tashkilotlarning faoliyati, shuningdek, muallifning faoliyati davomidagi erkin kuzatuvlari bo’yicha nashrlardan iborat.
Tadqiqot natijasi: tadqiqotimiz natijasida Tatariston Respublikasida diniy tashkilotlarning asosiy faoliyati va ularning ijtimoiy hayotga ta’siri o’rganildi.
Tadqiqotdagi yangicha yondashuv: ushbu tadqiqot doirasida birinchi marta Islomiy diniy tashkilotlar faoliyatiga oid materiallarning kompleks tahlili amalga oshirildi.
40 - 452532106-07-2026 -
ТАСАВВУФ ТАЪЛИМОТИДА ИРФОН ТУШУНЧАСИ ВА УНИНГ МАЗМУН-МОҲИЯТИ
Zamirakhon ISAKOVA (Muallif)Мақолада ирфон тушунчасининг мазмуни ва моҳияти, ирфон аҳлининг борлиқ, билиш, комил ахлоқ, маънавият ва маърифат, ижтимоий ривожланиш, илм-фан ҳақидаги қарашлари Шарқ фалсафий тафаккури ривожида салмоқли ўрин эгаллаган мутафаккирларнинг қарашлари билан муштараклиги, ирфоний билимларнинг янгича таснифи ҳамда унга тегишли тасаввуфий-ирфоний манбалар асосида очиб берилган.
Ирфоний адабиётларнинг Шарқ халқлари ижтимоий-маънавий ҳаёти, илм-фан, маданият, адабиёт ривожига ижобий таъсир кўрсатгани ҳамда умуминсоний маданиятнинг таркибий қисмига айлангани илмий билишнинг объективлик, интерпретация, тарихийлик, мантиқийлик, ворисийлик, тизимлилик, герменевтика, қиёсий таҳлил усуллари асосида тадқиқ этилган.
Ирфон руҳий-маънавий покликни талаб этадиган мураккаб ҳодиса сифатида бир тарафдан, диний илмларни мужассам этса, иккинчи тарафдан, динда диннинг моҳиятини ифодалайди. Дин билан ирфон илми моҳият ва ҳодиса, мазмун ва шакл муносабатлари каби мураккаб ва бир-бирига ўзаро боғлиқ ҳодиса, яъни ислом дини минг йилдан ортиқ тарихи давомида мусулмон халқларнинг имон-эътиқоди билан бирга ҳаёти ва тафаккур тарзи, маънавиятининг ажралмас қисмига айланган. Шу билан бирга, тасаввуф таълимотининг таркибий қисми ирфон ҳам асрлар оша динни фаоллаштирувчи, жонлантирувчи функцияни бажарган. Ирфон илми қадимдан турли шакл ва номлар билан аталиб, илоҳиётшунослик ва диний манбаларда турлича талқин этилган.
Ирфоний илмларнинг иерархик таснифи шариат, тариқат, маърифат асосида тушунтирилиб, ирфон илмининг ижтимоий ҳаётдаги ўрни, ирфон аҳлининг жамиятдаги фаоллиги диний анъаналар интеграциясига йўл очгани, тариқат аҳли ўртасидаги жипслик, биродарлик, альтруизм, жавонмардлик каби фазилатлар орқали жамиятни соғломлаштириш ва ахлоқий етукликка эътибор қаратилгани, орифлар ахлоқий талаб ва меъёрларни худосеварлик ва баркамоллик тушунчалари билан уйғунлаштириб, амалиётда қўллаш билан бирга, юксак ахлоқий тамойил ва меъёрларни ўз фаолиятларида намоён этганлари объектив баҳоланган.
Тасаввуф аҳлининг инсоният маънавий камолоти ва ақлий салоҳияти баркамоллиги учун хизмат қиладиган бебаҳо ирфоний асарларининг бугунги кунда ҳам ахлоқий меъёрларни жамиятни тузатиш, ҳар тарафдан бостириб келаётган ижтимоий зарарли хавфларнинг олдини олиш, глобал жараёнларга маърифат билан ёндашиш, бунинг ортидан башариятни, шу орқали дунёни ворисийлик мезони асосида такомиллаштиришдаги муҳимлиги, шу асосда, тасаввуфий-ирфоний асарлар таржималарини амалга ошириш орқали ёшларнинг тарихий хотирани англашларига доир янги парадигмал ёндашувларни ишлаб чиқиш зарурлиги илмий асосланган.
55 - 651832806-07-2026 -
ХРИСТИАН ДИНИНИНГ КИБЕРМАКОНГА КИРИБ КЕЛИШ ТАРИХИ
Shohsanam NIYAZOVA (Muallif)Мақолада кибермаконга христиан динининг кириб келиши, мазкур динга оид илк виртуал форумлар, гуруҳлар, тармоқ ва веб-сайтлар тарихи тўғрисида сўз юритилган. Бу жараёнларни тадқиқ этган олимларнинг дин, хусусан, христианликнинг Интернетда кенг ёйилиши ва бунинг ўзига хос жиҳатлари борасидаги нуқтаи назарлари очиб берилган. Эътиборлиси, бу жараёнларнинг гувоҳи бўлган ёхуд шахсан иштирок этган АҚШлик, Канада ва англиялик олимларнинг шахсий кузатувларидан мисоллар келтирилган. Дин ва интернет мавзусидаги тадқиқотлар уч давр (тўлқин)га бўлиниши ҳисобга олинган ҳолда ҳар бир даврнинг етакчи намояндалари тадқиқотларига тўхталиб ўтилган. Ушбу изланишлар натижасида қандай хулосаларга келингани баён этилган.
ХХ асрнинг иккинчи ярмида онлайн эълонлар доскаси (BBS)да фақат пост ёзиб қолдиришдан бошланган мазкур жараён тез суръатларда ривожланди. Диний қарашлар баён қилинадиган алоҳида форумлар (масалан, “Origins”, 1983 й.) ва айнан христианларга мўлжалланган виртуал гуруҳлар (“net.religion.christian”, 1984 й.) юзага келди.
Муаллиф томонидан бу гуруҳларга нафақат оддий аҳоли, балки черковлар ҳам қизиқиш билан қарагани ва фаол иштирок этганининг замирида қандай омиллар борлиги таҳлил қилинган.
Мақолада диний мулоқот олиб бориш учун очилган дастлабки тармоқ – “Ecunet” ҳамда унда шаклланган виртуал жамоалар томонидан оммавий ва хусусий (тўлов асосида кириш мумкин бўлган) суҳбатларда қандай мавзулар муҳокамасига кўпроқ эътибор қаратилгани баён қилинган. 1986 йилда христианлик тарихида биринчи марта онлайн ўтказилган қайси диний маросим — “Challenger” космик кемасида бедарак кетган фазогирлар хотираси ёд олиб, сўнгги йўлга кузатилгани тўғрисида маълумот берилган.
Гиперматн билан ишлаш, веб-сайтлар очиш имкониятининг яратилиши билан бир вақтда “World wide web” (Бутундунё ўргимчак тўри)нинг барча учун бепул жорий этилиши христианликнинг кибермакондаги ривожланиш динамикасига қай тарзда таъсир этгани кўрсатиб берилган. Бунда киберкоммуникация технологияларининг олдинги сафида бўлган веб-сайтлар ҳамда улар қайси оқим ва черковларга тегишли бўлгани тўғрисида маълумотлар келтирилган.
76 - 833172405-07-2026 -
ARAB TILINI CHET TILI SIFATIDA O’QITISH USULLARI
Mashkhura Mirzaakbarovna KADYROVA (Muallif)Ushbu maqolada Arab tilini chet tili sifatida o'qitish metodikasi muammosi, shu jumladan, o'qitish maqsadlari, mazmuni, usullari va vositalari, shuningdek, chet tili yordamida o'qitish va tarbiyalash usullari ko'rib chiqilgan. Maqolada, shuningdek, zamonaviy o'qitish metodikasi muammolari muhokama qilinib, chet tillarini o'qitishning turli usullari taqqoslab berilgan. Arab tili o'ziga xos xususiyatlarga ega, lingvistik o'rganish ob'ekti sifatida ajralib turadi va tavsiflanadi: yozish, talaffuz, grammatika va boshqalar, umuman chet tillarining o'ziga xos xususiyatlari ajralib turadi va tavsiflanadi, pedagogikaning tegishli fanlar bilan aloqalari tadqiq etilgan.
Maqolaning maqsadi – Arab tilini o'qitish usullarini o'rganishni tahlil qilish, shuningdek, Arab tilining lingvistik xususiyatlari va umuman chet tillarini o'qitish metodikasining xususiyatlariga alohida e'tibor berishdir. U kategorik rejaning asosiy, adabiy dolzarb muammolariga ta'sir qiladi: o'quv maqsadlari, o'quv mazmuni, o'qitish usullari, vositalari, tamoyillari va o'quv jarayonida ularning pragmatik, amaliy jihatlari. Chet tillarini o'qitishning zamonaviy talablariga muvofiq, ba'zi uslubiy savollar darslikda tubdan yangi ovozga ega bo'ladi: zamonaviy o'quv vositalari, o'quv-uslubiy to'plamlarni yaratishga innovatsion yondashuvlar. Shuningdek, maqolada maktab, fakultativ va oliy o'quv yurtlari kabi turli jamoat muassasalarida Arab tilini o'qitishning asosiy bosqichlari ko'rib chiqilgan. Arab tilini o'qitishda boshqa chet tillariga nisbatan umumlashtirilgan tavsiflar berilgan.
So'nggi yillarda chet tillarini o'qitish metodikasi masalasi o'quv sohasidagi mutaxassislarning tadqiqotlari markazida bo'lib kelmoqda. Chunki bugungi kunda bu muammo kam o'rganilgan va filolog o'qituvchilarning diqqat-e'tiborini talab qilmoqda.
Chet tillarni o'qitish omillariga, masalan, o'qitish maqsadlari, uning mazmuni, shakllari va usullari, shuningdek, o'qitish vositalari va chet tillarini o'qitish qonuniyatlariga alohida e'tibor qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu maqola dolzarbligining asosiy qoidalari ochib berilgan va xulosalar berilgan.
82-903741816-07-2026
