- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
ABU HAFS NASAFIY TAFSIRIDA QUR’ON VA UNING INSON KAMOLOTI HAMDA JAMIYAT BARQARORLIGIGA TA’SIRI
Ahrorxon ABDURASHIDOV (Muallif)Mazkur maqolada Movarounnahr tafsir maktabining yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiyning merosida Qur’oni karimning inson kamoloti hamda jamiyat barqarorligiga ta’siri masalasi ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotning asosiy maqsadi Abu Hafs Nasafiy tafsirida Qur’on oyatlarining insonni ma’naviy, axloqiy va ruhiy jihatdan tarbiyalashdagi o‘rni hamda jamiyatda ijtimoiy adolat, hamjihatlik va barqarorlikni ta’minlashga doir qarashlarini aniqlashdan iborat. Shuningdek, maqolada mufassirning oyatlarni sharhlash metodologiyasi, uning aqidaviy va axloqiy qarashlari, Qur’on ta’limotlarini inson hayoti bilan bog‘lash uslubi hamda tafsirga oid merosining ilmiy ahamiyati yoritilgan.
Tadqiqot jarayonida tarixiy-qiyosiy, tahliliy-sintetik, tavsifiy, matnshunoslik va germenevtik metodlardan foydalanilgan. Abu Hafs Nasafiyning “At-Taysir fit-tafsir” asarida keltirilgan oyatlar tahlili asosida uning inson kamoloti, axloqiy tarbiya, sabr, shukr, taqvo, adolat va ijtimoiy mas’uliyat haqidagi qarashlari o‘rganilgan. Shuningdek, Qur’onda zikr qilingan tarixiy qavmlar misolida jamiyatlarning yuksalishi va tanazzuliga sabab bo‘luvchi omillar tafsiriy manbalar asosida tahlil qilingan.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, Abu Hafs Nasafiy tafsirida Qur’on insonni komillikka yetaklovchi asosiy ma’naviy manba sifatida talqin qilingan. Mufassirga ko‘ra, insonning haqiqiy kamoloti iymon va ezgu amallar uyg‘unligi orqali shakllanadi. Adolat, halollik, mas’uliyat va taqvo jamiyat barqarorligini ta’minlovchi muhim omillar sifatida baholanadi. Nasafiy tarixiy voqealar va qavmlar misolida ma’naviy qadriyatlardan uzoqlashish jamiyat tanazzuliga olib kelishini asoslaydi. Xulosa qilib aytganda, alloma tafsirida Qur’on inson tarbiyasi, ma’naviy yuksalish va jamiyat taraqqiyotining muhim manbai sifatida namoyon bo‘ladi. Mazkur tadqiqot Abu Hafs Nasafiy tafsirining ilmiy ahamiyatini yoritish bilan birga, uning zamonaviy ijtimoiy-ma’naviy jarayonlar uchun ham dolzarb ekanligini ko‘rsatadi.
27-341951014-10-2026 -
UNITWIN AKADEMIK DIPLOMATIYA VA MADANIYATLARARO MULOQOT PLATFORMASI SIFATIDA
Nurulloh TURAMBETOV (Muallif)Maqolada UNESCOning UNITWIN va UNESCO kafedralari dasturi zamonaviy globallashuv sharoitida akademik diplomatiya, madaniyatlararo muloqot hamda tinchlikni mustahkamlash vositasi sifatida tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi 1992-yilda UNESCO tomonidan universitetlararo hamkorlik mexanizmi sifatida tashkil etilgan ushbu dastur qanday qilib diniy bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini rivojlantiruvchi “yumshoq kuch” kanaliga aylanganini aniqlashdan iborat.
Maqolada UNESCO hujjatlari, Buxoro deklaratsiyasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasidagi Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish bo‘yicha UNESCO kafedrasi materiallari tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston tajribasi akademik diplomatiya va dinlararo hamkorlikning amaliy namunasi sifatida ko‘rib chiqilgan.
Tadqiqot natijalari UNITWIN/UNESCO kafedralari dasturi nafaqat ta’lim va ilmiy faoliyat, balki diplomatik va tinchlikparvarlik vazifalarini ham bajarishini ko‘rsatadi. UNESCO kafedralari dinlararo muloqotni rivojlantirish, global fuqarolikni targ‘ib qilish hamda barqaror xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Maqolada universitetlar va xalqaro akademik tarmoqlar zamonaviy dunyoda tinchlikni mustahkamlash hamda madaniyatlararo o‘zaro tushunishni rivojlantirishning muhim subyektlari ekanligi haqida xulosa qilingan.
50-571652124-07-2026 -
DINIY OZCHILIK SHAROITIDA MUSULMON JAMOALARINING IJTIMOIY INTEGRATSIYALASHUV XUSUSIYATLARI
Odiljon ERNAZAROV (Muallif)Mazkur maqolada diniy ozchilik sharoitida yashayotgan musulmon jamoalarining ijtimoiy integratsiyalashuv xususiyatlari ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda “diniy ozchilik” tushunchasining sotsiologik, siyosiy va dinshunoslikdagi asosiy talqinlari yoritilib, uning xalqaro huquqiy asoslari ham ko‘rib chiqilgan. Muallif musulmon ozchiliklar fenomenining zamonaviy globallashuv sharoitidagi o‘rnini tahlil qilib, Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridagi musulmon jamoalarining integratsion tajribalarini qiyosiy jihatdan o‘rgangan. Xususan, Kanada va AQShdagi musulmon jamoalarining fuqarolik integratsiyasi, multikulturalizm va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishdagi ijobiy tajribalari yoritilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya va Germaniyada musulmonlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faolligi demokratik integratsiyaning muhim ko‘rinishi sifatida baholangan.
Maqolada Fransiya, Hindiston, Xitoy va Myanmadagi musulmon ozchiliklar duch kelayotgan diskriminatsiya, islamofobiya, siyosiy marginalizatsiya, diniy erkinliklarning cheklanishi va identitet inqirozi kabi muammolar ilmiy manbalar asosida tahlil qilingan. Tadqiqot davomida Toriq Modud (Tariq Modood), Xoselina Kesari (Jocelyne Cesari), Xose Kasanova (José Casanova), Yusuf Qardoviy kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida musulmon ozchiliklarning integratsiyasi masalasi yoritilgan. Shuningdek, “fiqh al-aqalliyyāt” konsepsiyasi, inklyuziv sekulyarizm, madaniyatlararo muloqot va fuqarolik integratsiyasi asosida mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari taklif etilgan. Tadqiqot natijalari diniy ozchiliklar integratsiyasi zamonaviy demokratik jamiyatlarda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolik birdamligi va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlovchi muhim omillardan biri ekanini ko‘rsatadi.
30-343244524-07-2026 -
DINIY VAZIYATNI O‘RGANISH, TAHLIL ETISH VA BAHOLASHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Utkirbek HASANBOYEV (Muallif)Mazkur maqolada “diniy vaziyat” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari, uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda diniy vaziyat tushunchasining zamonaviy dinshunoslik, sotsiologiya va siyosatshunoslikdagi talqinlari o‘rganilib, Pol Tilik, A.N. Leshinskiy, R.A. Lopatkin kabi olimlarning nazariy qarashlari asosida ushbu tushunchaning mohiyati yoritilgan. Muallif diniy vaziyatni muayyan hudud va davrda din bilan bog‘liq jarayonlarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va madaniy munosabatlar barqarorligiga ta’siri bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy hodisa sifatida tavsiflaydi.
Maqolada diniy vaziyatning obyekti, predmeti, subyektlari, ichki va tashqi omillari tizimli ravishda tahlil qilinib, davlat va din munosabatlari, konfessiyalararo aloqalar, diniy tashkilotlar faoliyati, ommaviy axborot vositalari va internet makonidagi diniy kontentlarning ta’siri yoritilgan.
Tadqiqot davomida diniy vaziyatni monitoring qilish, baholash va tahlil etishning milliy xavfsizlik hamda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Singapurdagi diniy-siyosiy jarayonlarni tadqiq etuvchi ilmiy markazlar faoliyati misol tariqasida keltirilgan. Shuningdek, diniy vaziyat barqarorligini ta’minlashning asosiy omillari sifatida dunyoviylik tamoyilini mustahkamlash, vijdon erkinligini kafolatlash, diniy sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish, ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda radikallashuv va ekstremizmning oldini olish masalalari tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari diniy vaziyatni ilmiy asosda boshqarish jamiyatdagi bag‘rikenglik, fuqarolik birdamligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashning muhim omillaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
23-292683224-07-2026 -
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINING SIYOSIY KOMMUNIKATSIYA SUBYEKTI SIFATIDA ETNO-MILLIY KONFLIKTLARGA TA’SIRI
Yunusjon Sh. AKHMEDOV (Muallif)Ushbu maqolada polietnik davlatlarning eng asosiy muammosi bo‘lgan milliy va etnik konfliktlar jarayoniga siyosiy kommunikatsiyaning muhim subyekti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos ta’siri turli mamlakatlar misolida qiyosiy tadqiq etilgan. Etno-milliy konfliktlarning barchasi strukturaviy jihatdan bir-biridan farq qilganligi uchun ularni matbuotda yoritish jarayonida yondoshuvlarning qanday bo‘lganligi va ularning natijalari haqida ma’lumotlar taqdim etilgan. Ommaviy axborot vositalarining faoliyati milliy-etnik konfliktlar davomida muayyan qoidalarga asoslanishi lozimligi, aks holda konflikt fazasini o‘zgarishiga jiddiy ta’sir etish mumkinligi solishtirma misollar orqali asoslab berilgan. Postsovet mintaqadagi etno-milliy konfliktlarning kelib chiqishidagi o‘zaro o‘xshashlik misolida ommaviy axborot vositalarining ulardagi ishtirokining salbiy jihatlari, ayrim mamlakatlardagi matbuotda konfliktogen xususiyatga ega ma’lumotlarning e’lon qilinishi oqibatida milliy va etnik barqarorlikka bo‘layotgan tahdidlar qiyosiy tahlil qilingan.
Maqolada ommaviy axborot vositalarining polietnik mamlakatlardagi milliy barqarorlikka destruktiv ta’sir o‘tkazmasliklari uchun amal qilishi mumkin bo‘lgan ba’zi tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularga rioya qilish orqali etno-milliy muhitni sog’lomlashtirish imkoniyati yuzaga kelishi asoslangan. Polietnik mamlakatlardagi ommaviy axborot vositalarining milliy-etnik konfliktlar davridagi samarali faoliyatidagi o‘ziga xos jihatlar mamlakatlarning hududiy yaxlitligi, siyosiy barqarorligini saqlab qolishga yordam berganligiga alohida e’tibor qaratilgan. Etnik mavzuda axborot yetkazuvchi manbalarning faoliyatida axborot oluvchilar tafakkurida konstruktiv qarashlarni shakllantirishni maqsad qilgan ma’lumotlar yetkazishning ahamiyati, etnojurnalistika prinsiplariga rioya qilishning muhim ahamiyatga ega ekanligi tahlil qilingan.
Polietnik mamlakatlardagi siyosiy tizim elementlarini samarali ishlashi uchun ommaviy axborot vositalarining bajarishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalari mazmuni, ularni amalga oshirishda konfliktogen muhitni yuzaga keltirishdan saqlanishning ahamiyati muhokama qilingan. Ommaviy axborot vositalarining etno-milliy konfliktlarga ta’sirining konstruktiv va destruktiv jihatlariga yondoshuvni ko‘rsatish bilan bir qatorda qanday holatlarda matbuot o‘zining konstruktiv funksiyasini saqlab qolishi mumkinligiga oid takliflar berilgan.
78-862372820-07-2026 -
ФАҚИҲ АБУ БАКР ҲАДДОД ҲАЁТИ ВА ИЛМИЙ МЕРОСИНИ ЎРГАНИШ БЎЙИЧА ТАДҚИҚОТЛАР ТАҲЛИЛИ
Abdullo M. QOSIM (Muallif)Имом Абу Бакр Ҳаддод Забидий хусусан фиқҳда, қолаверса, тафсир илмида ҳам кўплаб китобларни ёзишга муваффақ бўлган. Олим ёзган китоблари ҳаётлик давридан то бугунги кунга қадар илм аҳллари томонидан қабул бўлиб, улар орасида кенг ёйилган. Дунё кутубхоналарида у зотга тегишли қўлёзма манбалар кўп бўлиб, хусусан, «Мухтасар ал-Қудурий»нинг икки шарҳи – «ас-Сирож ал-ваҳҳож» ва «ал-Жавҳара ан-наййира» китобларининг қўлёзма нусхаларини топиш мумкин.
Абу Бакр Ҳаддод ҳанафий мазҳабидаги мўътабар матн китобларидан бири бўлмиш «Мухтасар ал-Қудурий» китобини шарҳлаган фақиҳлардан бири ҳисобланади. У киши аввалига «ас-Сирож ал-ваҳҳож» номли китоб ёзган. Бунда у юқорида айтилган китобни кенг тарзда шарҳлаган. Сўнгра, ундаги масалаларни қисқартириб «ал-Жавҳара ан-наййира» номли китоб таълиф қилган. Ушбу иккала асардан ҳанафий мазҳаби манбаларида кўплаб иқтибослар келтирилади.
Олимнинг тўлиқ исми – Абу Бакр ибн Али ибн Муҳаммад ибн Довуд ибн шайх Али ибн Абдурраҳмон Ҳаддод Аббодий Забидий Ҳанафий. «Аббодий» Аббодийя қишлоғига берилган нисбат бўлиб, олим аввалига шу шаҳарда туғилиб ўсиб, сўнг Ямандаги машҳур шаҳарлардан бири бўлган Забид шаҳрига кўчиб ўтган. У ерда қарор топиб, вафот этган. Шу боисдан ҳам у кишига нисбатан Аббодий Забидий деб айтилади. «Ҳаддод» дегани эса «темирчи» деган маънони билдиради. У зот ушбу ном билан машҳур бўлиб, «Ҳаддод», «Ҳаддодий» номини олган. Имом Абу Бакр Ҳаддод 720 ҳижрий йил ражаб ойида Аббодийя қишлоғида туғилган. Бу ҳақида Қосим ибн Қутлубғо «Тожут тарожум» китобида келтириб ўтган.
«Табақотул хавос» китобида келишича, Абу Бакр Ҳаддод зот ёзган асарлари тахминан 20 жилдга тенг келади. Имом Шаржий «Табақотул хавос» китобида шундай деган: «У зотнинг имом Абу Ҳанифа розияллоҳу анҳу мазҳабида битган буюк китоблари бор эди. Унга ўхшаш китобни ислом аввалидан то ҳозирги кунимизга қадар Ямандаги ҳанафий уламолар ёзмаган».
Ушбу мақолада фақиҳ Абу Бакр Ҳаддод ҳаёти ва илмий мероси бўйича амалга оширилган тадқиқотлар тадқиқ ва таҳлил қилинган.
65-722183020-07-2026 -
РАДИКАЛИЗМ ТУШУНЧАСИ, КЕЛИБ ЧИҚИШ САБАБЛАРИ ҲАМДА ОЛДИНИ ОЛИШ БИЛАН БОҒЛИҚ МАСАЛАЛАР ТАҲЛИЛИ
Akbar Nodirovich O‘KTAMOV (Muallif)Радикаллашув масаласи умумэътироф этилган анъаналарга бутунлай зид муносабатда бўлиш, кескин ҳаракатларни ёқлаб чиқиш билан боғлиқ жараёндир. Бу масалага эътибор қаратилмаса, жамиятда бир қатор салабий оқибатларни келтириб чиқариши мумкин. Ушбу мақолада радикализм тушунчаси ва мазмун-моҳияти, радикализмнинг пайдо бўлишига сабаб бўлувчи омиллар ҳақида атрофлича баён қилинган. Хусусан, жамиятда диний эътиқодларнинг нотўғри талқини ҳамда экстремистик мафкураларни тарқалиши ёшларни радикаллаштиришда муҳим омил бўлиб хизмат қилиши очиб берилган.
Ушбу мақолада бугунги кунда ёшларнинг Интернет ва ижтимоий тармоқлар орқали экстремистик ғоялар ва адашган диний эътиқодлардан таъсирланиши уларнинг радикаллашувига таъсир этувчи асосий жиҳатлардан экани таъкидланган.
Шунингдек, мақолада ислом динида радикаллашув жараёнига муносабат масаласи Қуръони карим ва ҳадиси шарифлар асосида таҳлил қилинган. Шу билан бирга, Ўзбекистон Республикаси қонунчилигида радикал ғоялар таъсирида келиб чиқиши мумкин бўлган – экстремизм ва терроризмга нисбатан белгиланган ҳуқуқий жазо чоралари норматив-ҳужжатлар асосида тушунтириб берилган.
72-783062817-07-2026 -
XRISTIAN TARIXCHILARINING CHERKOV TARIXI DAVRLANISHI BORASIDAGI YONDASHUVLARI
Nozimakhon AGZAMOVA (Muallif)Yurtimizda konfessiyalar o‘rtasidagi bag’rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda diniy tolerantlikni ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu borada aytishimiz mumkinki, xristianlik tarixini o‘rganish qator fanlar doirasida, jumladan, dinshunoslikda, tarixshunoslikda dolzarb masala hisoblanadi. Xristian jamoalari tarixini tadqiq etishning amaliy ahamiyati aholi orasida noislomiy diniy yo‘nalishlar faoliyatiga doir maʼlumotlarning chegaralanganligi sababli, ularning tuzilishi, faoliyat doirasi hamda urf-odatlari bir xil emasligining yoritib berilishida namoyon bo‘ladi. Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlar nazariy, tarixiy va qiyoslash singari metodlar yordamida ochib berilgan. Tarixni davrlashtirish murakkab vazifalardan biridir, chunki davrlarni hisoblash uchun ularning boshlang‘ich nuqtalarini topish juda qiyin. Tarixchilar xristian cherkovi tarixining boshlanishini turli yondashuvlar bilan o‘rgandilar. Xristianlik tarixida uchta yirik davrni ajratish tabiiydir: ilk xristianlik davri, o‘rta asrlar va yangi xristianlik davridir. Xristianlik tarixi nafaqat siyosiy voqealar, ya’ni xristianlarning ma’lum bir guruhida hokimiyatning o‘zgarishi: papalar yoki butunjahon patriarxlar tarixi, dunyoviy hokimiyat bilan to‘qnashuvlar, balki teologik qarashlar, ta’limotlar tarixi va rivojlanishini o‘z ichiga oladi. Xristianlik uchun diniy ta’limotdan tashqari, liturgiya, marosimlar tarixi, xristian dindorlari axloqi va xulq-atvori ham katta ahamiyatga ega. Shuningdek, u har bir davr ichida umumiy tarixiy jarayonning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Axloq va xulq-atvor haqida so‘z borganda, xristian madaniyati tarixini, uning o‘ziga xos tomonlarini: musiqa, tasviriy san’at, adabiyot va me’morchilikni esga olishimiz kerak. Bularning barchasini xristianning hayotidan ajratib bo‘lmaydi. Cherkov tarixini o‘rgangan xristianlikning turli yo‘nalishlariga oid tarixchilar o‘ziga xos yondashuvlari bilan davrlanishning yangi qirralarini ochib berishgan. Ulardan Nestor, Yevseviy Kesariyskiy, Lukskiy Bartolomey, Rufim Akvileyskiy, Grigoriy Turskiy, Beda Dostopochtimiy, Flatsiy Illirik, Baroniy, Lebedev, Filaret Chernigorskiy, V.V.Bolotov, R.Rote, G.Gasse, Möhler, Zöckler, Kurts, Mitropolit Filaret, S.V.Sannikovlar yondashuvlari qiyosiy tahlil qilindi.
65-712522517-07-2026 -
MALIKUSHSHUARO BAHORNING HAYOTI VA IJODI
Feruza NIZAMOVA (Muallif)Ushbu maqolada XIX asr adabiyoti taniqli namoyandasi, shoira Malikushshuaro Bahorning ijodini o‘rganishga va tahlil qilishga harakat qilingan. Maqolaning maqsadi – XIX asr ijodkorlari asarlaridagi mafkuraviy va badiiy usulni o‘rganish, shuningdek, davr nasriy asarlarini tahlil qilish orqali fors-tojik adabiyoti tarixidagi o‘rnini aniqlashdan iboratdir. Odatda, fors-tojik klassik adabiyoti haqida gap ketganda, faqat nazm tilga olinadi-yu, nasr esa biroz e’tibordan chetda qoladi. Shuning uchun qadimgi va o‘rta asr fors-tojik adabiyotida nazm nasrdan ustun bo‘lgan degan fikrlar ham mavjud. Darhaqiqat, fors-tojik klassik adabiyoti, avvalo, o‘zining ma’naviy g‘oyalarga boy she’riy asarlari bilan jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin egalladi. Firdavsiy, Xayyom, Sa’diy, Hofiz asarlari asrlar osha o‘zining go‘zal tarovatini saqlab kelmoqda. Buning asosiy sababi ularning asarlaridagi nafosat, xalqchillik, insonparvarlik, sharqona fozillik va donishmandlik kabi fazilatlardir. XIX asr fors-tojik poeziyasi o‘zining shakl va mazmuni jihatidangina emas, balki badiiyati nuqtai nazaridan ham eng yuqori darajaga erishgan edi. Shu sababli eronshunos olimlar o‘sha davr poetik asarlarini tadqiq etish va ommalashtirishga katta ahamiyat berishgan. Nasriy asarlar taqdiri bir oz o‘zgachadir. She’riy asarlar qo‘lyozmasi nasriy asarlarga nisbatan bizgacha ko‘proq yetib kelgan va saqlangan. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, hozirgi zamon fors nasri fors-tojik klassik adabiyoti an’analarini ko‘p jihatdan o‘zida mujassamlashtirgan va singdirgan. Shuning uchun, fors adabiyotining g‘oyasi – ezgulik va yovuzlik kurashi bugungi fors nasrining ham asosiy mavzusi hisoblanadi. Bu adabiy-badiiy vorislik va o‘zaro aloqani mavzu tanlashda yoki munozara, afsona, safarnoma kabi janr shakllaridan foydalanishda ko‘rish mumkin.XIX asrda Eron adabiyotida she’riyatning gullab yashnaganligi izoh talab qilmaydi, ammo shu bilan birga, nasr ham davr talabidan orqada qolmaganligini mashhur sharqshunos E.Bertels, S. Braginskiy, Eron olimi va shoiri Malikushshuaro Bahor, Kotibiy, nemis olimi Gyote, tojik olimi Yu.Salimov o‘z ilmiy risolalarida qayd etishgan.
49-572801918-09-2026 -
ARXITEKTURANING ISLOM SIVILIZATSIYASIDAGI O‘RNI
AVAZBEK GANIYEV (Muallif)Ushbu maqolada islom sivilizatsiyasining turli mintaqalardagi arxitektura taraqqiyoti tadqiq qilingan. Bu maqolada Eron, Turkiya, Markaziy Osiyo va Afrika mamlakatlari arxitekturasi kabi hududlar yoritib berilgan. Islom meʼmorligi islom tamoyillaridan kelib chiqqan holda koʻp asrlik meʼmorchilik kategoriyasi hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi binolarni tavsiflovchi haykaltaroshlik shakllari va ko’pincha koʻzni qamashtiruvchi bezak detallari Yerdagi eng hayratlanarli qurilgan inshootlarni o’z ichiga oladi.
Hozirgi islom sivilizatsiyasiga dunyoda ro‘y berayotgan ayrim voqealar, hozirgi ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar nuqtai nazaridan to‘liq baho berib bo‘lmaydi. Sivilizatsiyalar cheklangan vaqtdagi tarixiy voqealar bilan bog’liq emas. Qayd etish joizki, islom sivilizatsiyasi hali ham mavjud va uni ko‘p joylarda kuzatish mumkin. Global o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan bugungi musulmon olami taraqqiyot, ilm-fan va zamonaviy yutuqlarga mos ravishda o‘zining qadimiy qadriyatlarini tiklashga intilmoqda. Shu yo‘sinda islom sivilizatsiyasi tarixida muhim ahamiyatga ega me’morchilik sohasini o‘rganish katta o‘rin tutadi. Keyingi yillarda ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan qator anjumanlar, hamkorliklar o‘tkazilayotgani fikrimizni tasdiqlaydi. Yana shuni ta’kidlash kerakki, ijobiy tashabbuslarga yetaklovchi omillardan biri hayot bilan jonli madaniy ongdagi qator ijobiy siljishlardir. Bu musulmon dunyosining kelajagini belgilashda hal qiluvchi omil bo’lishi mumkin. Kontent tahlili metodi ushbu tadqiqotda Markaziy Osiyo, Turkiya, Eron va Afrika mamlakatlarida turli davrlardagi me’morchilik uslublari va ularning vaqt davomida qoʻllanilishini tahlil qilish uchun foydalanilgan.
Ushbu tadqiqot har bir parametrning mazmunini davrlar bo’yicha ko’rish uchun kichikroq paragraflarga bo’lingan. Kontentni tahlil qilish - bu matnlar yoki matnlar to’plamidagi ma’lum so’zlar yoki tushunchalarning mavjudligini aniqlash uchun ishlatiladigan tadqiqot vositasi. Natijalar ilm-fanning rivojlanishi davlatning har tomonlama rivojlanishi uchun qanchalik samarali bo‘lganligi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.
4 - 113522017-09-2026 -
«УСУЛ АЛ-ФИҚҲ» ИЛМИНИ ТАДҚИҚ ЭТИШДАГИ ЁНДАШУВЛАР ТАҲЛИЛИ
Saidahmadkhon GAYBULLAYEV (Muallif)Мақолада ислом билимлари ривожланиб, бир неча мустақил соҳаларга бўлиниши натижасида ҳижрий II асрдан бошлаб мусулмон қонунчилиги – усул ал-фиқҳ ҳам алоҳида илм сифатида шаклланиб боргани ва мавзуларни таҳлил қилишда фарқли ёндашувлар юзага келгани тадқиқ қилинган.
Усулга оид илк асар ҳижрий II аср охирида Муҳаммад ибн Идрис аш-Шофиъий томонидан ёзилган бўлса-да, шаръий матнларни тушуниш ва ундан амалий-ҳуқуқий ҳукмлар олишнинг муайян тартиби, қиёс, носих-мансух, саддуз-зароиъ каби қоидалари амалий ва назарий кўринишда мавжуд эди. Мазкур тартиб умумий тарзда саҳобаларга таълим берилган ва улар шогирдлари – тобеъинларга ўргатиб, амалиётда кўрсатиб беришган. Саҳобалар орасида саноқлилари Қуръон ва ҳадисдан ҳукм олишдек масъулиятли вазифани амалга оширар эдилар. Доктор Салоҳ Абулҳож қайд этишича, уларнинг сони 20 кишидан ортиқ эмас. Қуръон оятлари ва ҳадисларни маъносини билишнинг ўзи улардан ҳукм чиқариш учун етарли эмаслиги, улардан ҳукм чиқариш чуқур мантиқий таҳлил қилишга боғлиқ экани билан изоҳланади. Усул ал-фиқҳ мазкур мантиқий узвийликни ўргатувчи фан бўлиб, унинг қоидаларидан тўлиқ хабардор бўлиш, уларни бир бутунликда ўзаро таҳлил қила олиш малакасига эга бўлган саҳобалар энг ибратли даврда «фақиҳ саҳобалар» номи билан аталган.
Усул ал-фиқҳ илми ҳижрий IV-V (мил. Х-ХI) асргача ривожланиб, такомиллашиб борган ва унда бир-биридан фарқли асосларга эга иккита йўналиш шаклланган. Улар: Имом Шофиъийнинг усулий қарашлари асосида шаклланган ва калом илми уламолари томонидан ривожлантирилган –«мутакаллимлар йўналиши» (طريقة ,ҳамда Абу Ҳанифа томонидан асос солиниб (المتكلمҳижрий IV-V (мил. Х-ХI) асрда яшаган ҳанафий фақиҳлари томонидан шакллантирилган ва тартибга солинган – «фақиҳлар йўналиши» (طريقة الفقهاء). Кейинчалик, ҳижрий VII (мил. ХIII) асрга келиб мазкур икки йўналишнинг афзал томонларини бирлаштириш, орқали янги бир ёндашув – «мутааххирлар йўналиши» (طريقة المحققين) юзага келган.
Ушбу мақолада усул ал-фиқҳ илми тарихи, шаклланишига доир ёндашувлар тадқиқ қилинган ва қиёсий ўрганилган.
59-672472117-09-2026 -
MUSULMОN DINSHUNОSLIGIDА ISRОILIYОT QISSАLАRINING TАDQIQ ETILISHI
Dilorom MUMINJONOVA (Muallif)Dinshunoslik gumanitar fanlar qatoridagi insoniyatning madaniy, maʼrifiy tarixini o‘z ichiga olgan ilmlar qatoriga kiradi. Dinshunoslik fanining yirik tarmog‘i hisoblangan qiyosiy dinshunoslik sohasi nafaqat G‘arbda, balki, o‘rta asr Sharqida ham alohida o‘rganilgan va bu fanning ilk asoschilari aynan Sharq zaminidan yetishib chiqqan. Sharq musulmon jamiyatida, dinlarni qiyosiy o‘rganishdagi omillardan biri, rost va yolg‘on xabar va rivoyatlarni ajratish hisoblangan. Bu borada ikki xil qarash mavjud bo‘lib, birinchi qarashga ko‘ra, islom dinini haq din ekanligini isbotlash bo‘lsa, keyingi qarashga ko‘ra, islom dini,xususan, Qur’on tafsirlari va hadislarga kirib kelgan isroiliyot rivoyatlarini tekshirish, ularning ishonchliligini aniqlash uchun yahudiylik va xristianlik manbalari o‘rganilgan. Shu sabablarga asoslangan holda, musulmonlar tomonidan yozilgan asarlarda isroiliyot qissalari tadqiq etilgan.
Ushbu maqolada Qur’on tafsirlari va hadislarni kengroq sharhlash maqsadida yahudiylik va nasroniylik manbalari asosidagi isroiliyot qissalarining kirib kelish sabablari o‘rganilgan. Isroiliyot qissalarining islom dini manblariga kirib kelishining asosiy sababi, Qur’onda zikr etilgan qissalarni kengroq o‘rganish va tahlil qilish hisoblangan. Sahobalar davrida isroiliyot rivoyatlari, Qur’onda keltirilgan qissalarni kengroq tushunish uchun Madinada istiqomat qiluvchi yahudiy va nasroniylardan yoki islom dinini qabul qilgan, dastlab e’tiqod qilgan dinlarining muqaddas manblaridan xabardor bo‘lgan musulmonlardan so‘rab o‘rganishlik natijasida kirib kelgan. Tobeinlar davriga kelib, ishonchsiz xabarlar va qissalardan foydalanish natijasida, keyinchalik barcha isroiliyot roviylari tomonidan rivoyat qilingan qissalardan foydalanilgan tafsirlar ishonchlilik darajasini yo‘qotgan. Ammo, bunga qaramasdan yahudiylik, xristianlik va islom dinlarning asosi va ildizlari bir bo‘lganligi sababli, ushbu dinlarning muqaddas manbalarini qiyosiy tahlil etishda isroiliyot qissalari muhim hisoblanadi.
Musulmon olimlari tomonidan isroiliyot qissalari uch qisimga ajratilgan:
- Mavquf xabarlar. Ularning sahihligi Muhammad payg‘ambar (s.a.v) hadislari orqali tasdiq etilgan bo‘lib, bunga misol sifatida Qur’ondagi Muso payg‘ambar bilan solih kishi qissasidagi shaxsning Xizr payg‘ambar ekanligi Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda keltirilgan.
- Sukut qilinadigan xabarlar. Ularning rost yoki yolg‘onligi ma'lum emas. Bu turdagi rivoyatlarni nasihat va ibrat uchun hikoya qilingan. Lekin ularning sahihligiga iymon keltirilmaydi, yolg‘onga ham chiqarilmaydi.
- Inkor etiladigan xabarlar. Bunday xabarlar islom dini aqidasiga zid kelganligi sababli bunday rivoyatlar tasdiq etilmaydi. Bunga misol sifatida, Iso payg‘ambarning xochga mixlangani haqidagi rivoyat.
Maqolada, shuningdek, Qur’on tafsirlarida keng foydalanilgan, isroiliyot qissalari va ularni rivoyat qilgan roviylar haqida ma’lumot berilgan. Bir necha isroiliyot qissalari tadqiq etilgan.
49-582842116-09-2026 -
IBN HAZM ANDALUSIY “AL-FISOL” ASARIDA XRISTIANLIK OQIMLARI TARIXI
Saidumarxon BURGUTXONOV (Muallif)Musulmon sharqida dinlarni o‘rganish an’analari boy tajribaga va o‘ziga xos uslubiyat hamda tamoyillariga ega bo‘lib, bu sohaning keyingi rivojiga, uning ko‘p tarmoqli yaxlit fanga aylanishiga mustahkam asos sifatida xizmat qilgan. XIX asr o‘rtalarida G‘arb dinshunosligi vujudga keldi va mustaqil fan sohasi sifatida e’tirof etildi. Natijada, ko‘pgina manba va adabiyotlarda dinshunoslik fani Yevropa mamlakatlarida paydo bo‘lgan, degan fikr ommalashib ketgan. Yevropada dinshunoslik XIX asrga kelibgina shakllana boshlagan bir paytda musulmon sharqi bu borada anchagina taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tib, boy tajribaga ega edi.
Ushbu maqolada musulmon olimlarining Ibn Hazm Andalusiy ilmiy merosiga munosabati, xususan, uning qalamiga mansub “al-Fisol fil-milal val-ahva van-nihal” asarida xristianlikdagi firqalar tarixi va ta’limotlari yoritilgan. Shuningdek, xristianlik haqida ma’lumot beruvchi asarlar orasida bu asarning tutgan oʻrni tadqiq qilingan. Ibn Hazm Andalusiyning “al-Fisol fi-l-milal va-l-ahva va-n-nihal” sari Sharq qiyosiy dinshunosligiga oid ilk manbalardan biri hisoblanadi. Bu asar milal va nihal janrida yozilgan asarlar qatoriga kiradi. Asarda yakkaxudolik va ko‘pxudolik dinlari ta’limotlari, ulardagi firqalar, oqim va yo‘nalishlar haqida ma’lumotlar berilgan. Turli dinlardagi ta’limotlar o‘zaro qiyosiy tahlil qilinib, farqli va o‘ziga xos jihatlari o‘rganilgan. Muallif dinlar ta’limotlarini bayon qilishda tanqidiy tahlil va obyektiv munosabat bildirgan holda yondashgan. Shuningdek, asarda yahudiylik, xristianlik va islom dinlari ta’limotlari qiyoslanib, ushbu dinlar doirasida bo‘linish va firqalarning yuzaga kelish tarixi, har bir firqaning qarash va ta’limotlari, ular keltirgan dalillar tahlil etilgan. Ibn Hazm Andalusiy xristianlik firqalarini funksional uzluksizligiga qarab tasniflaganligi, Xristianlik bilan o‘zaro munosabatda shakllangan firqalar haqidagi qarashlari, Ibn Hazm xristianlik firqalarining asoschilari, ularning tarixiy taraqqiyoti va qaysi hududlarda ta’sir ko‘rsatganligi haqida ma’lumot berish bilan birga, manbalarda uchramaydigan ba’zi firqalarning qarashlarini ham tushuntirgan.
Shuningdek, Ibn Hazm ushbu asarida Xristianlik Oriyoniylik(Arianizm), Bulyoniyya(Paulizm), Makedoniylik(Makedonius), Barbariylik(Barabarizm), Nasturiylik (Nestorianizm), Ya’qubiylik(Yakobizm), Marqyuniylik(Markanizm), Maruniylik(Maronizm) firqalari tarixi va eʼtiqodlari haqida qimmatli maʼlumotlar bergan.
40-482752316-09-2026 -
ARAB TILINI CHET TILI SIFATIDA O’QITISH USULLARI
Mashkhura Mirzaakbarovna KADYROVA (Muallif)Ushbu maqolada Arab tilini chet tili sifatida o'qitish metodikasi muammosi, shu jumladan, o'qitish maqsadlari, mazmuni, usullari va vositalari, shuningdek, chet tili yordamida o'qitish va tarbiyalash usullari ko'rib chiqilgan. Maqolada, shuningdek, zamonaviy o'qitish metodikasi muammolari muhokama qilinib, chet tillarini o'qitishning turli usullari taqqoslab berilgan. Arab tili o'ziga xos xususiyatlarga ega, lingvistik o'rganish ob'ekti sifatida ajralib turadi va tavsiflanadi: yozish, talaffuz, grammatika va boshqalar, umuman chet tillarining o'ziga xos xususiyatlari ajralib turadi va tavsiflanadi, pedagogikaning tegishli fanlar bilan aloqalari tadqiq etilgan.
Maqolaning maqsadi – Arab tilini o'qitish usullarini o'rganishni tahlil qilish, shuningdek, Arab tilining lingvistik xususiyatlari va umuman chet tillarini o'qitish metodikasining xususiyatlariga alohida e'tibor berishdir. U kategorik rejaning asosiy, adabiy dolzarb muammolariga ta'sir qiladi: o'quv maqsadlari, o'quv mazmuni, o'qitish usullari, vositalari, tamoyillari va o'quv jarayonida ularning pragmatik, amaliy jihatlari. Chet tillarini o'qitishning zamonaviy talablariga muvofiq, ba'zi uslubiy savollar darslikda tubdan yangi ovozga ega bo'ladi: zamonaviy o'quv vositalari, o'quv-uslubiy to'plamlarni yaratishga innovatsion yondashuvlar. Shuningdek, maqolada maktab, fakultativ va oliy o'quv yurtlari kabi turli jamoat muassasalarida Arab tilini o'qitishning asosiy bosqichlari ko'rib chiqilgan. Arab tilini o'qitishda boshqa chet tillariga nisbatan umumlashtirilgan tavsiflar berilgan.
So'nggi yillarda chet tillarini o'qitish metodikasi masalasi o'quv sohasidagi mutaxassislarning tadqiqotlari markazida bo'lib kelmoqda. Chunki bugungi kunda bu muammo kam o'rganilgan va filolog o'qituvchilarning diqqat-e'tiborini talab qilmoqda.
Chet tillarni o'qitish omillariga, masalan, o'qitish maqsadlari, uning mazmuni, shakllari va usullari, shuningdek, o'qitish vositalari va chet tillarini o'qitish qonuniyatlariga alohida e'tibor qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu maqola dolzarbligining asosiy qoidalari ochib berilgan va xulosalar berilgan.
82-903741816-07-2026 -
KIBERMAKONDA XRISTIANLIKKA OID DINIY JARAYONLARNI O‘RGANISHNING ILMIY ASOSLARI
Mohira ABDULLAYEVA, Ibrohim NIGʻMATULLAYEV (Muallif)Bugungi kunda internet tarmoqlari ijtimoiy turmush tarzining barcha sohalariga kirib bormoqda va foydalanuvchilarga katta imkoniyat yaratmoqda. Diniy jarayonlar raqamli texnologiyalarda namoyon bo‘lmoqda. Xristian diniy amaliyotlarining kibermakondagi transformatsiyasi jadal davom etmoqda. Xristianlik amaliyotlari onlayn ko‘rinishga olib chiqilmoqda. Mazkur holatlarni diniy amaliyotlar, ya’ni muayyan ibodat va diniy marosimlarni bajarishda kuzatish mumkin. Cherkov amaliyotlarining kibermakonga transformatsiyasi kundan kunga rivojlanib bormoqda.
Xristianlikning internetga dastlab kirib kelgan oqimlaridan biri – protestantlik hisoblanadi. Protestantlik oqimlaridan biri bo‘lgan presviterianlikda diniy amaliyotlarning kibermakonga oʻtishi yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Kibermakonda protestantlik oqimlaridan biri bo‘lgan presviterianlik amaliyotlarining o‘ziga xos tomonlari, afzalligi, kamchiligi, sodir boʻlayotgan xristianlik bilan bog‘liq diniy jarayonlarning namoyon boʻlish xususiyatlarini ilmiy asoslangan holda tahlil qilish mavzuning dolzarbligini keltirib chiqaradi.
Ushbu maqolada “internet cherkov”, “onlayn cherkov”, “kibercherkov” yoki “raqamli (elektron) cherkov” kabi tushunchalar va ularning o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari, rivojlanish tendensiyalari haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Shuningdek, maqolada kibermakonda xristianlikka oid diniy jarayonlarni o‘rganishning ilmiy asoslari yoritib berilgan. Shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borgan Adair Windham, G.Reyngold, J.Barna, H.Campbell, T.Hutchings kabi olimlarning fikrlari tahlil qilingan, ularning kibermakonda xristianlikka oid diniy jarayonlarni o‘rganishga oid fikrlari bayon qilingan. Diniy amaliyotlarni raqamli texnologiyalarda aks etishi sifatida onlayn ibodat, onlayn din shakllari, diniy ma’lumotlarni onlayn to‘plash, onlayn ibodat va marosimlar, onlayn ishga qabul qilish va missionerlik, onlayn diniy hamjamiyat, din va internet bo‘yicha tadqiqotlar, onlayn din tadqiqotlarining umumiy mavzulari, onlayn diniy jamoa, diniy urf-odatlar xususidagi ma’lumotlar va olimlarning qarashlari tahlil qilingan. Shu bilan birga, maqolada onlayn ibodatni o‘rganish, raqamli yevangelizm (xushxabar) va uning shakllari, onlayn jamoat, raqamli nashrlar va elektron adabiyotlar, ilovalar va o‘yinlarga qaratilgan tadqiqotlarga oid ma’lumotlar berilgan.
55-612011816-07-2026 -
SALJUQIYLAR DAVRI TARIXI YORITILGAN O‘RTA ASRLARGA OID MANBALAR TAHLILI
Pirnazar Sardor o‘g‘li RAJAPOV (Muallif)Ushbu maqolada saljuqiylar davri tarixi yoritilgan o‘rta asr manbalari tahlil qilingan. Mazkur manbalar musulmon va xristian tarixchilar tomonidan arab, fors, turkiy, yunon, gruzin, arman va suryoniy tillarida yozilgan. Tahlil jarayonida asar muallifi va u yashagan davr ilmiy muhiti, manba yozilgan til, asarning tarkibi va umumiy mazmuni, bugungi kunda manbaning zamonaviy nashrlari va tarjimalari kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Tahlil qilingan asarlarning aksariyatini arab va fors tilidagi manbalar tashkil etadi. Saljuqiylar davri tarixi yoritilgan turk tilidagi o‘rta asr manbalari deyarli uchramaydi. Vizantiya manbalari esa Buyuk Saljuqiylarning tarixi bilan faqatgina Anadolu fathi nuqtai nazaridan bog‘liqdir. Shunga qaramay, Vizantiya manbalari Anadolu Saljuqiylari davri tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Gruzin manbalarida esa nafaqat saljuqiylarning Kavkazga harbiy yurishlari, balki Anadoluda aholining turkiylashuv jarayonlari va saljuqiy turklar haqida yorqin ta’rif va ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, Anadoluda yashagan arman va suryoniy mualliflarning bevosita tarixiy hodisalarda ishtirok etishi ularga saljuqiy turklar haqida to‘g‘ri va xolisona ma’lumotlar berish imkonini bergan.
Saljuqiylar davri Islom tarixining uch asrini qamrab olgan boʻlsa-da, bu davrda Islom sivilizatsiyasida erishilgan yutuqlar to‘laqonli ochib berilmagan. Buning sababi saljuqiylar davri tarixi yoritilgan manbalarning salmog‘i bilan bog‘liq. Darhaqiqat, saljuqiylar hukmronligining muhim voqealarga boy bo‘lgan dastlabki davri, ya’ni XI-XII asrlarga oid manbalar keyingi asrlardagi manbalarga nisbatan kamroq. Buning ustiga XI-XII asrlarda yozilgan tarixiy asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmagan.
38-462181916-07-2026 -
TURKISTONDAGI (1867-1920) AN’ANAVIY TA’LIM TIZIMINING OLIY MAKTABLARI
Abduvakhob UMAROV (Muallif)Ushbu maqola Turkiston oʻlkasi anʼanaviy taʼlim tizimining oliy pogʻonasi – madrasalarni tahlil qilishga bagʻishlangan. Maqolada ushbu toifadagi ta’lim muassasalarining soni, ulardagi o‘quvchilar soni, ta’lim shakli, o‘quvchilarning ichki hayoti, madrasalar binolari tuzilishi, kutubxonalar batafsil bayon etilgan. Madrasalarning ikki bosqichli oʻquv dasturiga (qisqa va toʻliq) alohida urg‘u berib o‘tilgan. Maqolada madrasaning toʻliq kursini tamomlagan insonlar nafaqat fiqh va ilohiyot ilmini, shuningdek, falsafa, sheʼriyat, tarix va boshqa ilm sohalaridan chuqur bilimga ega oliy ma’lumotli mutaxassis boʻlib yetishib chiqqanliklari taʼkidlangan.
Shuningdek, madrasada ayrim talabalar fiqh va ilohiyotdan tashqari amaliy tabobat bilan ham shug‘ullanib, kimyo fanini o‘rganganlar. Tibbiyot bilan shug‘ullanayotgan talabalar mashhur o‘rta asr faylasuf, tabib Ibn Sinoning “Al-qonun fi-t-tibb” asarini o‘rganishgan.
Maqolada Chor Rossiya maʼmuriyatining mintaqadagi anʼanaviy maktablarga nisbatan siyosati tahlil qilingan. Xususan, chor maʼmuriyati vakillari oʻlkadagi anʼanaviy taʼlim muassasalariga faqat bir tomonlama yondashishgan (anʼanaviy islom maktabini “qoloq” deb hisoblash) va ushbu muassasalarning faoliyat yuritishidan maʼnosi va maqsad yo‘q deb hisoblashgan. Shu bilan birga, an’anaviy ta’lim muassasalarining ta’siri, o‘ziga xosligi va mahalliy aholining hayotidagi muhim o‘rnini e’tibordan chetda qoldirishgan.
An’anaviy maktablarga e’tibor bermaslikning asosiy sababi – Yevropa va Rossiya imperiyasi oliy o‘quv yurtlarida o‘qitiladigan tabiiy fanlarning (fizika, matematika, biologiya va boshqalar) o‘quv rejasida yo‘qligi bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, maqolada ta’kidlanadiki, Chor Rossiya ma’muriyati amaldorlari tomonidan mintaqadagi an’anaviy musulmon ta’limi tizimini bir tomonlama qoralash asossizdir. Chunki musulmon maktabi o‘zining ta’lim va tarbiya vazifalarini bajarib, musulmonlarning ma’naviy va hayotiy ehtiyojlarini qondirib kelgan.
31-372691816-07-2026 -
FORS BADIIY NASRI HAQIDA
Feruza NIZAMOVA (Muallif)Bu maqolada fors adabiyotining nasrini o‘rganishga va tahlil qilishga harakat qilingan. Maqolaning maqsadi – IX-XV asr ijodkorlari asarlaridagi mafkuraviy va badiiy usulni o‘rganish, shuningdek, davr nasriy asarlarini tahlil qilish orqali fors-tojik adabiyoti tarixidagi o‘rnini aniqlashdan iboratdir.
Odatda, fors-tojik klassik adabiyoti haqida gap ketganda, faqat nazm tilga olinadi-yu, nasr esa bir oz e’tibordan chetda qoladi. Shuning uchun qadimgi va o‘rta asr fors-tojik adabiyotida nazm nasrdan ustun bo‘lgan degan fikrlar ham eshitilib qoladi. Darhaqiqat, fors-tojik klassik adabiyoti, avvalo, o‘zining ma’naviy g‘oyalarga boy she’riy asarlari bilan jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin egalladi. Firdavsiy, Xayyom, Sa’diy, Hofiz asarlari asrlar osha o‘zining go‘zal tarovatini saqlab kelmoqda. Buning asosiy sababi ularning asarlaridagi nafosat, xalqchillik, insonparvarlik, sharqona fozillik va donishmandlik kabi fazilatlardir.
IX-XV asr fors-tojik poeziyasi o‘zining shakl va mazmuni jihatidangina emas, balki badiiyati nuqtai nazaridan ham eng yuqori darajaga erishgan edi. Shu sababli eronshunos olimlar o‘sha davr poetik asarlarini tadqiq etish va ommalashtirishga katta ahamiyat berishgan. Nasriy asarlar taqdiri bir oz o‘zgachadir. She’riy asarlar qo‘lyozmasi nasriy asarlarga nisbatan bizgacha ko‘proq yetib kelgan va saqlangan. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, hozirgi zamon fors nasri fors-tojik klassik adabiyoti an’analarini ko‘p jihatdan o‘zida mujassamlashtirgan va singdirgan. Shuning uchun, fors adabiyotining g‘oyasi – ezgulik va yovuzlik kurashi bugungi fors nasrining ham asosiy mavzusi hisoblanadi. Bu adabiy-badiiy vorislik va o‘zaro aloqani mavzu tanlashda yoki munozara, afsona, safarnoma kabi janr shakllaridan foydalanishda ko‘rish mumkin.
IX-XI asrlarda Eron adabiyotida she’riyatning gullab yashnaganligi izoh talab qilmaydi, ammo shu bilan birga, nasr ham davr talabidan orqada qolmaganligini mashhur sharqshunos E.Bertels, S. Braginskiy, Eron olimi va shoiri Malikushshuaro Bahor, Kotibiy, nemis olimi Gyote, tojik olimi Yu.Salimov o‘z ilmiy risolalarida qayd etishgan.
69-772662517-07-2026 -
ЎЗБЕКИСТОНДА АМАЛГА ОШИРИЛАЁТГАН ИСЛОҲОТЛАРДА ДИНИЙ ЭРКИНЛИКЛАРНИ ТАЪМИНЛАШНИНГ ЎРНИ
Timur AHMEDOV (Muallif)Мақолада Марказий Осиёда диний эркинлик ва қарашлар, уларнинг ривожланишига ҳамда мустақилликнинг дастлабки йилларидаги диний сиёсатга қисқа назар ташланиб, сўнгги йиллларда мамлакатимизда олиб борилган ислоҳотлар Ўзбекистон жамияти ҳаётининг барча жабҳаларига, шу жумладан, диний эркинликларни таъминлаш соҳасига ҳам ўзининг ижобий таъсирини ўтказгани, хусусан, ушбу йўналишдаги асосий вазифалар 2017-2021 йилларда Ўзбекистонни ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегиясида аниқ акс эттирилгани, мамлакатда диний соҳада бошланган ислоҳотлар, аввало, диний эркинлик учун шароит яратишга, фуқароларнинг ҳуқуқ ва манфаатларини ҳимоя қилишга қаратилгани хусусида сўз боради.
Муаллиф фикрига кўра, ўзгаришлар эътиқод эркинлигига оид конституцион ҳуқуқларни амалга ошириш учун қулай ташкилий-ҳуқуқий шароитларни яратди, диний ташкилотлар фаолияти эркинлигининг ҳуқуқий кафолатлари сезиларли даражада мустаҳкамланди. Хусусан, 2020 йил июнь ойида Инсон ҳуқуқлари бўйича Ўзбекистон Республикасининг миллий стратегияси тасдиқланди ва унда мамлакатда виждон эркинлигини таъминлашнинг ҳуқуқий механизмлари такомиллаштирилиши назарда тутилди. 2021 йилнинг июль ойида эса Янги таҳрирдаги «Виждон эркинлиги ва диний ташкилотлар тўғрисида»ги Ўзбекистон Республикаси Қонуни қабул қилинди.
Мақолада таъкидланишича, 2017 йилнинг октябрь ойида БМТнинг Инсон ҳуқуқлари Кенгашининг Дин ва эътиқод эркинлиги масаласи бўйича махсус маърузачиси А.Шаҳид 15 йил давомида Ўзбекистонга илк бор ташриф буюриши ва мазкур ташриф якунлари доирасида билдирилган 12 та тавсия асосида Ўзбекистон Республикаси парламенти томонидан эътиқод эркинлигини таъминлаш бўйича “Йўл харитаси” тасдиқлангани бу борадаги ислоҳотлар ортга қайтмас тус олганидан далолат бермоқда.
Шунингдек, муаллиф 2020 йилнинг октябрь ойида Ўзбекистон Республикаси БМТ тизимидаги энг нуфузли ҳукуматлараро органлардан бирига – Инсон ҳуқуқлари бўйича кенгашига аъзо сифатида сайланди ва 2021-2023 йиллар даврида ушбу тузилма фаолиятида фаол қатнашиб келаётганига, 2020 йилнинг декабрь ойида эса АҚШ Давлат департаменти халқаро диний эркинликлар бўйича ўзининг матбуот учун баёнотида “сўнгги бир йил ичида Ўзбекистоннинг эришган муҳим, аниқ ютуқлари асосида диний эркинлик бўйича “махсус кузатувдаги давлатлар рўйхати”дан чиқарилганига эътибор қаратмоқда.
Муаллиф фикрига кўра, бу борадаги ишлар 2022-2026 йилларга мўлжалланган янги Ўзбекистоннинг тараққиёт стратегиясида ҳам 74- мақсад сифатида жамиятда миллатлараро тотувлик ва динлараро бағрикенглик муҳитини мустаҳкамлаш ва кенгайтириш вазифасида акс этгани диний эркинликларни таъминлаш масаласи ҳукумат кун тартибидан чиқмаганини кўрсатмоқда.
Шу билан бирга, ушбу қисқа давр ичида диний эркинликларни таъминлаш соҳасида амалга оширилган ислоҳотлар натижаларини чуқур таҳлил қилиш ҳамда уларнинг мазмун-моҳиятини очиб бериш ва кенг жамоатчиликка етказиш бугунги кунда муҳим аҳамият касб этмоқда.
46-562452017-07-2026 -
ТАСАВВУФШУНОС ОЛИМ, ПРОФЕССОР НАЖМИДДИН КОМИЛОВНИНГ ИЛМИЙ-МАЪРИФИЙ ФАОЛИЯТИ (БИБЛИОГРАФИК ТАҲЛИЛ)
Tokhir KHATAMOV (Muallif)Тасаввуф тарихини ўрганиш, манбавий асосларини таржима қилиш, шарҳлаш ва халқимизга етказиш масаласи – мустақилликнинг дастлабки йилларида зиёлиларимиз олдидаги муҳим вазифалардан бирига айланди. Ушбу масъулиятли вазифани бажаришда профессор Нажмиддин Комилов ва шогирдларидан иборат жамоа ҳам ўз ҳиссаларини қўшди. Мақолада тасаввуфшунос олим, филология фанлари доктори, профессор Нажмиддин Комиловнинг илмий-маърифий фаолияти тадқиқ этилган. Жумладан, Н.Комилов томонидан нашр этилган асарлар, мақолалар, монографиялар, рисолалар, таржималар, маърузалар, сўзбошилар, тақризлар ҳамда масъул муҳаррирлик, таҳрир ҳайъатидаги иштироки каби жиҳатлар ўрганилган. Ўрганиш жараёнида аниқланган маълумотлар асосида олимнинг тасаввуф соҳаси бўйича олиб борган илмий фаолиятига доир таҳлилий хулосалар берилган. Олимнинг илмий тадқиқот фаолияти серқирра бўлиб, фаннинг турли йўналишларида илмий тадқиқот ишларини олиб борди. Жумладан, адабиёт соҳасида таржима ва қиёсий адабиётшунослик, таржима тарихининг назарий масалалари, матншунослик ва адабий жанрлар тараққиёти билан боғлиқ жиҳатларни тадқиқ этганлиги таъкидлаб ўтилган. Олимнинг “Тасаввуф” бўйича нашр этилган биринчи китобининг истиқлол йилларида тасаввуф таълимоти бўйича илмий аҳамияти ўрганилиб, китобдаги тасаввуф тарихи, тариқатлар, ҳол, маърифат ва ҳақиқат, муҳаббат, каромат, тариқат ва шариат, хилват ва анжуман, футувват, моҳият – инсон учун курашмоқ, комил инсон, тасаввуф ва бадиий ижод каби долзарб масалалар таҳлил этилган. Н.Комилов томонидан асарларга масъул муҳаррирликнинг бажарилиши, шарқ қўлёзма асарларнинг таржималари, маърузалар, сўзбошилар, тақризлар ҳамда таҳрир ҳайъатидаги фаолияти каби кўплаб ишлари алоҳида ўрганилди. Шу билан биргаликда, Н.Комилов илмий фаолиятининг замондошлари эътирофига оид мақолалар рўйҳати шакллантирилиб тақдим этилди. Профессор Нажмиддин Комиловнинг илмий-маърифий фаолиятини ўрганиш уч даврга бўлинди ва ҳар бир давр учун ном берилиб, алоҳида хулосалар тақдим этилди. Олимнинг ўз умри давомида дин, миллат, тарих, адабиёт ва тасаввуф бўйича олиб борган илмий-ижодий изланишлари, бугунги авлод учун ижобий аҳамиятга эга маърифий мерос ҳисобланинишини эътиборга олинди ва имкон даражасида илмий-ижодий фаолияти мазкур мақолада ёритилди.
77-852492123-07-2026 -
ИШИД (“ИРОҚ ВА ШОМ ИСЛОМ ДАВЛАТИ”) ТАЪСИРИГА ТУШГАН АЁЛЛАР ВА БОЛАЛАРНИ РЕАБИЛИТАЦИЯ ВА ДЕРАДИКАЛИЗАЦИЯ ҚИЛИШ ВАЗИФАЛАРИ
Utkir T. SOBIROV (Muallif)Бугун шиддат билан ўзгариб бораётган глобаллашув даврида ислом дини аҳкомларини нотўғри талқин қилиш, уларни сохталаштириш йўли билан турли фитна ва бузғунчиликлар содир этиш ҳолатлари кузатилаётгани барчамизни ташвишга солади. Бундай вазиятда ислом динининг софлигини сақлаш, унинг тинчлик ва инсонпарварликдан иборат асл моҳиятини аҳоли, айниқса, ёшларга тўғри, холис етказишга қодир, юқори даражада илмий ва диний салоҳиятга эга мутахассисларни тайёрлаш ҳамда “жаҳолатга қарши маърифат билан курашиш”нинг таъсирчан чораларини кўриш долзарб масалага айланди.
Юртимизда миллий анъана ва қадриятларимизни ривожлантириш, улуғ аллома аждодларимиз илмий меросини чуқур ўрганиш, ёшларимизни Ватанга муҳаббат, илм-маърифатли, интеллектуал баркамол авлод этиб тарбиялашга давлат сиёсатининг устувор йўналиши сифатида қаралмоқда. Барча соҳалар каби диний соҳада ҳам кўплаб ислоҳотлар амалга оширилмоқда. Ислом дини бой илмий-маънавий мероси, аждодларимиз қолдириб кетган бебаҳо асарларни ўрганиш, миллий анъаналаримизни қайта тиклаш ишларига алоҳида эътибор қаратила бошланди ва диннинг арконларини эмин-эркин бажариш учун барча шароитлар яратилди. Бу соҳада олиб борилаётган ислоҳотлар дунё миқёсида ҳам муносиб эътироф этилиб, диний бағрикенгликнинг намунали модели сифатида баҳоланмоқда.
Аммо шундай шароитлар яратилган бир даврда, айрим ҳамюртларимиз баъзи исломга ёт гуруҳ тарафдорларининг ғаразли таъсирига берилиб, “Ислом давлати”ни қуриш, “кофирларга қарши жанг қилиш”, гўё мазлум бўлиб қолган мусулмонларга “ёрдам бериш” каби замонавий жамиятдаги мусулмон оламига зид бўлган ғайриисломий интилишлар билан “ҳижрат”, “жиҳод” қиламан деб, тинч-тотув яшаб турган жамиятларда содир этилаётган қўпорувчилик ҳаракатларида билиб-билмай ёки алданиб иштирочига айланиб қолмоқда. Бузғунчи кучларнинг “қўғирчоғига” айланиб, Ватанига, ўз ота-онаси, ака-укаси ва яқинларига қарши чиқмоқда. Натижада ноҳақ қон тўкилиши, ўзлари эса халок бўлиши, узоқ муддатга озодликдан маҳрум этилиши ва турли давлатларда қочқин ёки хору-зорликда нобуд бўлишига сабаб бўлмоқда.
Бундай ҳаракатларнинг бугунги кундаги асосий кўринишлари “Ироқ ва Шом Ислом давлати” (ИШИД) каби тоифалар фаолиятида яққол сезилади. Халқимизни хусусан, ёшлар ва аёлларни бундай радикал гуруҳлар ва уларнинг ғаразли ғоялардан ҳимоя қилиш, салбий таъсирига қарши ижтимоий-психологик иммунитет ҳосил қилиш, оқим тарафдорларининг даъволарини ҳақиқатдан йироқлигини илмий далил ва манбалар асосида ёритиш, норасмий жамоаларнинг юзага келишига имкон берувчи сабаблар ва шарт-шароитларни бартараф этиш юзасидан социал-психологик таҳлилга эҳтиёж сезилмоқда.
Мазкур мақолада Яқин Шарқ ва Афғонистоннинг жанговар ҳудудларидан “Меҳр” опперацияси доирасида қайтарилган аёллар ва болаларни реабилитация ва дерадикализация қилиш йўллари, уларни ижтимоий-маънавий муҳитга мослаштириш вазифалари, ИШИД (“Ироқ ва Шом Ислом давтати”) террористик ташкилотининг аёлларга нисбатан турли услублар орқали психологик таъсир ўтказиш босқичларининг таҳлили баён қилинган.
49-581891423-07-2026 -
ЗАНГИОТА МЕЪМОРИЙ МАЖМУАСИ ВА УНДАГИ ЭПИГРАФИК ЁЗУВЛАР
Nematullo MUKHAMEDOV (Muallif)Ислом маданияти адабиёт, тарих, фалсафа ва бошқа ижтимоий ҳамда табиий фанлар, шунингдек, одоб-ахлоқ, урфодат каби ижтимоий ва маданий турмуш тарзида ўзининг ифодасини топди. Марказий Осиё халқларининг бой маданий анъаналари нафақат бу ердаги, балки бошқа музофотлардаги мусулмон маданияти ривожига ҳам катта таъсир кўрсатди. Ўзбекистондаги Бухоро, Самарқанд, Насаф (Қарши), Термиз, Хива, Шош (Тошкент) ва бошқа шаҳарлар бутун мусулмон Шарқидаги маданий марказлар қаторида машҳур бўлган.
Тошкент воҳасидан жаҳонга машҳур кўплаб олимлар етишиб чиққан. Кўҳна Тошкент буюк ва тақводор олимлар, муҳаддислар, солиҳлар абадий қўним топган муборак масканлардан бири сифатида намоён бўлади. Айнан шу ерда Абу Бакр Қаффол Шоший (Ҳазрати Имом), Зангиота, Шайх Хованд Тоҳур ва бошқаларнинг жасадлари мангу ором топган.
Ушбу мақолада Яссавий тариқатининг таниқли вакили Занги ота (Ой-Хожа ибн Тош-Хожа) фаолияти манбалар асосида ўрганилган. Маълумки, Занги отанинг бутун онгли ҳаёти мўғуллар босқинига, минтақадаги беқарорлик ва зўравонлик даврига тўғри келган.
Маълумки, мўғуллар истилоси давридан юртимизда маданият таназзулга учрай бошлади. Аммо мўғулларга қарши озодлик кураши жараёнида юртимиз аҳолисининг диний тафаккурида кескин ўзгаришлар юз бериб, яссавия, кубравия, нақшбандия каби суфийлик тариқатлари шаклланди. Бу даврда ислом тасаввуф шаклида Марказий Осиё халқлари учун маънавий ва ғоявий жипслаштирувчи куч ролини ўйнади. Тасаввуфнинг ана шундай сиймоларидан бири Зангиота эди. Мақолада Занги отанинг камтарона турмуш тарзи намуна сифатида, унинг фидойилик, ватанпарварлик, меҳнатсеварлик, ҳалоллик, адолатпарварлик, меҳр-оқибат ва меҳр-оқибат каби фазилатларни кенг тарғиб этишдаги ўрни таҳлил қилинган. Занги ота ёдгорлик мажмуасининг Марказий Осиё ислом маданиятидаги алоҳида ўрни ҳам тадқиқ этилган. Шунингдек, меъморий мажмуанинг тарихи ва мажмуа биноларидаги эпиграфик ёзувлар ўрганилган.
11-182732022-07-2026 -
«ДЕВОНУ ЛУҒАТИ-Т-ТУРК»ДАГИ УЗИНДИЛАРДА ВАРИАЦИЯ ҲОДИСАСИ
Govhar RAHMATOVA (Muallif)Маҳмуд Кошғарийнинг «Девону луғати-т-турк» асари туркий оғзаки шеъриятнинг бугунги кунгача етиб келган энг қадимги намуналарини ўзида жамлаган қимматли манбалардан биридир. Асарда келтирилган шеърлар мавзу кўлами жиҳатидан жангномалар, панднома, севги-муҳаббат шеърлари, табиат тасвирига бағишланган шеърлар, воқеа ва ов тасвирига тасвирига оид парчалар, достон узиндиси, маросим шеърлари, алқовлар каби ўндан ортиқ гуруҳларга бўлинади. Туркий адабий муҳитда куйланган бу мавзулар улар жойлашган кенг ҳудуд билан боғлиқ ҳолда турлича ривожланди ва тараққий этди. Халқ оғзаки ижоди намуналари кенг минтақага ёйилгани боис ўзгарувчанлик хусусиятига эга, яъни улар доимо турғун ҳолатда бўлмайди. Яна бир жиҳати шуки, халқ оғзаки ижоди тилдаги ўзгаришларга муттасил мослашиб боради. Бу ҳолат ҳам уларнинг турғун яшашига қаршилик қилади. Хусусан, «Девону луғати-т-турк»даги узиндиларда келган бирликларнинг мазмунни сақлаган ҳолда бошқа варианти – шевалардаги фарқли шаклини ўрганиш, шеърий узиндилардаги айрим сўзларнинг лингвистик таҳлилини параллелик асосида кўриб чиқиш ва сўз бирликларининг манбалардаги вариантларини солиштириш орқали бунга гувоҳ бўлиш мумкин. Мақолада «Девону луғати-т-турк»да келтирилган шеърларда учрайдиган матний тафовутлар, яъни улардаги вариация ҳодисаси тадқиқ этилган. Туркий халқлар оғзаки ижодида вариациянинг юзага келиши вариантдош сўзларнинг қўлланиши, лаҳжалардаги фонетик ўзгачаликлар (ü>i, a>ï, ä>e, e>y, d=δ) ҳамда шеърдаги бир сўз ёки жумланинг бошқа бир сўз ёки жумла билан алмашиши ҳодисалари билан боғлиқлиги очиб берилган. Таҳлиллар натижаси шуни кўрсатадики, туркий халқлар оғзаки ижодида лаҳжалардаги фонетик ўзгачаликлар, тилдаги грамматик қоидалар (сингармонизм ҳодисасига зид ҳолат) ўз аксини топган. Шеърий узиндиларда учрайдиган матний тафовутлар туркийларнинг ижтимоий ҳамда маънавий ҳаёти билан боғлиқ туркум шеърларда айниқса кўп учрайди. Бу ҳол парчаларнинг қайси қабила ёки шеваларда қўлланиши, туркий қабилалар тилидаги фонетик ўзгачаликларнинг халқ оғзаки ижодидаги ўрнини аниқлашга хизмат қилиши таҳлил қилинган.
59-661301807-07-2026 -
САЙЙИД ШАРИФ ЖУРЖОНИЙНИНГ ҚУРЪОН ИЛМЛАРИГА ОИД АСАРЛАРИНИНГ МАНБАШУНОСЛИК ТАҲЛИЛИ
Doston MUSTAFAYEV (Muallif)Мақолада Саййид Шариф Журжоний (ваф. 816/1413) илмий фаолияти, олимнинг Қуръон илмларига оид асарлари таснифи ва уларнинг дунё кутубхоналарида сақланаётган қўлёзма нусхалари ҳақидаги маълумотлар келтирилган. Кириш қисмида юртимиз ҳукумати томонидан қадимий ёзма манбаларни ўрганишга қаратилаётган эътибор, қўлёзмаларни ўрганишнинг замонавий аҳамияти ҳақида тўхталиб ўтилган. Асосий қисмда Саййид Шариф Журжонийнинг илмий шахсияти, унинг Қуръон илмларига оид асарлари, уларнинг таркибий тузилиши, мазкур асарларнинг мазмуни ва ўзига хос жиҳатлари ҳақидаги маълумотлар жамланиб, илмий таҳлил этилган. Олимнинг ҳозирга қадар етиб келмаган асарлари, шу билан бирга, ҳозирга қадар етиб келган, аммо ҳануз тадқиқ этилмаган мазкур соҳадаги асарларининг қўлёзма нусхалари ҳақида ҳам маълумотлар келтирилган. Олим томонидан Замахшарийнинг “ал-Кашшоф” тафсирига ёзилган “Ҳошия ала ал-Кашшоф” асарининг тўлиқ сақланган қўлёзма нусхалари, асарнинг хусусиятлари ва замонавий нашрлари хусусида маълумотлар зикр этилган. Шунингдек, муфрадотул-Қуръон йўналиши бўйича ёзилган ва бугунги кунга қадар тўлиқ етиб келган “Таржумон ал-Қуръон” асарининг дунё кутубхоналарида сақланаётган нусхалари ва уларнинг хусусиятлари билан яқиндан таништирилган. Дунёнинг айрим фондларида Журжонийга нисбат берилган қўлёзма асарларнинг аслида олимга тегишли эмаслиги илмий далиллар асосида исботланган. Шу билан бирга, ислом оламида машҳур “ат-Таърифот” асарининг ҳам икки машҳур ва тўлиқ ҳолда сақланган қўлёзма нусхалари тавсифи келтириб ўтилган. Зеро, “ат-Таърифот” асарида йигирмага яқин Қуръонда зикр этилган сўзлар ва Қуръон илмларига оид истилоҳларнинг таърифлари келтирилган бўлиб, шу жиҳатдан мазкур асарни ҳам олимнинг Қуръон илмларига оид асарлари қаторида ўрганиш мақсадга мувофиқ ҳисобланади. Хулоса қисмида, Журжонийнинг Қуръон илмларига оид асарларини ўрганиш темурийлар даври илмий муҳити, хусусан, бу даврдаги Қуръон илмлари ривожини яна ҳам тўлиқ ўрганиш имкониятини бериши, қолаверса, олимнинг Қуръон сўзларини шарҳлашдаги ўзига хос услубини ўрганиш қуръоншунослик соҳаси тадқиқотларида муҳим саналиши ҳақида тўхталиб ўтилган.
32-402812206-07-2026 -
ИБРОҲИМ САМАРҚАНДИЙ ШАХСИЯТИНИНГ ГЕРМЕНЕВТИК ТАҲЛИЛИ
Feruz KHOLMUMINOV (Muallif)XIV-XV асрларда ислом динининг Индонезия архипелагида кенг тарқалишида асли самарқандлик олимларнинг ҳиссаси катта бўлган. Ушбу олимлардан бири – Малик Иброҳим ас-Самарқандийдир. У асли самарқандлик бўлиб, Индонезия халқи орасида Шайх Жумадул Кубро ёки Жамолиддин Акбар ал-Ҳусайний номлари билан танилган Мавлоно Ҳусайн Жумадил Кубронинг ўғли эканлиги манбаларда келтирилади. Бу икки олим Жануби-Шарқий Осиё минтақаларида ислом дини кенг тарқилашига катта ҳисса қўшган Вали сонго деб номланувчи тўққиз авлиёдан иборат олимлар ҳалқасига киради. Маълумотларга кўра, Иброҳим Самарқандий биринчилардан бўлиб Индонезияда ислом дини таълимотларини ўргатувчи диний мадраса-мактаб ташкил қилгани тўғрисида манбаларда келтирилган. Бугунги кунда ҳам Индонезия Республикасида унинг номи билан аталувчи университет ва институтлар фаолият юритади.
Тадқиқотчилар асарларида айтилишича, дастлаб Ява оролига Мавлоно Жумадил Кубро ўзининг икки ўғли Иброҳим ва Исҳоқлар билан келади. Сўнгра улар ислом динини тарқатиш мақсадида ажралиб турли томонларга тарқалиб кетади. Манбаларга кўра, Жумадил Кубро Ява оролида қолади, Иброҳим Самарқандий Чампага (Ҳозирги Вьетнам ҳудудлари), Мавлоно Исҳоқ эса Суматра оролининг шимолий ҳудуди бўлган Пасайга жўнаб кетади.
Уларнинг кейинги ҳаётлари тўғрисидаги маълумотлар турлича, баъзиларига кўра Иброҳим Самарқандий табиблик ва тижорат билан шуғуллангани, маҳаллий деҳқонларга деҳқончилик маданиятини ўргатгани, маҳаллий ҳукмдорлардан бирининг қизи билан оила қуриб ундан икки фарзанд кўриб сўнгра ўз оиласини ташлаб Ява оролига қайтгани тўғрисида маълумотлар учрайди. У умрининг сўнгини ҳозирги кунда Гресик деб номланувчи қишлоқда ўтказгани ва 1419 йилда вафот этгани айтилади. Ҳозирги кунда унинг мақбараси мавжуд бўлиб маҳаллий аҳоли учун муҳим зиёрат масканларидан бири саналади.
Иброҳим Самарқандий кўплаб маҳаллий аҳолининг ислом динини қабул қилишига сабабчи бўлгани манбаларда келтирилади. Бунинг асосий сабаби сифатида унинг савдогарлик фаолияти натижасида кўплаб зодагон кишилар билан танишгани, улардан ислом динини ёйишда катта ёрдам олгани келтирилади.
Ушбу мақолада Малик Иброҳим Самарқандийнинг шахсияти, насабномаси ва ҳаётий фаолияти ўрганилган. Иброҳим Самарқандийнинг Индонезия архипелагида ислом дини тарқалишининг дастлабки даврида тутган ўрни тадқиқ этилган. Шунингдек, илмий тадқиқот доирасида XIV-XV асрларда Самарқанд минтақаси ва Ява оролида тарқалган ислом динининг ўзига хос боғлиқликлари ҳам очиб берилган.
68 - 802152008-07-2026
