- Uy
- Topish
Topish
Qidiruv natijalari
-
ABUL MAOLIY MUHAMMAD IBN UBAYDULLOHNING “BAYONUL ADYON” ASARI – SHARQ QIYOSIY DINSHUNOSLIGI MANBASI SIFATIDA
Mumin Mirzo ABDUPATTAEV (Muallif)Mazkur maqola XI asrda Xurosonda yashagan olim Abul Maoliy Muhammad ibn Ubaydulloh Husayniy Alaviyning fors tilidagi ilk qiyosiy dinshunoslik asari hisoblangan «Bayonul adyon» tahliliga bag‘ishlangan.
Muallif Abul Maoliy Muhammad ibn Ubaydullohning hayoti haqida manbalarda ma’lumotlar cheklangan bo‘lsa-da, asarning mazmuni va unda keltirilgan ayrim ma’lumotlar olimning G‘aznaviylar saroyiga yaqin, jamiyatda yuksak mavqega ega va chuqur ratsionalistik tafakkurli olim bo‘lganini ko‘rsatadi. Asarda muallifning turli din va firqalarni xolis tahlil qilishi, ayniqsa, “73 firqa” hadisi asosida islomdagi guruhlarni tasniflash uslubi ko‘rib chiqilgan. Maqolada Abul Maoliyning o‘zi sunniy-hanafiy an’anasiga mansubligi asardagi fiqhiy va aqidaviy ishoralar orqali dalillangan.
Maqolada asarning qo‘lyozma nusxalari taqdiri, xususan, eronlik mashhur muarrix Abbos Iqbol Ashtiyoniy tomonidan amalga oshirilgan ilk tanqidiy nashr va keyinchalik Muhammad Taqiy Donishpajuh tomonidan asarning to‘liq nusxasi topilishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlar ham batafsil bayon etilgan. «Bayonul adyon» asari umumiy besh bobdan iborat bo‘lib, u nafaqat diniy ta’limotlar, balki XI asr musulmon dunyosining geografik va antropologik tasavvurlarini ham o‘zida aks ettiradi. Ayniqsa, muallifning turli xalqlar, jumladan, islomdan avvalgi turklar va hindlarning iloh haqidagi tasavvurlari borasidagi kuzatuvlari diqqatga sazovordir. Asar fors tilining eng go‘zal va nodir namunalaridan biri sifatida islom mazhablari tarixi (maqolot) an’anasida o‘chmas iz qoldirgan.
Shuningdek, “Bayonul adyon” asarining manbalari sifatida Abu Zayd Maqdisiy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad ibn Horun Varroq va Abul Hasan Muhammad ibn Yusuf Amiriy Nishopuriy kabi mutafakkirlarning asarlari ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqot yakunida asarning besh bobdan iborat tarkibi, undagi islomdan oldingi dinlar (zardushtiylik, yahudiylik, nasroniylik) hamda g‘ayriilmiy da’volar bilan chiqqan soxta payg‘ambarlar haqidagi ma’lumotlarning ahamiyati ochib berilgan.
43-492742624-07-2026 -
УБАЙДУЛЛОҲ ИБН МАСЪУД САДР АШ-ШАРИЪА АЛ-БУХОРИЙНИНГ ҲАНАФИЙ ФАҚИҲИ СИФАТИДАГИ ФАОЛИЯТИ
Nematulloh NASRULLAEV (Muallif)Садр аш-шариъа фаолият Мовароун-наҳрда исломнинг қора доғли ва тартибсизликлар авж олган, олимлари қатл этилиб, китоблари ёқилган даврига тўғри келди. Ушбу мақоладаги мавзу манбашунослиги ва тарихшунослиги муаммолари Садр аш-шариъанинг ўз илми ва асарлари билан танилгани, Мотуридийлик ҳанафийлик йўлини маҳкам тутгани ва ижтимоий-сиёсий жиҳатдан оғир даврларда ҳам илмни ёйиш мақсадида ўз ҳаракатларидан асло тўхтамаган мумтоз бир мужтаҳид сифатида ўрганилиши билан боғлиқ.
Мовароуннаҳрда бу тартибсизлик қарийб юз эллик йил давом этди. XIV асрнинг биринчи ярми мана шу инқирозларнинг охирги даври бўлиб, бир томондан нисбий бўлса-да ривожланиш, иккинчи томондан меҳнаткаш оммани турли йўллар билан эзиш ортиб боргани кузатилди.
Бугунги кунда Бухородан етишиб чиққан олимларнинг илмий маънавий меросини ўрганиш туфайли, минтақанинг илм-фандаги барча ютуқлари ўз исботини топмоқда. Тадқиқотларга кўра, бухоролик фақиҳларнинг самарали ижодлари туфайли минтақадаги маданий-маърифий анъаналар тўла сақлаб қолгани маълум бўлмоқда. Улар қолдирган илмий мерос аждодлар фаолиятини ўрганишда муҳим манба бўлиб хизмат қилади. Ана шундай аждодлардан бири, Садр аш-шариъа Убайдуллоҳ ибн Масъуддир. Олим ўзининг сермаҳсул хизмати орқали ислом дини манбалари орасида ўчмас из қолдирди.
Убайдуллоҳ ибн Масъуднинг ижод фаолияти айнан мўғуллар истилоси даврига тўғри келганлиги шунингдек, ўша даврда мўътазилий, қадарий, жабарий, қарматий каби турли ботил оқимлар таъсири кучайгани учун муаллиф ёзма матнларни тасниф этишда енгил ва тез қабул қилиб, мустаҳкам ўзлаштириш услубларини инобатга олгани табиий. Чунки, мўғуллар даврида илм ва маърифатнинг сусайиши ҳатто одамларни бирлаштирувчи омилларга ҳам ўз таъсирини ўтказган эди. Лекин, Убайдуллоҳ ибн Масъуд каби фақиҳлар қадим анъана ва урф-одатларига содиқ туриб, маҳаллий халқнинг диний-маърифий ҳаётини оширишга доим интилганлар. Табиий равишда айни давр ва ҳолат учун фиқҳий масалалар тўғрисида ихтилофлардан йироқ мукаммал асарларга эҳтиёж сезилган. Бу Убайдуллоҳ ибн Масъуд асарларининг ёзилишидаги бирламчи сабаб бўлса, иккинчиси уни одамларга тез ва тушунарли етказишдан иборат бўлган.
Убайдуллоҳ ибн Масъуд Садр аш-шариъалар оиласи вакили сифатида ҳанафий фиқҳининг устозига айланди. У бобосининг тарбиясида камол топиб, калом, мантиқ, фалсафа, фиқҳ, тилшунослик, ҳисоб, ҳикмат илми, тарих каби ва бошқа фанларни ўзлаштириб, айниқса, фиқҳ илмида етук аллома сифатида танилди ва ҳанафий мазҳабининг атоқли ҳамда сермаҳсул олимларидан бири сифатида қатор шогирдлар ҳам чиқариб, ўз асри ва кейинги даврлар учун самарали ижод намуналарини қолдира олди.
Мақолада Убайдуллоҳ ибн Масъуд Садр аш-шариъа тасниф этган бир неча асарлар тадқиқ қилинган. Олим усули фиқҳ, калом, мантиқ, фалсафага оид мўътазила ва ашъарийларнинг қарашларини ўрганиб, ўзининг қатор асарлари орқали уларни илмий асослаб беришга ҳаракат қилган. У ўзидан аввал Шарқ оламига кенг танилган ҳа-нафий мазҳаб соҳиблари томонидан тасниф этилган оригинал манбаларга таянгани таҳлил этилган. Шунинг-дек, мақолада Убайдуллоҳ ибн Масъуд Садр аш-шариъа масалаларга киришишда бошқа мазҳаб олимларининг қарашлари ҳам таҳлил қилинган.
19-271631718-09-2026 -
ХIХ АСР ОХИРИ – ХХ АСРНИНГ ЎРТАЛАРИГА ҚАДАР РУС ИНСТИТУТЛАРИ ВА ИСЛОМ ОЛИМЛАРИ ТОМОНИДАН АРАБ-МУСУЛМОН МАДАНИЯТИНИНГ ЎРГАНИЛИШИ
Ezozakhon Ramazon qizi MIRDJALALOVA (Muallif)XIX-XX asrlarda Rossiya islomshunosligi bir necha rivojlanish va modifikatsiya bosqichlaridan o'tdi. Asr boshida, 1917 yilgi inqilobgacha, islom Rossiya imperiyasida soni bo'yicha ikkinchi din edi. Davlat hokimiyati musulmon madaniyatini, jumladan, kitob nashriyoti, poligrafiya, haj va ta'lim tizimini faol qo'llab-quvvatladi. Biroq, ziddiyatlar va mafkuraviy kelishmovchiliklar ham mavjud edi. Oktyabr inqilobi va Sovet hokimiyatining o'rnatilishidan so'ng, Rossiyada islom va islomshunoslikning holati keskin o'zgardi. Diniy muassasalar repressiyaga uchradi; ko'plab masjidlar yopildi yoki qayta ixtisoslashtirildi. Shu bilan birga, sovet davrida islomni o'rganishga yangi yondashuvlar shakllandi. G'arbiy markazchilikdan Rossiya islomshunosligi Sharqqa yo'naltirilgan diskursni qayta ko'rib chiqishga o'tdi.
XX asr oxiridan boshlab, ayniqsa Sovet Ittifoqi qulagandan keyin, Rossiyada islomshunoslik yangi rivojlanish impulsini oldi. Islomni din sifatida, shuningdek, ijtimoiy-madaniy va tarixiy fenomen sifatida o'rganishga qiziqish ortdi. Islom va arab-musulmon dunyosiga bag'ishlangan nashrlar va tadqiqotlar soni ko'paydi, bu maqolani XIX-XX asrlarda Rossiya arab-musulmon madaniyati manbashunosligi muammosini qisman ko'rib chiqish va hal qilish uchun dolzarb qiladi. XIX-XX asrlarda Rossiya ilmiy institutlari va islomshunoslari tomonidan arab-musulmon madaniyati muammosining yoritilishi ushbu mavzuni o'rganish va Rossiya musulmon aholisi haqidagi ilmiy bilimlarni kengaytirishda muhim rol o'ynadi. Shuni ta'kidlash kerakki, ushbu davrning tarixiy tadqiqotlari arab-musulmon madaniyatiga nisbatan mafkuraviy bo'shliq bilan tavsiflangan.
Manbalar shuni ko'rsatadiki, Sovet Ittifoqi rahbariyati va unga aloqador kuchlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan hukmron kommunistik mafkura madaniy va diniy jihatlarga bevosita ta'sir ko'rsatgan. Bu Rossiyadagi musulmon jamoasining tarixini va madaniyatini chuqurroq tushunishga yordam berdi, Ignatenko A.A., Novoseltsev A.P., Fil'shtinskiy I.M., Prozorov S.V., Bartold V.V., Frolova E.A., Shidfar B.Ya., Markov L.A., Naumkin V.V. va boshqa tarixshunoslar esa ilmiy ishlari orqali rus arab-musulmon madaniyati manbashunosliginig yaqqol namoyondalari hisoblanadi.
Ushbu maqolada XIX asr oxiri – XX asrning o‘rtalariga qadar rus institutlari va olimlari tomonidan arab-musulmon madaniyatining o‘rganilishi masalalari tadqiq etilgan.
44-512952518-07-2026 -
MOVAROUNNAHR ULAMOLARINING ISLOM FANINI RIVOJLANISHIDAGI O‘RNI
Shukhrat YOVQOCHEV, Guzal KADIROVA (Muallif)Bugungi kunda Movarounnahr (Moverannahr) hududida yashab o‘tgan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish zamonaviy O‘zbekistonning o‘zini-o‘zi anglashi va shakllanishidagi asosiy bosqichlardan biri ekanligi barchamizga ma’lumdir. Ularning asarlari tarixiy, milliy va diniy ildizlarni anglash bilan birga, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga ham xizmat qiladi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish zarurki, ular, shuningdek, turli tahdidlar yuzaga kelgan yangi sharoitda diniy radikalizmga qarshi kurashish uchun ajoyib faktik va amaliy material bo‘lib xizmat qiladi.
Maqolaning maqsadi – Movarounnahrning buyuk ilmiy aql-zakovati merosi naqadar boy va qimmatli ekanini, undan ham islom ilmlarini o‘rganishda, ham zamonaviy tahdidlarga adekvat javob sifatida foydalanish, shuningdek, islom ilmining shakllanishi va rivojlanishida Movarounnahr allomalarining o‘rnini aniqlashdan iboratdir. Mazkur tadqiqotda birlamchi manbalardan ham, XX-XXI-asr boshlari olimlarining tadqiqotlaridan ham keng foydalanilgan.
Ushbu maqolaning metodik asosi sifatida tarixiy va qiyosiy tahlillar va materiallarni xronologik tizimlashtirish olingan. Maqolaning asosiy natijasi va xulosalaridan biri shundaki, u Movarounnahr ulamo va zohidlarining islom dinining mintaqada yoyilishi va rivojlanishidagi ishlari va erishgan yutuqlari dahosi va serqirraligini haqiqatda yana bir bor namoyon etadi. Shu bilan birga, maqolada mualliflar tasviriy san’at, she’riyat, hunarmandchilik va musiqa san’atining Movarounnahr aholisining islom madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatishga harakat qilingan.
Asosiy ishlar va ularning qisqacha tavsifi haqida ham ma’lumot berilgan. Maqolada o‘rta asr madaniyat arboblarining bugungi kundagi faoliyatini tahlil qilingan. Maqolaning oxirida umumiy xulosalar berilgan. Ushbu qisqacha maqolada faqat asrlar davomida jahon va islom madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan eng ko‘zga ko‘ringan iste’dod va daholar haqida ma’lumot berilgan.
4-182922318-09-2026 -
FIQHIY MAZHABLARDA OHOD XABARNING HUJJAT SIFATIDAGI O‘RNI
Nigora Alisherovna KHAKIMOVA, Soliha Obidjon qizi YODGOROVA (Muallif)Mazkur maqolada ohod xabar tushunchasi va uning fiqhiy mazhablarda hujjat sifatidagi o‘rni va uni qabul qilishdagi metodologik mezonlar ilmiy-nazariy jihatdan keng qamrovli tahlil qilingan. Ohod xabar (xabar al-vohid) islom huquqi manbalari tizimida zonniy (ehtimoliy) dalil sifatida baholanishiga qaramay, amaliy-shar’iy hukmlarni chiqarishda muhim o‘rin egallashi ilmiy asoslab berilgan. Tadqiqotda hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhablarining ohod xabarni qabul qilish mezonlari va metodologik yondashuvlari qiyosiy tahlil qilingan. Ohod xabarni qabul qilishning beshta ittifoq qilingan sharti (roviyning musulmon, oqil, adolatli, rostgo‘y va zabt sohibi bo‘lishi) hamda hanafiy va molikiylarning qo‘shimcha talablari batafsil yoritilgan. Molikiylar Madina ahli amaliyotiga (amal ahli Madina) zid bo‘lgan xabarlarni rad etgan bo‘lsalar, hanafiylar xabarning umum al-balvo (har bir musulmonga tegishli masala bo‘lib uning hukmini bilishga butun jamiyat muhtoj bo‘lishi) doirasida bo‘lmasligi, roviyning faqih bo‘lishi, rivoyatning qat’iy sobit bo‘lgan shar’iy asoslarga zid bo‘lmasligi kabi qo‘shimcha shartlarni ilgari surganlar. Shofeiy va hanbaliy mazhablari esa sahih isnodni asosiy shart deb bilgan holda, ohod xabarni nisbatan kengroq doirada qabul qilganlar.
Shuningdek, maqolada ahli ra’y va ahli hadis maktablari o‘rtasidagi metodologik farqlar atroflicha yoritilgan. Ohod xabarning qiyos bilan o‘zaro munosabati, xususan, hanafiy mazhabida Karxiy va Dabusiy o‘rtasidagi roviy faqihligi haqidagi nazariy ixtiloflar tahlil qilingan. Tadqiqot davomida, mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarning hadisni inkor etishdan emas, balki uni talqin qilish va huquqiy dalil sifatida qo‘llashdagi yondashuvlardan kelib chiqqani asoslab berilgan.
Natijada, ohod xabar islom huquqi manbalari tizimida muhim dalil sifatida o‘z o‘rniga ega ekani va mazhabdagi tafovutlar fiqhiy qarashlarning boyligini namoyon etishi xulosa qilingan.
17-222662324-07-2026 -
KIBERMAKONDA XRISTIANLIKKA OID DINIY JARAYONLARNI O‘RGANISHNING ILMIY ASOSLARI
Mohira ABDULLAYEVA, Ibrohim NIGʻMATULLAYEV (Muallif)Bugungi kunda internet tarmoqlari ijtimoiy turmush tarzining barcha sohalariga kirib bormoqda va foydalanuvchilarga katta imkoniyat yaratmoqda. Diniy jarayonlar raqamli texnologiyalarda namoyon bo‘lmoqda. Xristian diniy amaliyotlarining kibermakondagi transformatsiyasi jadal davom etmoqda. Xristianlik amaliyotlari onlayn ko‘rinishga olib chiqilmoqda. Mazkur holatlarni diniy amaliyotlar, ya’ni muayyan ibodat va diniy marosimlarni bajarishda kuzatish mumkin. Cherkov amaliyotlarining kibermakonga transformatsiyasi kundan kunga rivojlanib bormoqda.
Xristianlikning internetga dastlab kirib kelgan oqimlaridan biri – protestantlik hisoblanadi. Protestantlik oqimlaridan biri bo‘lgan presviterianlikda diniy amaliyotlarning kibermakonga oʻtishi yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Kibermakonda protestantlik oqimlaridan biri bo‘lgan presviterianlik amaliyotlarining o‘ziga xos tomonlari, afzalligi, kamchiligi, sodir boʻlayotgan xristianlik bilan bog‘liq diniy jarayonlarning namoyon boʻlish xususiyatlarini ilmiy asoslangan holda tahlil qilish mavzuning dolzarbligini keltirib chiqaradi.
Ushbu maqolada “internet cherkov”, “onlayn cherkov”, “kibercherkov” yoki “raqamli (elektron) cherkov” kabi tushunchalar va ularning o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari, rivojlanish tendensiyalari haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Shuningdek, maqolada kibermakonda xristianlikka oid diniy jarayonlarni o‘rganishning ilmiy asoslari yoritib berilgan. Shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borgan Adair Windham, G.Reyngold, J.Barna, H.Campbell, T.Hutchings kabi olimlarning fikrlari tahlil qilingan, ularning kibermakonda xristianlikka oid diniy jarayonlarni o‘rganishga oid fikrlari bayon qilingan. Diniy amaliyotlarni raqamli texnologiyalarda aks etishi sifatida onlayn ibodat, onlayn din shakllari, diniy ma’lumotlarni onlayn to‘plash, onlayn ibodat va marosimlar, onlayn ishga qabul qilish va missionerlik, onlayn diniy hamjamiyat, din va internet bo‘yicha tadqiqotlar, onlayn din tadqiqotlarining umumiy mavzulari, onlayn diniy jamoa, diniy urf-odatlar xususidagi ma’lumotlar va olimlarning qarashlari tahlil qilingan. Shu bilan birga, maqolada onlayn ibodatni o‘rganish, raqamli yevangelizm (xushxabar) va uning shakllari, onlayn jamoat, raqamli nashrlar va elektron adabiyotlar, ilovalar va o‘yinlarga qaratilgan tadqiqotlarga oid ma’lumotlar berilgan.
55-612011816-07-2026 -
ТАЛАБАЛАРДА ДИНИЙ МАЗМУНДАГИ АХБОРОТЛАРНИ ИДРОК ЭТИШГА РАЦИОНАЛ ЁНДАШУВ КЎНИКМАЛАРИНИ ШАКЛЛАНТИРИШ
Zebo KASIMOVA (Muallif)Ушбу мақолада талабаларда диний мазмундаги ахборотларни идрок этишга нисбатан рационал ёндашув кўникмасини шакллантириш ижтимоий психология, хусусан, дин психологияси соҳасида долзарб аҳамият касб этиши илмий-назарий жиҳатдан асослаб берилган. Мақолада кўтарилган муаммо муаллифнинг диссертацион тадқиқот мақсадидан келиб чиққан ҳолда таҳлил этилган.
Инсоният ахборот оқими тобора тезлашиб бораётган, аҳоли кайфиятини, руҳиятини, мақсад ва интилишларини, қолаверса, бутун тафаккур тарзини ўзгартиришга қодир бўлган ахборот технологияси вужудга келган бир даврда яшамоқда. Ахборот асрида жаҳон ҳамжамияти билан тобора интеграллашиб бораётган Ўзбекистонда ҳам бошқа мамлакатлар қатори бугунги кунда ахборот тўплаш, тарқатиш ва уни тасарруф қилиш жараёни жадаллашиб бормоқда.
Интернет, телевидение, радио, видео, телефон алоқалари ва шу кабиларнинг ривожланиши ёшлар маънавий дунёсининг илмий, ақлий, ҳиссий, руҳий, ахлоқий, мафкуравий, сиёсий, иқтисодий, ҳуқуқий, экологик, эстетик, бадиий, диний каби кўп қиррали таркибий қисмларига доимий таъсир этиш воситаларига айланди.
Айрим кучларнинг саъй-ҳаракатлари билан ахборот ҳарбий снарядга, оммавий ахборот воситалари эса тажовуз қуролига айлантирилмоқда. Гарчи ахборот дайди ўқ сингари инсонни жисмонан йўқ қила олмаса-да, унинг қўпорувчилик кучи, келтирадиган зарари ҳар қандай оммавий қирғин қуролидан кам эмас. Чунки бу қурол ёрдамида онгга берилган зарбалар кишини адаштиради, уни ўз манфаатига зид ҳаракат қилишга ундайди, демак, инсонни бошқариш, унинг устидан ҳукмронлик қилиш яъни руҳий манипуляция қилиш имконини беради. Бу қурол ахборот хуружидир. Бундай қурол ёрдамида олиб бориладиган ахборот урушида инсон онги, миллат руҳияти нишонга олинади. Бу урушда бинолар зарар кўрмаса, одамлар ўлдирилмаса, моддий бойликларга шикаст етмаса-да, унинг мафкуравий, маънавий, руҳий зарари ҳар қандай ядровий уруш зараридан ҳам кучли.
Ислом дини бузғунчиликни, одамлар қалбига ваҳима, душманлик ва фитна уруғларини сочишни қаттиқ қоралайди. Маълумки, сўнгги йилларда динни ниқоб қилиб олган оқимлар, тоифалар пайдо бўлди. Улар ғаразли мақсадлари йўлида жамиятда бузғунчилик, бегуноҳ одамлар онгини чалғитиш, уларнинг онг ости қатламларига алдов йўллари билан психологик манипуляцион таъсир кўрсатиш каби ҳаракатларни авж олдириб, фуқаролар тинчлигини бузиб, халқ орасида низо чиқаришга ҳаракат қилишмоқда.
Ушбу мақолада муаллиф диний мазмундаги ахборотларни идрок этишга талабаларда рационал ёндашув ва соғлом муносабатни қарор топтириш, уларда ижтимоий тармоқлар орқали қабул қилинаётган ахборотларни саралаш кўникмаларини ривожлантиришга йўналтирилган методик тавсиялари келтирилган.
92-1011971817-07-2026 -
ҒАРБ МАМЛАКАТЛАРИДА РАДИКАЛИЗМ ВА ЭКСТРЕМИЗМГА ҚАРШИ КУРАШ ВА УНДА ИСЛОМ ТАШКИЛОТЛАРИНИНГ ЎРНИ
Utkir M. HASANBAEV (Muallif)Мақола Ғарб мамлакатларида радикаллашув
ва экстремизмга қарши кураш ҳамда маҳаллий ислом ташкилотларининг мазкур йўналишдаги фаолиятини тадқиқ этишга бағишланган.
Мавзунинг долзарблиги бугунги кунда Марказий Осиё республикалари, хусусан Ўзбекистон ҳам юқоридаги таҳдидларга дуч келаётгани ҳамда илғор хорижий тажрибани ўрганишга эҳтиёж мавжуд экани билан белгиланади.
Мақолада тарихийлик усули, таркибий ва тизимли ёндашув ҳамда дедукция, синтез каби мантиқий таомилларни ҳисобга олган ҳода умумий илмий усуллардан фойдаланилган.
Европадаги ёш мусулмонларнинг радикаллашуви муаммоси 2010-йилларнинг ўртасида Сурия ва Ироқдаги террорчилик ташкилотлари сафига келиб қўшилаётган хорижлик жангариларнинг сони кескин ортган вақтда айниқса кескин тус олган.
Европа Иттифоқида амалга ошириб келинган мультикультуризм сиёсати ўзини оқламаган. Европа шаҳарларидаги “мусулмон квартал”лар зўравонлик экстремизми ривожланиши учун қулай ижтимоий муҳитга айланган.
Ижтимоий сўровлар ва тадқиқотлар Буюк Британия, Германия
ва Франция каби Европанинг етакчи давлатларининг фуқаролари дин ниқобидаги эстремизм муаммосидан жиддий ташвишда эканини кўрсатади.
Германия ва Франция каби мамлакатларнинг таълим муассасалари, айниқса, мактабларда талаба ва ўқувчи ёшлар орасида диний мутаассиблик ва экстремизм ғоялари чуқур илдиз отиб бормоқда.
2010–йилларда Европанинг қатор мамлакатларида террорчилик ҳаракатлари содир этилгандан сўнг, миллий ҳукуматлар томонидан радикаллашув ва зўравонлик экстремизмига қарши ижтимоий лойиҳалар ишлаб чиқиш ва амалиётга киритиш йўналишида изчил фаолиятни бошланганлар.
Европа мамлакатларидаги радикаллашувга қарши курашга ба-ишланган дастурлар асосий йўналишлар сифатида мусулмон диаспораларини маҳаллий жамиятга тўлиқ интегерация қилиш, хусусан “мусулмон анклавлари” билан боғлиқ ижтимоий муаммоларни ҳал этиш, ушбу соҳадаги миллий қонунчиликни такомиллаштиришни кўзда тутади.
Мазкур дастурларга кўпроқ давлат идоралари, маҳаллий ҳокимият ва нодавлат нотижорат ташкилотлари вакилларини жалб қилинади.
Европадаги ислом ташкилотлари турли уюшмаларга бирлашгани, ягона марказлашган бошқарув тузилмасига эга эмаслиги, диний мутаассиблик ва экстремизмга нисбатан ягона муносабат шаклланмагани, шунингдек, мусулмонларнинг кенг оммаси орасида обрў-эътиборга эга уламолар ва зарур кўникмаларга эга мутахассисларнинг танқислиги сабабли зўравонлик экстремизмига қарши курашда катта самара кўрсата олаётгани йўқ.
Мақолада Ғарб мамлакатларида радикаллашув ва экстремизмга қарши курашда ислом ташкилотларининг ўрни тадқиқ этилган.
57-681351917-07-2026 -
GERMANIYA VEB-SAYTLARINING DINIY MEDIAKONTENLARINI AUDIO HAMDA VIDEO FORMATDAGI MAVZULARI TAHLILI
Shahzoda ABDURAIMOVA (Muallif)Yurtimizda konfessiyalar o‘rtasidagi bag’rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda diniy tolerantlikni ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu borada aytishimiz mumkinki, dinlarning kibermakondagi, virtual hayotdagi o’rnini ham tahlil qilish, o’rganish nafaqat dinshunoslikda balki jamiyatni tinch-totuv yashashini ta’minlash nuqtai nazaridan ham dolzarb masala hisoblanadi.
Germaniya veb-saytlaridagi diniy mediakontentni tadqiq etishning amaliy ahamiyati rivojlangan, dunyoviy davlatlarda diniy ma’lumotlar saytlar orqali qanday tarqatilishi, har bir dinning o’zi yashab turgan joydagi barcha dindor hamda dindor bo’lmagan vakillarini hurmat qilgan holda o’z e’tiqodini qanday targ’ib qilishlarini yoritib berilishida namoyon bo‘ladi.
Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlar nazariy, tarixiy va qiyoslash singari metodlar yordamida ochib berilgan.
Virtual olamdagi axborotlarni, ayniqsa, diniy ma’lumotlarni tahlil qilish mushkul vazifalardan biridir, chunki veb-makondagi axborotning cheki yo’q, ularning mavzulari ham turli xil. Shu sababdan zamonaviy dinshunoslar kibermakondagi dinni, diniy materiallarni tarqalish jarayonlarini turli yondashuvlar bilan o‘rgandilar: raqamli, tarixiy, antropologik kabi yondashuvlar shular jumlasidandir.
Ushbu maqolada diniy mediakontentning video va audio formatlari tarixiy, qiyosiy,raqamli, fenomenologik yondashuvlar orqali tahlil qilinib,nemis veb-saytlarining ko‘p qirrali manzarasi yoritib berilgan. Shu bilanbirqatorda mavjud kontent turlari, ularning shaxslar va jamoalarga ta'siri ko’rib chiqilgan. Audio va video formatlarning texnik, statistik jihatlarini o'rgangan holda, ushbu tadqiqot nemis jamiyatida diniy ommaviy axborot vositalarining roli haqida qimmatli fikrlarni taqdim etadi.
Kibermakondagi dinni o’rganishda Germaniya tajribasini ko’rib chiqish ayniqsa muhim, chunki Germaniya diniy bag'rikenglikning boy tarixiga ega dunyoviy davlatdir. Qolaversa, turli millat va din vakillari o’z hamda o’zgalar qadriyatlarini hurmat qilgan holda bir necha asrlardan beri tinch-totuv yashab kelmoqda. Maqola diniy ommaviy axborot vositalaridan dialogni rivojlantirish, bag’rikenglikni targ'ib qilish va yanada inklyuziv jamiyatga hissa qo'shish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak ekanligini ochishga qaratilgan.
73-773122620-07-2026 -
ОИЛАВИЙ МУНОСАБАТЛАР: МИЛЛИЙ ВА УМУМИНСОНИЙ МУРОСА ТАМОЙИЛЛАРИ
Matlyuba QAHHOROVA, Mirolim TASHMURODOV (Muallif)Ушбу мақолада бугунги шиддатли ижтимоий жараёнларда инсонларнинг ўзаро муносабатларида асосий омил сифатида “муроса” тушунчаси ўта муҳим воқеликка айланаётганлиги изоҳланган. Миллий, этник ва халқаро муносабатларнинг янги мазмун касб этиши, дунёнинг турли бурчакларида турли кўринишлардаги жамиятнинг барча соҳаларидаги манфаатлар тўқнашувлари кўзга ташланиши, қийин вазиятга тушган одамларнинг ҳимоясини таъминлаш, уларнинг инсонийлик шарафини сақлаб қолиш, айнан муросаю мадора масаласи билан боғлиқлиги уни фалсафа фани нуқтаи назаридан ҳам долзарблигини белгилаб бериши келтирилган. Замонавий луғатларда ҳамда Европада “муроса” сўзининг синоними сифатида “компромисс” атамаси ҳам қўлланилишига тўхталиб ўтилган.
Ушбу мақола муросанинг ижтимоий тамойиллари асосини миллий ва умуминсоний тамойиллар асосига қурилганлиги ва оилада муроса муносабатларини мустаҳкамлашга хизмат қиладиган амалий материал бўлиб хизмат қилади. Методик асос сифатида тарихий ва қиёсий таҳлиллар ва хорижий тажриба материаллари тизимлаштириб олинган бўлиб, бугун инсоният тараққиёти шундай бир тарихий босқичга қадам қўйдики, энди ҳеч бир халқ, миллат, давлат, ўзаро алоқага, кенг интегрaцияга киришмай, муроса тамойилларига амал қилмасдан умумжаҳон тараққиётига ўзининг ҳиссасини қўшмай, глобал муаммоларни ҳал этишда қатнашмай ҳамда умуминсоний нормалардан, бойликлардан, ютуқлардан, қадриятлардан фойдаланмай ривожлана олмаслиги фактик далиллар келтирилган.
Оилавий муносабатларда ижтимоий аҳамиятга эга “муроса” тамойиллари ўзининг қандай имманент (илдиз ёки ўзак) хусусиятларига эга? Ўзбек оиласи нисбатан қандай белгилари билан бошқа ижтимоий муносабатлардан ажралиб туради ёки улар билан интегрaцияга киришади? Улар ижтимоий детерминизм қонунларига бўйсунадими ёки мутлақ мустақил воқеликларми? Улардаги миллий ва умуминсоний белгилар оила институти ҳаётига қандай ва нималар орқали таъсир этади? Уларни ўлчаш имкони ва механизмлари борми? Тан олишимиз керакки, мазкур саволларнинг барчасига қониқарли жавоб бериш қийин, чунки бу масалалар ижтимоий фалсафада, оилашуносликда кун тартибига қўйилмаган, ҳали муҳокама қилинмаган.
Мазкур мақолада тўпланган манбалар ва эмпирик тадқиқот материалларга таяниб, муаллифлар томонидан юқоридаги саволларга асосли жавоблар илмий асосланиб, оилавий муосабатларда муросанинг янги қирралари тадқиқ этилган.
69-772002218-07-2026 -
ҚУРЪОНИ КАРИМДА ЗИКР ҚИЛИНГАН ҲАЙВОНЛАР БОРАСИДА
Doniyor MURATOV (Muallif)Ушбу мақоланинг мақсади Қуръони каримда зикр қилинган ҳайвонларни ўрганиш, уларнинг оятларда эслатилиш ўринлари, бирор қиссани зикр қилишда ва масаллар келтиришда, уларнинг таъсирли чиқишида ҳайвонлар образларидан фойдаланиш услубларини ва ўзига хос жиҳатлари тадқиқ қилишдан иборат. Мақолада инсон фаолияти бевосита ҳайвонот олами билан боғлиқ экани қайд қилинган Қуръон оятларининг сабаб ва мақсадлари таҳлил қилинган. Шу билан бирга оятларда зикр қилинган ҳайвонлар номларининг ифода этиш учун араб тилида ишлатилган сўзлар ва синонимлари ҳам ўрганилган ва тадқиқ этилган.
Араб манбаларида барча тирик мавжудот борки, ҳаммаси ҳайвон дейилиши деб айтиб ўтилган. Зеро, ҳайвон сўзи араб тилида тириклик маъносидан олинган. Ҳар бир нарсаки, унда ҳаёт бўлса, у ҳаракатдадир, яъни ҳаёт бу ҳаракат, ҳаракат бу тириклик демак. Шунингдек, ҳайвонлар инсонлар каби уммат экани ҳам Қуръонда эслатилган бўлиб, улар 140 дан ортиқ оятда тилга олинган. Ушбу мақолада масаланинг мазкур жиҳатлари ҳам тадқиқ қилинган.
Чунончи Қуръони каримда ҳайвонлар турли вазифаларни бажарганини кўриш мумкин. Масалан, ҳудҳуд Сулаймон (а.с.)нинг хизматида бўлган ва бу билан у бош ролда зикр қилинган. Намл сурасида бу қуш Сулаймон пайғамбарнинг хизматчиси сифатида келган. Пайғамбарларнинг мўъжиза кўрсатишида ҳам ҳайвонлар билан боғлиқ ўринлар ўрганилган. Оли Имрон сурасида, ҳайвонлар одамлар учун бойлик ҳамда фойдаланиладиган воситалиги Қуръон оятларида учрайди.Қуръонда баъзи ҳайвонлар мусулмонларга ҳаром қилингани борасидаги оятлар таҳлил этилган. Ҳайвонларнинг гўштини истемол қилиш ва қилмаслик уқтаи назардан, яъни фиқҳий томондан ҳам ўрганиш зарур.
Мақолада ўзбек тилида фаолият олиб борган муфассирларнинг тафсирларида ҳайвонларга оид арабча сўзларни ўзбек тилига таржималари қиёсий таҳлил қилинган. Масалан, туянинг ёши, жинси ва бошқа шу каби жиҳатларини ифодалаш учун араб тилида қатор иноним сўзлар ишлатилади, ва бу ҳолат Қуръонда ҳам ўз аксини топган. Туя маъносини ифодалаш учун Қуръонда ибил, баийр, ноқа, баҳира, соиба каби сўзлардан фойдаланилган.
Хулосада эса, Қуръонда зикр қилиб ўтилган ҳайвонлар ва уларнинг образларининг тадқиқ этиш аҳамиятига доир муаммолар очиб берилган.
26 - 35471804-07-2026 -
ABU YUSUF – BUYUK FAQIH
Dr Abduqahhor (Muallif)Аbu Yusuf VIII asrning so‘nggi choragida yashagan islom olamidagi eng muhim shaxslaridan biridir. U islom ilm-fani ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan mujtahid olim sifatida fiqh ilmi maktablaridan biri bo‘lgan hanafiylik mazhabining nazariy asoslarining shakllanishida beqiyos o’ringa ega.
Ushbu maqolada Аbu Yusuf yashagan davrdagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy muhit, ilmiy-ma’naviy holat, uning tavalludi va nasl-nasabi, yoshligi, hayoti-faoliyati va ilmiy merosi, kimlardan qanday talim olganligi, shogirdlari, qozilik davri va ayrim fiqhiy qarashlari tadqiq etilgan.
Abu Yusuf hanafiylik mazhabida Abu Hanifadan keyingi hurmatga sazovor shaxs bo‘lgan va mazhabning usulini belgilovchi juda muhim faqihdir. Afsuski, Abbosiylar davlatida bosh qozi bo‘lib ishlagan, ayni paytda mazhab uslubini bevosita tatbiq etgan va uni qo‘llashning ilk namunalarini ko‘rsatgan Abu Yusuf haqida mamlakatimizda ko‘p tadqiqotlar olib borilmaganini ko‘rishimiz mumkin.
Yurtimiz musulmonlarining aksariyati hanafiy mazhabiga mansub ekanini hisobga olsak, hanafiy mazhabini keng targ‘ib qilgan imom Abu Yusufning ilmiy merosi va uning fiqh ilmini chuqur bilishi muhim sanaladi. Abu Yusuf nafaqat Abu Hanifaning eng zabardast shogirdi edi, balki u Abu Hanifa usulini amaliy hayotga tatbiq qiluvchi mazhab nazariyotchisi hamdir. U islom olamida ulkan davlat bo‘lgan Abbosiylar xalifaligi davrida bosh qozi sifatida davlat boshqaruv tizimida faoliyat yuritgan. U 100 ga yaqin shogirdlarni yetishtirgan. Abu Yusufning mana shunday yuksak fazilatlari uning ilmiy merosini har tomonlama tadqiq etishni talab qiladi. Biroq uni bir maqola doirasida har tomonlama ochib berishning iloji yo‘q. Shu bois maqolada u zotning hayoti, ijodi va fiqhiy qarashlari tadqiq etiladi.
47-562632617-07-2026 -
XRISTIAN TARIXCHILARINING CHERKOV TARIXI DAVRLANISHI BORASIDAGI YONDASHUVLARI
Nozimakhon AGZAMOVA (Muallif)Yurtimizda konfessiyalar o‘rtasidagi bag’rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda diniy tolerantlikni ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu borada aytishimiz mumkinki, xristianlik tarixini o‘rganish qator fanlar doirasida, jumladan, dinshunoslikda, tarixshunoslikda dolzarb masala hisoblanadi. Xristian jamoalari tarixini tadqiq etishning amaliy ahamiyati aholi orasida noislomiy diniy yo‘nalishlar faoliyatiga doir maʼlumotlarning chegaralanganligi sababli, ularning tuzilishi, faoliyat doirasi hamda urf-odatlari bir xil emasligining yoritib berilishida namoyon bo‘ladi. Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlar nazariy, tarixiy va qiyoslash singari metodlar yordamida ochib berilgan. Tarixni davrlashtirish murakkab vazifalardan biridir, chunki davrlarni hisoblash uchun ularning boshlang‘ich nuqtalarini topish juda qiyin. Tarixchilar xristian cherkovi tarixining boshlanishini turli yondashuvlar bilan o‘rgandilar. Xristianlik tarixida uchta yirik davrni ajratish tabiiydir: ilk xristianlik davri, o‘rta asrlar va yangi xristianlik davridir. Xristianlik tarixi nafaqat siyosiy voqealar, ya’ni xristianlarning ma’lum bir guruhida hokimiyatning o‘zgarishi: papalar yoki butunjahon patriarxlar tarixi, dunyoviy hokimiyat bilan to‘qnashuvlar, balki teologik qarashlar, ta’limotlar tarixi va rivojlanishini o‘z ichiga oladi. Xristianlik uchun diniy ta’limotdan tashqari, liturgiya, marosimlar tarixi, xristian dindorlari axloqi va xulq-atvori ham katta ahamiyatga ega. Shuningdek, u har bir davr ichida umumiy tarixiy jarayonning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Axloq va xulq-atvor haqida so‘z borganda, xristian madaniyati tarixini, uning o‘ziga xos tomonlarini: musiqa, tasviriy san’at, adabiyot va me’morchilikni esga olishimiz kerak. Bularning barchasini xristianning hayotidan ajratib bo‘lmaydi. Cherkov tarixini o‘rgangan xristianlikning turli yo‘nalishlariga oid tarixchilar o‘ziga xos yondashuvlari bilan davrlanishning yangi qirralarini ochib berishgan. Ulardan Nestor, Yevseviy Kesariyskiy, Lukskiy Bartolomey, Rufim Akvileyskiy, Grigoriy Turskiy, Beda Dostopochtimiy, Flatsiy Illirik, Baroniy, Lebedev, Filaret Chernigorskiy, V.V.Bolotov, R.Rote, G.Gasse, Möhler, Zöckler, Kurts, Mitropolit Filaret, S.V.Sannikovlar yondashuvlari qiyosiy tahlil qilindi.
65-712522517-07-2026 -
IBN HAZM ANDALUSIY “AL-FISOL FIL-MILAL VAL-AHVA VAN-NIHAL” ASARINING QIYOSIY DINSHUNOSLIK SOHASIDAGI AHAMIYATI
Saidumarxon BURGUTXONOV (Muallif)Dinshunoslik fani insoniyatning madaniy, maʼrifiy, fikriy tarixini o‘z ichiga olgan gumanitar fanlar qatoriga kiradi. Bu fanning yirik tarmog‘i hisoblangan qiyosiy dinshunoslik sohasi ham nafaqat G‘arbda, balki, o‘rta asr musulmon Sharqida ham alohida o‘rganilgan. Qiyosiy dinshunoslikning ilk asoschilari ham aynan musulmon olimlari hisoblanadi. Ular qatoriga Beruniy, Ibn Hazm, Shahristoniy, Kalbiy kabi bir qator olimlarni kiritish mumkin. Xususan, Ibn Hazm Andalusiy ham ilk bor dinlarni qiyosiy o‘rgangan musulmon olimlardan biri hisoblanadi. Beruniy va Ibn Hazm islom renessansi davrining yirik namoyondalaridan bo‘lib, ularning qiyosiy dinshunoslik sohasi bo‘yicha yozib qoldirgan asarlari soha rivojida muhim ahamiyatga ega. Bu ikki qomusiy olimni dinshunoslar “Qiyosiy dinshunoslik sohasining otalari” deya e’tirof etishadi. Ular yozib qoldirgan asarlar hozirgi kunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan va qiyosiy dinshunoslik sohasi tadqiqotchilari uchun asosiy manbalar bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu maqolada musulmon olamida qiyosiy dinshunoslik sohasining asoschilaridan biri hisoblangan Ibn Hazm Andalusiy hayoti, u yashagan davrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat va diniy muhit, shuningdek, olimning ilmiy merosi, uning bizgacha yetib kelgan asarlari, bir qator islomshunos va dinshunos olimlarning Ibn Hazm Andalusiy ilmiy merosiga munosabatlari, xususan, uning qalamiga mansub “al-Fisol fil-milal val-ahva van-nihal” asarining yozilish tarixi, asarda firqalar tasnifi va bu asarning dinlar va ulardagi firqalar tarixiga oid manbalar orasida tutgan oʻrni haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Ibn Hazm Andalusiyning “al-Fisol fil-milal val-ahva van-nihal” asari Sharq qiyosiy dinshunosligiga oid ilk manbalardan biri hisoblanadi. Bu asar milal va nihal janrida yozilgan asarlar qatoriga kiradi. Asarda yakkaxudolik va ko‘pxudolik dinlari ta’limotlari, ulardagi firqalar, oqim va yo‘nalishlar haqida ma’lumotlar berilgan. Turli dinlardagi ta’limotlar o‘zaro qiyosiy tahlil qilinib, farqli va o‘ziga xos jihatlari o‘rganilgan. Muallif dinlar ta’limotlarini bayon qilishda tanqidiy tahlil va ob’yektiv munosabat bildirgan holda yondashgan. Shuningdek, asarda yahudiylik, xristianlik va islom dinlari ta’limotlari qiyoslanib, ushbu dinlar doirasida bo‘linish va firqalarning yuzaga kelish tarixi, har bir firqaning qarash va ta’limotlari, ular keltirgan dalillar batafsil bayon qilingan.
41-482261823-07-2026 -
ДИНИЙ МАВЗУДАГИ МАТЕРИАЛЛАРНИНГ ЭКСПЕРТИЗАСИДА ИСЛОМ ИЛОҲИЁТИНИНГ РАЦИОНАЛИСТИК УСЛУБЛАРИНИ ҚЎЛЛАШ ИСТИҚБОЛЛАРИ
Gulchakhra TULEMETOVA (Muallif)Мақола замонавий диншунослик ва теология эксперт амалиётининг методологик жиҳатларига бағишланган. Бу соҳа миллий диншунослик учун нисбатан янги бўлгани сабабли диншунослик экспертизасининг методологияси, концептуал ва терминологик аппаратига оид кўплаб масалалар ҳали ишлаб чиқилмаган. Ўзбекистон норматив-ҳуқуқий ҳужжатларига унинг услубий базасини яратиш бўйича вазифалар ҳали киритилмаган. Жаҳон диншунослигида уни шакллантиришга уринишлар якунига етмаган ва диншунослик экспертизасини ўтказиш мақсадга мувофиқлиги тўғрисидаги мунозаралар доирасида унинг ўта зарурлигидан тортиб, диншунослик экспертизасини инкор этишгача бўлган турлича фикрлар тезкор аниқланиши зарур.
Ислом илоҳиёти рационалистик услубларининг тараққиёти тарихи ва диншунослик экспертизасини ўтказиш жараёнида диний мазмундаги материалларни ўрганишнинг замонавий амалиётини қиёсий таҳлил қилиш бир қатор муаммоларни аниқлаш имконини берди. Ушбу тадқиқот уларни ҳал этишга қаратилган.
Мақоланинг мақсади юқоридаги муаммоларнинг икки жиҳати: 1) диншунослик экспертизасининг тадқиқот босқичида “дунёвий ва диний билимларнинг ўзаро уйғунлиги” тамойилидан фойдаланиш; 2) диний мазмундаги материалларни диншунослик экспертизасидан ўтказишда фойдаланиш мақсадида ислом илоҳиётининг рационалистик услубларини ўрганиш билан боғлиқ услубий ва амалий масалаларни аниқлашдан иборат. Шунингдек, аниқ ечимлар таклиф этишни мақсад қилган.
Ўз олдига қўйилган вазифаларни ҳал этиш учун мақолада, биринчидан, Шарқ ва Ғарб шарқшунослари ҳамда исломшунос олимларнинг “дунёвий ва диний билимларнинг уйғунлиги” тамойилини қўллашни ҳисобга олган ҳолда, “илм”, “фан” ва “дин” тушунчаларига илмий ва теологик ёндашувлар нуқтаи назаридан таъриф бериш ҳақидаги фикрлари умумлаштирилган. Иккинчидан, каломнинг ўрта асрлардаги рационалистик услублари, Имом Бухорий асарларидаги ҳадислар ишончлилигини аниқлаш усуллари ҳам, замонавий нарратив услублар ҳам таҳлил қилинган; учинчидан, диншунослик экспертизасининг тадқиқот босқичида “дунёвий ва диний билимларнинг уйғунлиги” тамойилидан фойдаланиш амалиётига услубий баҳо берилган, экспертлар – диншунослар ва илоҳиётшуносларга услубий тавсиялар келтирилган.
Тадқиқотда исломий мазмундаги материаллар экспертизаси бўйича шахсий хулосаларнинг умумий диний контент тадқиқотларига мувофиқлигини исботлаш учун индукция усули қўлланилган. Бу ҳолатда мувофиқлик илмий услубнинг универсаллиги ва дунё динлари ҳақидаги хулосаларни қамраб олиши билан боғлиқ. Қиёсий ва контент-таҳлил, тарихийлик, тизимлилик, комплекс ёндашув усулларидан фойдаланилган.
Диншунослик ва илоҳиётшунослик ёндашувларининг комплекс таҳлили натижасида экспертлар – диншунослар ва илоҳиётшуносларга диний мазмундаги материалларни экспертизадан ўтказиш жараёнида ўз соҳасига хос тадқиқот тамойилларига амал қилиш имконини берувчи амалий тавсиялар таклиф этилмоқда.
27-401282123-07-2026 -
TEMURIYLAR DAVLATI TASHQI SIYOSATI ARAB MANBALARIDA: TEMURIYLAR VA MAMLUKLAR
Elyorbek TURDIMIRZAYEV (Muallif)Temuriylar davri bilan bog‘liq manbalarning ko‘pi fors tilida bo‘lishi bilan birgalikda arab manbalarida ham bu davr bo‘yicha muhim ma’lumotlar mavjud. Xususan, temuriylar va mamluklar o‘rtasidagi munosabatlar ham keng va ancha batafsil yoritilgan. Bu ishimizda ko‘proq arab tarixchilarining asarlariga tayandik. Shaxsan Amir Temur bilan uchrashgan yoki u bilan bir davrda yashagan arab tarixchilarining asarlaridan foydalandik.
Ma’lumki, XIV asr oxiri XV asr boshida Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Yaqin Sharq va Onado‘lida to‘rtta buyuk davlat bor edi. Bulardan birinchisi Movarunnahr va Eronda hukmron temuriylar, ikkinchisi Dashti Qipchoqda Oltin O‘rda xonligi, uchinchisi Misr va Suriyada mamluklar davlati, to‘rtinchisi Onado‘lida usmoniylar davlatidir.
Bizning tadqiqot mavzuyimiz temuriylar va mamluklar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar bo‘lishiga qaramasdan har ikki davlatga qo‘shni bo‘lgan va bevosita ular bilan diplomatik aloqada bo‘lgan davlatlarning munosabatlarini ham o‘rganishdan iborat.
Ushbu maqolada Amir Temur o‘zi tug‘ilib o‘sgan mintaqada hokimiyatni qo‘lga olib, uni mustahkamlagandan so‘ng, butun e’tiborini mamluk davlati hukmronligi ostida bo‘lgan Sharqiy Onado‘li va Suriya mintaqasiga qaratishi sabablarini o‘rganilgan.
Maqolada bu ikki davlatning o‘zaro aloqalari qachon boshlanganligi, bu davlatlar orasidagi munosabatlarni taranglashtirgan omillar, bu ikki davlatning bir-biriga qarshi tuzgan ittiqfoqchiliklar, elchilik aloqalari, o‘zaro maktub almashinuvlari va ular o‘rtasida sodir bo‘lgan harbiy harakatlar ochib berilgan. Bundan tashqari, bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlari va o‘zaro ilmiy faoliyatlari qanday bo‘lganligi tadqiq etilgan.
12-201722018-07-2026 -
МАДАНИЙ БАҒРИКЕНГЛИК - ЎЗАРО МАДАНИЯТЛАРАРО АЛОҚАЛАР ТАМОЙИЛИ СИФАТИДА (МАЛАЙЗИЯ МИСОЛИДА)
Gozal SHARIPOVA (Muallif)ХХ асрнинг 50-60-йилларидаги тарихий вазият мустамлакачилик тузумидан ички миллий давлатчилик шаклланиши бошланишигача бўлган давр билан тавсифланади ва замонавий жаҳон тараққиётининг энг муҳим омилига айланди, бу жараённинг ривожланишига имкон беради. Глобал интеграция янги кўп конфессиявий муҳитни шакллантириш зарурати турли диний дунёқараш тарафдорлари ўртасида муросасизликнинг кучайиши билан боғлиқ йўлларни излаш зарурлигини кўрсатди. Дунёнинг кўплаб кўп миллатли давлатларининг диний муросасизлик ва ксенофобиянинг турли кўринишларига дуч келган тарихий тажрибаси толерантлик масаласининг долзарблигини исботлайди. Шундай қилиб, турли фанларнинг замонавий лексикасига мустаҳкам ўрнашган «бағрикенглик» тушунчаси ва унинг мазмуни бир асрдан кўпроқ вақт давомида шаклланиб, ижтимоий, сиёсий ва мафкуравий ўзгаришлар билан боғлиқ ҳолда ўрганилди. Масалан, В. M. Золотухиннинг таъкидлашича, тарихнинг ҳар бир босқичида бағрикенглик ўзига хос тарзда кўрилган: таълим ва билим орқали эҳтиросларни жиловлаш (Suqrot); «олтин ўрталик”ка интилиш (Aristotel); абстиненция (Pirron); нажот ва тавба (Tertullian); азоб-уқубатларни енгиш (F.Akvinskiy); ҳамдардлик (D. Hume); раҳмдиллик (J.-J. Russo); умуминсоний бурч (I.Kant); умумбашарий тенглик ғояси (G. Spenser); ўзгаларга муносабатнинг ички созловчиси (J.-P. Sartr) (Zolotuxin V. M., 2001). Ушбу мақолада Малайзияда маданиятлараро бағрикенглик тамойиллари бўйича давлат сиёсати кўриб чиқилиб, таҳлил қилинган. Малайзияда яшовчи икки йирик этник гуруҳга асосланган Ҳинд ва Хитой диаспораси мисолида ўрганилган. Ўзлаштирилган маданиятнинг шаклланиш жараёни тадқиқ етилади. Тадқиқот давомида замонавий олимлар ва тадқиқотчиларнинг маданий иммиграция, Пенангда ўзлаштирилган маданиятлараро бағрикенглик, шунингдек, Рукунегра давлат мафкуравий дастури соҳасидаги тадқиқотларининг айрим жиҳатлари кўриб чиқилган ва таҳлил қилинган.
77-832341707-07-2026 -
БАЛОҒАТ ИЛМИДА ФИКР ИФОДАЛАШ ЙЎЛЛАРИ
Nigora MULLASODIQOVA, Kanagat ABDIRAMASHEVA (Muallif)Мақоланинг асосий мақсади – сўзловчи ўз фикрини ифодалашида қандай услублардан фойдаланиши мумкинлиги билан таништиришдир.
Фикр ифодалаш учун энг муҳим омил “гап” деб қаралади. Гапнинг асосини эса сўзлар ташкил қилган бўлиб, уларнинг гап таркибида қандай қўлланишига қараб фикр ифодалаш услублари ўзгариши кузатилади. Гап тузилиши аслида наҳв илмида ўрганилади, аммо улардан кутиладиган маънолар эса грамматиканинг мавзуси деб ҳисобланмайди, мазкур масала стилистика фани доирасида таҳлил қилинади. Гапларнинг стилистик қурилиши ва уларнинг мазмуни арабларда “балоғат илми” фанининг “маъоний илми” қисмида таҳлил қилинади. Яъни калом, унинг турлари, ўзаро фарқлари, фикр ифодалашда каломнинг аҳамияти, гап бўлакларини қўллашдаги ўзига хосликлар каби масалалар маъоний илмининг марказий масаласи деб ҳисобланади.
Маъоний илмида гапларнинг воқеъликни тўғри ёки ёлғон акс эттиришига, шунингдек, воқеъликда маълум ўзгаришлар бўлишини талаб қилиш ва қилмаслигига кўра тақсимланади. Уюшаётган гаплар боғловчи воситасида ёки мазмунга путур етказмасдан боғловчисиз боғланиш шартлари ҳам мазкур илм доирасида тадқиқ қилинади. Гап мавзусига боғлиқ муҳим масалалардан яна бири фикр ифодалаш услублари бўлиб, у маъоний илмининг сўнгги масаласи деб эътироф этилади. Маъоний илмида фикр ифодалашнинг уч йўли мавжуд, улар ийжоз, итноб ва мусава. Сўзловчи қўзлаган мақсадини тингловчининг ҳолатига қараб ифодалаши лозим. Агар у ўз фикрини қисқа ва лўнда қилиб ифодаламоқчи бўлса кам гап ва кам сўз қўллайди. Бу балоғат илми истилоҳида “ийжоз” деб номланади. Ҳудди шу каби мақсад батафсилликни талаб қилса сўзловчи кўп гап ва сўзларни қўллаши лозим, бу масала эса “итноб” мавзуси доирасида таҳлил қилинади. Сўзловчи мақсадини етказишда сўз ва маъно тенглилига риоя қилиб гап тузиши “мусава” услуби деб ҳисобланади.
Мазкур мақолада “балоғат илми”да фикр ифодалашнинг ўзига хос услублари ва уларнинг яширин сирлари батафсил таҳлил қилинган. Мақола қиёсий-тарихий, қиёсий-типологик, систем-структур, тавсифлаш каби усуллардан фойдаланиб ёзилган
42-482492518-09-2026 -
NAQSHBANDIYLIK TARIQATI NAMOYANDALARI (XV-XIX asrlar Zarafshon vohasi misolida)
Mekhrojiddin Uzbekovich AMONOV (Muallif)Maqolada XV-XIX asrlarda Zarafshon vohasi naqshbandiya tariqati namoyandalari tarixiga oid yozma manbalar tadqiq etilgan. Tariqatda faoliyat koʻrsatgan muayyan shayx-murshidning nasabi, ustozlari haqida, tugʻilgan yoki vafot etgan yili haqida aniq maʼlumot saqlangan. Bu maʼlumotlar manbalarda keltirilgan maʼlumotlarni bevosita toʻldiradi. Bu tariqatning mazkur hududda yetakchi tariqatga aylanishi XV-XIX asrlarda yashab oʻtgan tariqat peshvolari Xoja Alouddin Attor, Xoja Ahror Valiy, Maxdumi Aʼzam Dahbediy, Muhammad Husayn kabi tariqat namoyandalari nomi bilan bogʻliq. Afsuski, ularning hayoti va maʼnaviy merosi, naqshbandiya tariqatidagi faoliyati hanuzgacha alohida tadqiqot mavzusi sifatida toʻliq oʻrganilmagan.
Ushbu maqolada nashqbandiylik tariqat tarixida nomi hali hanuz yozma manbalarda qolayotgan Alouddin Muhammad Buxoriy, Domla Mir Shoh Samarqandiy, Abdurahmon bek, Aflotun Buxoriy, Domla Hakimbek Buxoriy, Muhammad Yusuf xoja va Muhammad Yunus xoja Vobkandiy, Ibrohim xoja Buxoriy, Eshon Shokir xoja Sugʻonchiy, Abdurahim xoja Ofarinkentiy kabi tariqat namoyandalari hayoti va faoliyatiga oid maʼlumotlar tadqiq etilgan. Naqshbandiya tariqatiga yozma manbalarni oʻrganish hanuzgacha nomaʼlum qator axloqiy, maʼnaviy va nazariy masalalarni ochiqlashga yordam beradi. Oʻzbekiston hududidagi turli tarixiy yozma manbalarda saqlanib kelayotgan bitiklar tarixiy manba sifatida oʻtmishning nomaʼlum jihatlarini ochib berib, islom tarixi va manbashunosligi, xronologiya kabi tarmoqlari uchun muhim materiallar taqdim etadi.
21-281262618-07-2026
