O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining «Islom tafakkuri» ilmiy jurnali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining tarix, islomshunoslik, falsafa va filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha eʼlon qilingan maqolalar inobatga olinuvchi nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Hajmiga ko‘ra, yil mobaynida ikki yuztaga yaqin maqola eʼlon qilinuvchi ushbu nashrning bitta sonida yigirma beshtagacha muallif o‘z maqolasi bilan ishtirok etishi mumkin.
“Islom tafakkuri” jurnali yilda to‘rt marta nashr etiladi.
Muhim sanalar, ahamiyatga molik tadbirlar munosabati bilan jurnalning maxsus soni yoki bir necha sonlari zarurat yuzasidan qo‘shma son sifatida chop etilishi mumkin.
“Islom tafakkuri” O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan ISSN 2181-9572 xalqaro standart seriya raqami bilan ro‘yxatga olingan.
“Islom tafakkuri”da “Islomshunoslik”, “Qurʼonshunoslik”, “Moziyga bir nazar”, “Islom huquqi”, “Tilshunoslik”, “Dinshunoslik”, “Millatlararo totuvlik”, “Falsafiy fanlar va psixologiya”, “Filologiya masalalari”, “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Axborot xavfsizligi”, “Iqtisod va ziyorat turizmi” va boshqa ruknlar mavjud.
Elektron shakli O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining rasmiy iiau.uz veb-saytida eʼlon qilinuvchi jurnalda taʼlim yoki ilmiy muassasa vakillari, mahalliy va xorijiy tashkilot mutaxassislari o‘z maqola nlari bilan ishtirok etishlari mumkin.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining rektori “Islom tafakkuri” Tahrir kengashining raisi hisoblanadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining Ilmiy kengashi Qaroriga asosan tashkil etilgan “Islom tafakkuri” jurnali mazmun-mundarijasini shakllantirib, kelib tushgan maqolalarni tahrir qiluvchi Tahrir hayʼati aʼzolari akademiyada yoki boshqa muassasalarda xizmat qiluvchi olimlar, ilmiy darajaga va unvonga ega mutaxassislar va muharrirlardan iborat. Tahrir hayʼatining bitta yoki bir nechta vakilining asosli eʼtiroziga ko‘ra jurnalga jo‘natilgan maqola nashr etilmasligi mumkin.
“Islom tafakkuri”da eʼlon qilingan maqolalar uchun mualliflarga qalam haqi to‘lanmaydi. Muallif uchun bepul nusxa ajratish ham ko‘zda tutilmagan.

